Skip to main content
Indira Miftaxova QVZ dan ilk yakkaxon konsertigacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tgan. Qahramonimiz tanlagan stendap janri O‘zbekiston ommaviy madaniyatida paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. Mubolag‘asiz aytamizki, Indira – mamlakatdagi birinchi ayol-komik. Shu sabab ham uning teatr chiroqlari ostida o‘z o‘rni uchun kurashi chinakam qiziqish va ancha-muncha savol uyg‘otadi. Og‘zaki janr artisti va hammaga taniqli va shartaki shou boshlovchisi Indira nima uchun ayol kishi jiddiy hazillar haqida gapirishi mumkinligi xususida 7LADIES ga samimiy so‘zlab berdi.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

Sizning yumordagi orningiz qanday kechgan: hammasi nimadan boshlangan, qayerda chiqish qilgansiz va stendapga qanday kelib qolgansiz?

Men Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetida tahsil olganman. U yerda talabalar jamoalari o‘rtasida QVZ o‘tkazilardi, bunday o‘yinlar juda mashhur edi. Undan men ham qatnashganman va ketma-ket ikki yil “Miss QVZ” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganman, hozirgi kunda esa Yoshlar ligasining hakamlar hay’ati tarkibining a’zosiman.

 

O‘zbekistondagi QVZ ning rivojlanish sur’atini qanday baholaysiz?

Talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan QVZ tarkibida o‘ynagan vaqtlarim ko‘pchilik qo‘pol va bachkana hazil qilishni o‘ziga ep ko‘rardi. Ba’zan buni hatto yumor deyishga til bormasdi – shunchaki dahshat! Ayollar terma jamoasini to‘plagach, qoida ishlab chiqdim: hech qanday ahmoqona va behayo hazillarga o‘rin yo‘q! Turmushga chiqishim ham kerak-ku! Oxirida turmush qurdim ham, lekin jamoadagi safdoshlarimdan farqli o‘laroq yumorda qoldim.

QVZ dan keyin ZO‘R TV telekanaliga keldim, buning bariga komik Mirshakar Fayzulloyev sababchi. U yerda Kamila Jalilova rahbarligi ostida “Dugonalar” nomli Comedy Woman ga o‘xshagan stendap-ko‘rsatuvimni ochdim. Shou uch yil davom etdi, keyin esa pandemiya va karantin boshlanib qoldi.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

Televideniyeda sizda hammasi birdaniga o‘rniga tushib ketganmi?

Boshlanishiga juda qiyin bo‘lgan. Birinchi marta efirga chiqqanimizda odamlar har xil yomon gap chiqarishdi, kamsituvchi fikr-mulohazalar ko‘p bo‘ldi. O‘shanda bir vaqtning o‘zida O‘zbekistondagi eng yaxshi maktablardan  biri – “Lider” maktabida dars ham berardim. Jamoatchilik tomonidan bildirilgan turlicha munosabat maktabda menga yumorda qolishni taklif qilishlariga sabab bo‘ldi. ammo ishonchim komil edi: bugun tanqid qilishadi, ertaga tan olishadi. Yumor – bu shunchaki yumor.

Keyin nima bo‘ldi?

Shou tarkibiga taniqli qiziqchi va O‘zbekistondagi ilk stendap-komik va axloq namunasi hisoblangan Hojiboy Tojiboyevning qizi – Intizor Tojiboyevani olganimdan keyin hammasi o‘zgarib ketdi. U hech qachon noo‘rin hazil qilishni o‘ziga ravo ko‘rmagan.

Intizorning kelishi bilan biz ko‘rsatuvda bizning maqsadimiz – uning otasi yo‘lidan ketish ekanligini ma’lum qildik. Bu oxirida ish ham berdi: bizga hurmat bilan muomala qila boshlashdi, oldimizda turgan mo‘ljalning to‘g‘ri ekanligini hamma tushundi. Shuningdek, filmlarda o‘ynagan kelin roli orqali xalqqa manzur bo‘lgan Nargiza Abdullayevaning kelishi ham katta ahamiyat kasb etdi. Uning ishtiroki ham o‘ziga yarasha afzalliklarga ega edi. Bir yil o‘tgach, biz salbiy izohlarga deyarli duch kelmadik, aksincha maqtovlarga va ruhlantirishlarga sazovor bo‘ldik.

O‘zbekistondagi birinchi stendap-komikman, deb aytgandingiz. Lekin bunga ancha bo‘ldi. Hozir nimadir o‘zgardimi?

O‘zbek tilida yakkaxon konsert bergan – bitta menman.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

O‘sha konsert qanday  o‘tdi?

Butun zal – bolali ayollarga to‘la edi. Bolalarning yig‘i-sig‘i ovozlari ostida konsert berganman. Stendapda qanaqa? Yoki butun zalni diqqat bilan eshitib, ular bilan bir to‘lqinga tushib olishga harakat qilasan – yoki hech narsa o‘xshamaydi. Improvizatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan! Hayron qolasiz, lekin umuman olib qaraganda chiqishim sifatli bo‘ldi va hammasi yaxshi o‘tdi!

Zalda erkaklar ham bormidi?

Bor edi, lekin soni kamroq edi.

Qizlarni o‘z yumoringiz bilan qo‘llab-quvvatlasangiz kerak?

Ha, ancha harakat qilaman. Konsertimda kelinlar haqida hazillarim bo‘lgan. Qaynonam ogohlantirgan: hazillaringga ehtiyot bo‘l, bo‘lmasa menga hech kim qizini kelinlikka bermaydi. Xo‘p, deb qo‘ygandim, keyin esa o‘ylab qolganman… Axir uning bitta o‘g‘li bor-ku. (Kuladi.)

Qaynonam yaxshi, doim meni qo‘llab-quvvatlagan, bu mavzuda qattiq hazil qilgim yo‘q. U juda xushchaqchaq; aytgancha, u ham o‘qituvchi. Konsertimga hamkasblarini bir avtobus qilib olib kelgandi! Tasavvur qilyapsizmi, konsertda yuzdan ortiq odam qaynonam tarafdan kelgandi – juda faol, qarsak chalib, miriqib kulishgandi. Buning qadri juda baland turadi.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

Hazil yozish jarayoniga qanday yondashasiz? Ilhom qayerdan keladi?

Hammasini hayotdan olaman: atrofda bo‘layotgan voqealarni kuzataman. Oddiy misol: Misrdan Toshkentga qaytganman, aeroportda navbatda turibman. Oldimdan to‘qqiz nafar erkak o‘tib, yonimdagi o‘ninchisiga yaqinlashib kelyapti. Mengacha navbat yana o‘ntaga cho‘zildi. Sarosimaga tushib, ularga dedim: “Hammasini tushunaman, lekin sizlar o‘ntasizlar! Maylimi, baribir avvalroq o‘tsam?” Lekin savolimga qisqagina “yo‘q” degan javob oldim. O‘zimga nisbatan aytilgan gap arang qulog‘imga chalindi: “Orqasidan birov quvib kelayotgandek namuncha shoshilmasa”. Yonimda turgan ayol buni eshitib qolib, dedi: “Bemalol ming‘irlayveringlar, keyin birga uchamiz-ku”. (Kuladi.)

Stendapga qaytamiz. So‘nggi vaqtlarda karyerangizda nima alohida o‘rin egalladi?

Yaqinda men Bokuga turk olami yumor festivaliga bordim. U yerda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va Tataristondan komiklar tashrif buyurishgandi. Konsertda ishtirok etishga meni shaxsan “Азия MIX” jamoasi kapitani Eldiyar Kenensarov taklif etgandi. Yuqori darajadagi uchrashuv bo‘ldi va har bir qatnashchiga o‘n daqiqadan vaqt berildi.

Chiqishim vaqti hayajon bosdi, boshida ayniqsa rosa qiyin bo‘ldi. Uchinchi hazilimdan keyin tushundimki, yumorim zalga yoqyapti – bu mening g‘ayratimga yana g‘ayrat qo‘shdi. Chiqishimdan so‘ng, notanish bir ayol menga guldasta berdi.

Hakamlar hay’ati besh kishidan iborat edi, ikkitasi menga, uchtasi Tataristondan kelgan yigitga ovoz berdi. Ular juda uzoq bahslashishdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham mening chiqishimga e’tibor qaratishganidan behad mamnun bo‘lgandim, ustiga ustak barcha delegatsiya orasidagi yagona stendaper qiz o‘zim edim.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

Stendap janrida chiqish qiladigan qizni nima deb atash to‘g‘ri bo‘ladi?

Komikessa – to‘g‘ri variant, lekin biz baribir stendap-komik deymiz.

O‘zbekistonda stendapga ko‘p kishi qiziqadimi?

Hozir ayollar shunchaki kursni tamomlagan va hech qanday hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan shartli psixologga ko‘rinish uchun 50-100 dollar to‘lashga tayyor. Lekin ularda stendap-chiqishlarimizga kelishga 100-200 ming topilmaydi.

Bir muddat nega bundayligi haqida o‘ylanib qoldim va menda YouTube da ayollar klubiga o‘xshash nimadir ochish fikri tug‘ildi. Men ikkita qiz bola blogerga savollar beradigan ikki nafar psixologni chaqirdim, o‘zim esa boshlovchi sifatida olovga moy sepib turdim.

15ta sonni suratga oldik. Muvaffaqiyat to‘lqinida tajriba sifatida Intercontinental da seminar tashkillashtirishga qaror qildim. Unga bo‘lmag‘ur narsalarni eshitish uchun 490 ming so‘m to‘lagan 400ta ayol keldi. Lekin hech kim yaxshi stendap eshitish uchun, quvonchni his etish, kulish uchun 50 dollar to‘lamaydi. Nima uchundir odamlar ko‘proq ularni yig‘latadigan psixologga chopishadi. Men keyingi seminarni ham o‘tishim kerak edi, ammo rad etdim. Menga bunaqa pul kerak emas.

Keyingi ijodiy rejalaringiz qanday?

Ozishga bel bog‘ladim va shu mavzuda roliklar suratga olyapman. Hozirgi kunda ko‘pchilikda insulinga qarshilik oshib ketgan, shuningdek menda ham. Meni ajablantirgan narsa shu bo‘ldiki, shunga o‘xshash muammo koronavirusdan keyin har ikkinchi ayolda kuzatilayotgan ekan.

Masalan, moy solingan 30 ta butilkani o‘zimga osib olgan rolik olgandim. Har safar nimadir yegim kelganida – o‘zimni qo‘lga olaman va ustimdan bittadan butilkani olib tashlayman. Darhol hamma munosabat bildira boshladi: izohlarda ko‘pchilik “Ko‘zimizni ochding”, deb yozdi.

O‘zbekistondagi ayollarda bu qanday kechadi? Biz parhezga o‘tiramiz, ering yoki qaynonang esa tort yoki qandaydir shirinlik yeb o‘tiradi. Albatta, buni ko‘rgandan keyin nafsingni tiyib turishing amrimahol. Agar oilangda hamma parhez qilayotgan bo‘lsa yoki hech bo‘lmaganda seni bunda qo‘llab tursa, vazningni yoki salomatligingni nazoratda ushlash birmuncha oson kechadi.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

Bunday formatdagi rolik olish fikriga qanday kelgansiz?

Shu yo‘l bilan odamlargacha yetib borishim mumkin. Men jamiyat muammolarini ko‘raman va ularni barmoq bilan ko‘rsatishni istayman. Masalan, bizning jamiyatimizda erkaklarning o‘lgudek xira qarindoshlarga chidashi qiyin. U shunchaki o‘zining shinamlik va g‘amxo‘rlik kutayotgan uyiga borishni va o‘z oilasi va turmush o‘rtog‘i bilan baxtli hayot kechirishni xohlaydi.

Nima deyotganimni bilaman. Menda shunga o‘xshash vaziyat bo‘lgan, turmush o‘rtog‘im tortishib o‘tirishni istamay, shunchaki chiqib ketgan. Mening yumor bilan shug‘ullanishimga ruxsat bergan ideal erim o‘zini turib tura olmagan. O‘shanda aslida bunday bo‘lishi kerak emasligini tushunib yetganman. Erkak kishiga madad, motivatsiya berish, unga tahsin o‘qish va ishonish kerak. Buning o‘rniga ayollar arzimagan muammolar bilan ularning boshini qotirib, pashshadan fil yasashadi.

Komikessa Indira Miftaxova – jiddiy hazillar haqida, 7ladies.uz

Mutolaani sevasizmi? Asarlari sizga ko‘proq ta’sirini o‘tkazgan yozuvchi bormi?

Chingiz Aytmatov, 100%

Bir kuni menikiga Qirg‘izistondan Eldiyar Kenensarov intervyu olgani keldi. U uyimda Chingiz Aytmatov kitoblarini ko‘rib hayron qolgandi. Aytmatov men uchun – yaxshilik va mehr-oqibatni targ‘ib qiluvchi daho. Bu ma’noda u Mahatma Gandiga o‘xshaydi, ularning falsafasi bir-biriga yaqin.

Aytgancha, Eldiyar Kenensarov sabab ko‘p jihatdan ijodga bo‘lgan munosabatimni qayta ko‘rib chiqdim va unga ancha jiddiy tus berdim. Eldiyar muhim mavzularda o‘z fikrimni bildirishim kerakligiga meni ishontirdi va ko‘ndirdi. Hozir meni ancha jiddiy qabul qilishyapti.

Hamkasblaringiz bunday burilishni qanday qabul qilishdi?

Yaqinda qiziqchi Zokir Ochildiyev meni maqtab, bir necha yildan keyin konsertlarimda anshlag bo‘lishini aytgandi. Hozir hatto erkak stendap-komiklarning konsertida zal arang to‘ladi. Hozircha ushbu janr endi ommalashib, odamlarimiz yumorni yaxshiroq tushunadigan bo‘lgunlaricha, tez-tez va katta auditoriya bilan chiqishlar qilishga qurbim yetadi. Garchi ortimda muvaffaqiyatli o‘tgan yakkaxon konsertim turgan ekan, bir yerda to‘xtab turish niyatim yo‘q.

Matn: Yekaterina Ledovskaya, Aleksandr Shaptala

Foto: Ruslan Mardanov

Pardoz: Мila Mironova