Skip to main content

Golden House qurilish kompaniyasi 13 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekistonda uy-joy va tijorat ko‘chmas mulklarini sotish bilan shug‘ullanadi. Hozir guruhning kvartiralarida 30 ming kishi istiqomat qiladi va yana ikki million kvadrat metr maydondagi xonadonlar egalarini kutmoqda. Luiza Po‘latova boshchiligidagi Golden Housening Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi yangi xonadon egalariga yangi uyga ko‘chib o‘tishda, sharoitlar talablarga to‘liq javob berishini tekshirishda va qiymatli kalitlarini olishda yordam beradi.

Gozal ayol boshchiligidagi jamoa har bir mijozning qoniqishini taminlash uchun haftada tom manoda yetti kun, kechgacha ishlaydi. Luizaning ozi band ish jadvalidan zo‘rg‘a vaqt topib, 7LADIESga erkakcha” ishini qanday uddalayotgani va mamlakatning eng yirik developeri oz nufuzini qay tariqa saqlab kelayotganini so‘zlab berdi.

■ Luiza, faoliyat sohangiz qanday boshlangan?

O‘n yilga yaqin maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishladim, shundan so‘ng faoliyat sohamni o‘zgartirishga qaror qildim. Men ko‘chmas mulk biznesini tanladim, chunki kvartirani sotish va sotib olishda muvaffaqiyatli tajribaga ega edim.

Kichik ko‘chmas mulk kompaniyasida bir yil ishladim. Bu menga qiziq edi, turli davradagi odamlar bilan muloqot qilishim kerak edi. Ammo koronavirus pandemiyasi davrida kompaniyamiz yopildi. Bir necha oy uyda o‘tirdim, dam oldim va rezyumeimni Golden Housega yubordim, u yerda ishlashni juda xohlardim.

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim va Kirill Krikunov jamoasida savdo bo‘yicha menejer sifatida ishga joylashdim. Ajoyib paytlar edi, beg‘am-beparvo paytlardek tuyulardi. Pandemiyadan keyin sotuvlar faollasha boshladi. Men dadillashdim: hammasi yaxshi ketayotgandi, omadim kelaverar, kelaverardi!

■ Karantin paytida shartnomalar telefon orqali tuzilgan deb eshitgandim.

Ha, men hatto dam olish kunlarida IP-telefonni ham yonimda olib yurdim. Oilamga ovqat tayyorlash bilan birga, xonadonlar sotuvi bo‘yicha mijozlarga maslahatlar berar edim. Barcha ma’lumotlarni mijozlarimizga elektron shaklda yuborar edik, ular ma’lumotga ega bo‘lgach, shartnomani imzolash uchun kelishardi. Bir yarim oy shunday ishladik.

Pandemiya sababli obyektlarni topshirish muddati kechikdi. Kvartiralarni topshirish vaqtida tuzatish ishlarini ham qilish kerak edi. Biz, savdo bo‘limi menejerlari, prorablar, texnik nazorat xodimlari va uchastka rahbarlari bilan bog‘lanib, ishlari yakuniga yetkazilmagan kvartiralarga e’tibor berishlarini so‘rashimiz kerak edi. Keyin tijorat direktorimiz kamchiliklarni bartaraf etish uchun kvartiralar uchun arizalarni qabul qiladigan bo‘lim ochishni taklif qildi. Bizning xonadonlarni topshirish va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limimiz shunday paydo bo‘lgan.

Vaqt o‘tishi bilan bo‘limning vazifalari kengayib, mas’uliyati ortdi. Hozirgi miqyosda biz ko‘proq mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limiga o‘xshaymiz.

«Barcha eshiklarning kalitlari»: Luiza Po‘latova Golden Housedagi ish faoliyati haqida, 7ladies.uz

■ Sizning bolimingizda nechta odam ishlaydi?

Sakkizta menejer mijozlar bilan muloqot qiladi, kvartiralarni ko‘rsatadi, kalitlarni topshiradi va qabul qilish dalolatnomasini imzolatadi. Yana 12 kishi kafolatli ta’mirlash ishlari bo‘yicha. Bizning menejerlarimiz tarkibiga obyektlarni boshqaruvchi kompaniyalarga foydalanish uchun topshiradigan xodimlar ham kiradi.

■ Kompaniyangizda kochmas mulk bitimini qollab-quvvatlashning odatiy jarayonini tavsiflang.

Uy davlat ruxsatidan o‘tib, kadastrni qabul qilgandan so‘ng, biz egalariga kvartirani qabul qilib olish vaqti kelganligi haqida yozma xabar yuboramiz. Xatda biz kvartiralarning dastlabki tekshiruvini o‘tkazadigan menejerlarning telefon raqamlarini ko‘rsatamiz. Mijozlar ob’ektlarning sifatini tekshiradi va qabul qilish dalolatnomasini imzolaydi, menejer kalitlarni beradi va xonadon sohibi bo‘lgani bilan tabriklaydi yoki jamoa kelishilgan vaqt ichida kamchiliklarni bartaraf qiladi.

■ Odamlar bilan ishlash uchun yaxshi psixolog bo‘lish kerak. Qandaydir ta’sir texnikasidan foydalanasizmi?

Suhbatdoshingizni tinchlantirish uchun avvalo his-tuyg‘ularingizni nazorat ostida ushlab turishingiz kerak. Odamlar o‘z kechinmalarini har doim ham to‘g‘ri shaklda emas, balki turli yo‘llar bilan ifodalashadi. Men mijozning yaxshi-yomon gaplariga hech qanday munosabat bildirmayman, suhbatni do‘stona ruhda davom ettirishga harakat qilaman.

Qarshimda so‘kinayotgan odamni emas, nimadandir xafa bo‘lgan odamni ko‘raman. Biz uni bu holatga nima olib kelganini tushunishimiz va muammoni qanday bartaraf etishimiz kerak. Muammo bartaraf qilinsa, yomon kayfiyat ham yo‘qoladi. Keyinchalik, bu kabi mijozlar bizdan yana kvartira olish uchun qaytib kelishadi.

Golden House ko‘chmas mulklari — nihoyatda foydali sarmoya kiritish turidir. Loyiha tugaganidan bir yarim-ikki yil o‘tgach, kvartiraning narxi ikki baravar ko‘tariladi. Nomimiz ko‘chmas mulk bozorida yetakchi, obro‘-e’tiborimiz esa o‘zini oqlamoqda.

Golden House — o‘zi qurayotgan obyektlarni albatta foydalanishga topshiradigan kompaniya. Allaqachon mijozlarning ishonchini qozonib ulgurganmiz. Bu yanada qiymatli.

■ Kompaniya va ayniqsa sizning bo‘limingiz odatda qanday muammolarga ko‘proq duch kelishadi?

Biz mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga ega bo‘lgan birinchi kompaniyamiz. Axir, mijozlar bizga qo‘ng‘iroq qilganidan boshlab butun savdo sikli davomida ma’lumotlar olib borishga muhtoj.

Doimo aloqada bo‘lishingiz kerak. Odamlar katta mablag‘ sarflashadi va ular xonadonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaguncha qurilish bosqichlari haqida bilish huquqiga ega. Poydevor yotqizish uchun chuqur qazish bosqichida uy-joy sotib olganlar ham bo‘ladi, chunki bu ko‘proq manfaatli. Ana o‘sha mijozlar kalitni olishni intiqlik bilan kutishadi.

«Barcha eshiklarning kalitlari»: Luiza Po‘latova Golden Housedagi ish faoliyati haqida, 7ladies.uz

■ Ko‘chmas mulk uchun shartnoma tuzishni rejalashtirayotganlarga qanday maslahat berasiz?

Birinchidan, o‘z imkoniyatlaringizni aniq tushunishingiz kerak. Ikkinchidan, uy sotib olishdan oldin, butun ko‘chmas mulk bozori bilan tanishib chiqish muhimdir. Shu bilan birga Golden House binoni qurib, albatta topshirishini unutmaslik lozim.

■ Yuqori ish yukini qanday engish va dam olish va shaxsiy hayot uchun vaqt topish mumkin?

Mijozlar bilan muloqotni menejerlarimga topshirishga harakat qilaman. Biz shunchaki jamoa emas, balki tezkor javob berish uchun maxsus otryadmiz. Yigitlar tez ishlashga harakat qilishadi, meni tushunishadi, qo‘llab-quvvatlashadi va yuklamaning bir qismini o‘z zimmalariga olishadi.

■ Shaxsiy hayot?

Rostini aytsam, ishlashga ko‘proq vaqt ajratishim kerak. Oilam uchun vaqt ajratishga faqatgina yakshanba kunim qolyapti. Dam olish kunlarida navbatchilik jadvalimiz bor. Shuningdek, shanba kuni biz obyektlarimizni tekshiramiz va qurilishning ushbu bosqichini baholaymiz.

Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi to‘rt yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Boshidanoq men bilan birga bo‘lgan yigitlar bor — jamoaga ishonish mumkinligi ajoyib holat. Bu vaziyatni nazorat ostida ushlab turadigan orqa miyaga o‘xshaydi.

■ Yaxshi jamoa — bu rahbarning mehnati natijasidir. Qanday qilib jamoangizni jipslashtira olasiz?

Boshqaruvni menejerimdan o‘rganganman: Kirill Krikunov men uchun ideal namuna. Uning g‘oyatda do‘stona jamoasi bor edi. O‘zim rahbar bo‘lganimda uning tajribasiga tayanib ish ko‘rdim.

Jamoada sog‘lom ruhiyat va psixologik muhit juda muhimdir. Tashqaridan oladigan stresslarimizning o‘zi ham yetarlicha. Shuning uchun biz birlashib, bir-birimizga yordam beramiz.

Albatta, kayfiyat tushib ketadigan vaziyatlar ham bo‘ladi — keyin biz timbildinglar tashkil qilamiz. Gohida toqqa chiqamiz, gohida restoranda yig‘ilamiz. Buning uchun deyarli vaqtimiz bo‘lmasa ham yigitlar charchaganini va dam olish vaqti kelganini fahmlayman.

■ Kasbiy charchoqning oldini olish uchun qanday usullardan foydalanasiz?

Qoidaga amal qilaman: boshqalarning xatolarini yurakka yaqin olish shart emas — shunchaki ularni to‘g‘rilash kerak. Qiyin damlarda butun kuchingizni bir nuqtaga to‘plab, yana davom etishingiz kerak.

«Barcha eshiklarning kalitlari»: Luiza Po‘latova Golden Housedagi ish faoliyati haqida, 7ladies.uz

■ Sevimli mashgulotingiz bormi?

Yakshanba kunlari o‘zimga bir oz ko‘proq uxlashga ruxsat beraman, keyin go‘zallik saloniga boraman, u yerda turli tana parvarishi va uqalash muolajalarini o‘tkazaman. Bunday hordiq chiqarish ham dam beradi, ham husnni saqlashga imkon beradi. Farzandlarimizni olib, tog‘ga sayohatga chiqishimiz ham mumkin.

■ Har kuni husningizga g‘amxo‘rlik qilasizmi?

Ertalab yuzni massaj qilish va terini namlovchi pardoz vositalarini surtish mening doimiy ko‘nikmalarim, chunki qurilish maydonchasida chang-chung va kirlanish ko‘p. O‘zimga yaxshi qaragan va ozoda ko‘rinishim kerak, chunki odamlar bilan ko‘p muloqot qilishimizga to‘g‘ri keladi. Tashqi ko‘rinish muzokaralardagi muvaffaqiyatning 50% ni tashkil qiladi. O‘zini hurmat qiladigan va o‘ziga qarab yuradigan odam suhbatdoshida ishonch uyg‘ota oladi.

Husnga e’tibor nafaqat vaqtni yoqimli o‘tkazish — bu nufuzingizni saqlab qolish uchun zarurdir.

■ Qat’iy tartibli ish jadvalingiz haqida oilangiz qanday fikrda?

Farzandlarim endi katta bo‘lib qolishdi. To‘ng‘ich qizim 18 yoshda, o‘g‘lim 14 yoshda. Ular mustaqil ravishda o‘zlarini eplashadi. Qizim Qozon universiteti talabasi, shuning uchun hamisha ham yonimizda bo‘lavermaydi.

O‘g‘lim hamisha ishimga tushunchalik bilan munosabatda bo‘ladi. U ovqat pishirishni juda yaxshi o‘rgangan, asta-sekin bu mas’uliyatni mendan o‘ziga olyapti. Erkaklar eng yaxshi oshpaz, deb bejizga aytishmaydi. Bolajonim chindan ham mehr bilan pishiradi.

Bolalar uyga kechki 9–10 da qaytishimga o‘rganib qolishgan. Yarim kechasi, tungi ikkida qaytgan vaqtlarim ham bo‘lgan.

■ Sizni erkak fe’l-atvorli xonim deyishadi. Nega bunday deb o‘ylaysiz?

Ehtimol, chunki ishda ekanligimda qurilish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishim kerak, bizda hukmronlik qiladigan stereotipga ko‘ra, qurilish erkaklarning ishi hisoblanadi.

Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi ish faoliyatini yo‘lga qo‘yganida qurilish bo‘limi bizni texnik nazoratchilardan ham yomonroq odamlar sifatida qabul qila boshladi. Lekin qat’iy talablarni o‘zimiz xohlaganimiz uchun emas, balki mijozlarimizning istaklarini bajarish uchun qo‘yamiz.

■ Jurnalimiz uchun suratga olish paytida siz “Infiniti” turar-joy majmuasi tomida suratga tushishingiz kerak edi. Qo‘rqmadingizmi?

Yo‘q, unday bo‘lmadi. Toza havo — jonu dilim. Ish jarayonida juda baland binolarga chiqamiz: nafaqat ko‘p qavatli uylar xonadonlarini, balki tomlarning ham sifat darajastini tekshiramiz. Hamisha kompaniyaning barcha xarajatlarini minimallashtirishga harakat qilaman, men amaliy jihatdan foyda keltirdagan ayolman.

«Barcha eshiklarning kalitlari»: Luiza Po‘latova Golden Housedagi ish faoliyati haqida, 7ladies.uz

■ Nimaga intilishdasiz?

Ish faoliyatimni oddiy menejer sifatida boshladim, endi esa kasbiy muvaffaqiyat qozonishni va bolalarga o‘rnak bo‘lishni xohlayman. Qizim hozirdanoq: “Ona, siz men uchun namunasiz. Men ham xuddi sizdek bo‘lishni istayman”, deydi. Men unga, u mendanam yaxshiroq bo‘lishini aytaman. Hozirda men hayotim va ish faoliyatimda moʻtadillikni istayman, o‘z-o‘zimni rivojlantirish bilan shug‘ullanyapman, Moskva xalqaro universitetida huquqshunoslik sohasida ikkinchi mutaxassislik uchun oliy ma’lumot olyapman. Har qanday yoshda o‘qib-o‘rganish lozim.

■ Sizningcha, ayol baxti o‘zi nima?

Ayol uchun baxt — qalbdagi uyg‘unlikdir. Ayol o‘zi va atrofidagi dunyo bilan o‘zaro muvofiq hayot kechirsa, baxtli bo‘ladi. Ona uchun baxt — farzandlarining sog‘ligi, oilaviy mehr-muhabbat va inoqlik hisoblanadi.

Фото: ,