Skip to main content

O‘q otish sporti tarixi ming yillarga borib taqaladi. Qadim zamonlarda ham odamlar kamon va o‘q-yoy yordamida nishonga aniq urish bo‘yicha musobaqalashgan. O‘qotar qurollarning ixtiro qilinishi bilan o‘q otish o‘zgardi, yanada aniq va xilma-xil bo‘ldi. O‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Muxtasar Tohirova 7LADIES nashriga bergan intervyusida qanday qilib bu “erkakcha” sport turiga kelib qolgani va ushbu sport turining qizlar uchun afzalliklari haqida gapirib berdi hamda bu soha haqidagi keng tarqalgan afsonalarni yo‘qqa chiqardi.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

Muxtasar Tohirova

Muxtasar, nega aynan o‘q otish sportini tanlagansiz?

Bu sport turiga butunlay tasodif tufayli kirib qolganman. Namanganlik oilamiz, maktab o‘quvchisi ekanimda jismoniy tarbiya darsida o‘q otish sporti haqida ma’lumot berib, mashg‘ulotga taklif qilishdi. Birinchi bo‘lib opam qiziqib qoldi. Uning ortidan men ham ergashdim. Biroz vaqt o‘tgach, u mashg‘ulotlarga bormay qo‘ydi, men esa shunchalar qiziqib qoldimki, professional bo‘lishga qaror qildim. Toshkentga ko‘chib kelganimning sababi, bu yerda juda katta baza bor, rivojlanish istiqbollari ham katta.

■ Yaqinlaringiz tanlovingizga qanday munosabatda bo‘lishdi?

Yaqinlarim sevimli mashg‘ulotlarim bilan shug‘ullanishimga hech qachon qarshi bo‘lishmagan, ular meni doim qo‘llab-quvvatlashgan. Opam ikkimiz Toshkentdamiz, qolganlar Namanganda yashaydi. Qizlar 18 yoshda turmushga beriladigan mahallada tug‘ilib o‘sgan bo‘lsam ham, boshqa shaharga qo‘yib yuborishdan qo‘rqmagan ota-onamdan minnatdorman.

■ Birinchi muvaffaqiyatli musobaqalaringiz haqida gapirib bering.

2015-yilda O‘zbekiston chempionatida finalgacha chiqib, sakkizinchi o‘rinni egalladim. Men uchun bu haqiqiy yutuq bo‘ldi, chunki musobaqa kattalar o‘rtasida o‘tkazilgandi, men esa hali bola edim. Shu musobaqada mas’ullarning nazariga tushdim va ular meni terma jamoaga tanlab olishdi.

■ Musobaqalarda ko‘p qatnashasizmi? Chet elga tez-tez chiqib turasizmi?

O‘n bir yil davomida men Braziliya, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Ozarbayjon, Indoneziya, BAA va Xitoyda bo‘ldim. Yaqinda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan musobaqaga bordik, u yerda to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim.

Men har doim sayohatlarni o‘z ichiga olgan kasblarni yaxshi ko‘rganman (kuladi). Bolaligimda hayotimni jurnalistika bilan bog‘lashni, elchi yoki hatto uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman.

Qaysi musobaqalarni ko‘proq eslab turasiz?

Osiyo o‘yinlarini — sherigim bilan o‘shanda kumush medalni qo‘lga kiritgandik. Medal olsangiz, o‘sha musobaqalar eng esda qolarlisi bo‘ladi. Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida ham qatnashganman, u butunlay boshqa daraja edi. Afsuski, finalga chiqa olmadim. Qayerdadir asabiylashdim, qayerdadir omad va bor kuchimni bir nuqtada jamlash yetishmadi — bu omillarning barchasi katta rol o‘ynaydi. Qanday bo‘lmasin, musobaqaning borishini kuzatishda davom etdim, barcha finalchilar shu qadar ajoyib ediki, qaysi biriga muxlislik qilishni ham bilmadim.

O‘q otish sportchisi qanday mashq qiladi?

Hozirda men har kuni ertalab to‘qqizdan kechki to‘rtgacha mashq qilaman, bundan tashqari, umumiy jismoniy tayyorgarlik bilan ham shug‘ullanaman. Lekin o‘q otish bilan shug‘ullanishni endi boshlagan paytimda ancha qiyin edi. Juda ozg‘in edim, hatto qo‘limda miltiqni tutish ham qiyin bo‘lardi — yotgan holda o‘q uzardim. Mushaklarimni mustahkamlash uchun jismoniy mashqlar bilan faol shug‘ullana boshladim, uzoq vaqtdan so‘ng qo‘limda miltiq tutishga odatlandim.

Juda ko‘p mashq qilishga to‘g‘ri keladi — diqqatni jamlash, qotib turish qobiliyatini shakllantirish. Bu xislatlarning barchasini rivojlantirish mumkin, ammo bu boshqalarga ko‘rinadigan darajada oson emas.

O‘zbekistonda o‘q otish bilan shug‘ullanuvchi qizlar ko‘pmi?

Yetarlicha. Umuman olganda, qizlar hamisha shay turishadi, tez fikr yuritishadi va ko‘pincha o‘g‘il bolalarga qaraganda yaxshiroq otishadi. Bu jahon tendensiyasi, shunchaki rekordlarga qarashning o‘zi kifoya: qizlarning natijalari yaxshiroq.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

“Medal olsangiz, o‘sha musobaqalar eng esda qolarlisi bo‘ladi”

Miltig‘ingizga biror nom berganmisiz?

Nomi yo‘q, lekin soyli miltig‘im xuddi dugonam kabi, ba’zida u bilan gaplashib ham turaman (kuladi). Rekord darajalarga erishsam, albatta, unga minnatdorlik bildiraman. Miltiq shunchaki qurol yoki sport anjomi emas, u mening bir qismim.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

“Miltig‘im xuddi dugonam kabi, ba’zida u bilan gaplashib ham turaman”

О‘q otuvchi qurolingiz elektron ekanligini aytdingiz.

Ha, soyli miltiqlar ikki turga bo‘linadi — mexanik va elektron. Ikkinchisi his qilish qobiliyati yaxshi rivojlangan o‘q otuvchilar uchun: bunday miltiqning tepkisini bosganingizda kichik bir tiqillash eshitiladi, bu o‘q otilganini aniq ko‘rsatadi. Mexanik turida bunday funksiya yo‘q — ular biroz qo‘polroq.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

Siz faqat soyli miltiqdan o‘q otish bilan shug‘ullanasizmi? 

Men pnevmatik miltiqni 10 metrga va kichik o‘qli jangovar miltiqni 50 metrga o‘qlayman. Ikkala miltiq ham ikki dugonam kabi. Ikkalasini ham yaxshi ko‘raman (kuladi). Pnevmatikada ko‘proq sezgilar bilan ishlaysiz, 50 kalibrli miltiqdan esa tik turgan, o‘tirgan yoki yotgan holda ochiq o‘q otish maydonida o‘q uzsa bo‘ladi. U yerda o‘zimni qandaydir jangovar filmda pistirmada o‘tirgandek his qilaman. Hamisha shunday filmlarga qiziqib kelganman.

Hozirda to‘pponchada otish mashg‘ulotlarini boshladim. Menga juda yoqadi, yaxshi natijalarga erishish uchun bu yo‘nalishda ham ko‘p vaqt sarflash kerak, lekin men bunga tayyorman.

Qaysi qurol turidan otish qiyinroq ekanini aytish qiyin. Bu o‘q otuvchilar orasidagi sevimli va bahsli mavzu. Har qanday qurol bilan bu ishni uddalash oson emas.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

Soyli miltiq borlig‘ingizning bir qismiga aylangan. O‘q otish sporti o‘zi nima degani?

O‘q otish sporti — bu mening hayotim. Men bu sport turini yaxshi ko‘raman, bu mening ishim va aytish mumkinki, o‘zimni shu sport turida kashf qildim. Bu sohani kam odam bilishi achinarli.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

“Qizlar hamisha shay turishadi, tez fikr yuritishadi va ko‘pincha o‘g‘il bolalarga qaraganda yaxshiroq otishadi”

Bu yil internetda Olimpiadada qatnashgan Koreya va Turkiya sportchilarining o‘q otgan videolari tarqaldi. Sizningcha, bunday qiziqish qayerdan paydo bo‘ldi?

Menimcha, buning ajablanarli joyi yo‘q — shunchaki virusli ta’sir. Ha, koreyalik Kim Ye Ji biroz yollanma qotilni eslatadi, ammo boshqa o‘q otish sportchilariga qarasangiz, boshqalari ham xuddi shunday ko‘rinadi. Turkiyalik o‘q otuvchi, albatta, uning butunlay aksi, lekin uning o‘ziga xos jihati bor: u o‘q uzayotganda ikkinchi ko‘zini yummaydi. Bu noodatiy holat.

Sportda nimaga intilasiz?

Olimpiada chempioni bo‘lishimga ishonchim komil. Buni uddalay olishimni bilaman, lekin shu maqsaddagina to‘xtab qolishni rejalashtirmaganman. O‘q otish — bu demokratik sport turi. Ozg‘in, og‘ir vaznli, baland bo‘yli, past bo‘yli bo‘lishingiz mumkin, asosiysi, ahmoq bo‘lmasangiz bo‘ldi. Tashqaridan qaraganda o‘q otish juda oddiydek tuyuladi, ammo barcha sportchilar miyasidagi qo‘rquv bilan kurashadilar. Barkamollikning chegarasi yo‘q.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

“Olimpiada chempioni bo‘lishimga ishonchim komil”.

Aniq nishon sari: afsonalar va haqiqat

Farzandli bo‘lgach, ayollarda merganlik qobiliyati yaxshilanadimi?

Bu gapni birinchi marta eshityapman.

Merganlik — omadi kelganlikmi yoki tabiatan ato qilingan iste’dodmi?

Unisi ham, bunisi ham. Muvaffaqiyat qanchalik mashq qilishingizga bog‘liq, ammo omad ham muhim.

O‘qni aniq otish uchun faqat nishonga olish va tepkini bosish kifoya qiladimi?

Yo‘q, bu juda katta ish. Biz mikromuskullarimiz va fikrlarimizni diqqat bilan nazorat qilamiz, qiddatni eng aniq jamlash nuqtasini topish kerak bo‘ladi.

Birinchi bor o‘q otish har doim merganlikning darajasini aniqlab beradimi?

Yo‘q. Bir necha bor o‘q otish deb aytgan bo‘lar edim, masalan, o‘nta.

Yaxshi mergan har qanday nishonda mashq qila oladi, bu yerda texnologiyaga hojat yo‘q, shundaymi?

Eng yuqori natijalarga erishish uchun yuqori texnologiya kerak bo‘ladi.

Nishonga aniq urish hamisha o‘q otuvchiga bog‘liqmi?

Birinchi navbatda, albatta, o‘q otuvchiga bog‘liq. Ammo miltiq ham soz holatda va foydalanishga tayyor bo‘lishi kerak.

Ayolning nishonga tikilgan nigohi: Muxtasar Tohirova o‘q otish sporti, “miltiq dugonasi” hamda Olimpiya orzusi haqida, 7ladies.uz

“Maqsadga erishish uchun diqqatingizni to‘plashingiz va harakatsiz qotib turish qobiliyati kerak”

Текст:
Фото: