G‘amxo‘rlik, o‘zini o‘zi tinglay olish va ijobiy kayfiyat — tug‘uruqdan keyin ayollarning qayta tiklanishiga yordam beradigan dasturlari quriladigan uchta ustun. Doula, to‘liq siklda qo‘llab-quvvatlovchi mutaxassis Viktoriya Nurullayeva qanday qilib chaqaloqning baxtli onasi bo‘lish haqida so‘zlab berdi va to‘qqiz oylik homilasi bor o‘quvchilarimizning savollariga javob berdi.

Viktoriya Nurullayeva
■ Qanchadan beri ayollarga yordam berib kelyapsiz?
Birinchi ma’lumotim bo‘yicha akusherman. Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejini tamomlab, o‘sha zahoti 6-shahar tug‘uruq kompleksida ishlay boshlaganman.
Akusher sifatida menga ayollar yetarlicha ko‘mak olmayotgandek tuyuladi. Tibbiy yordam emas, aynan psixologik. Ayniqsa bu pandemiya paytida tugʻuruqxonalarda hamrohlik tug‘uruqlari taqiqlangan paytlarda yaxshigina sezildi, qayerlardadir bu taqiq hozirgacha ham davom etib kelmoqda.
Tug‘uruqlardan tashqari, akusherlar bir vaqtning o‘zida hujjatlar, asbob-uskunalar ro‘yxati va dori-darmonlar bilan ish olib borishi kerak bo‘ladi. Tug‘uruqni boshidan o‘tkazgan ayol bilan ahyon-ahyonda aloqada bo‘lib turadi. Ayol uchun esa undan tez-tez xabar olib turishlari muhim.
Uch yil avval, men ayollar hayotining bu og‘ir davrida aynan qanday yordam bera olishimni anglab yetgach, doula kasbini o‘zlashtirdim. Qo‘shimcha tarzda tug‘uruqqa tayyorlash bo‘yicha murabbiy, tug‘uruqdan keyingi tiklanish bo‘yicha mutaxassis va homiladorlar uchun yoga instruktori kasbiga o‘qidim. Hozirda “perinatal psixolog” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’lim olyapman.
■ Tug‘uruq paytida doulaning vazifalari nimadan iborat?
To‘liq siklli mutaxassis sifatida jismoniy va psixologik yordam ko‘rsataman. Tug‘uruq paytida og‘riqsizlantirishning tabiiy usullarini qo‘llayman: massaj texnikasi, nafas olish, tovush chiqarish, aromaterapiya. To‘lg‘oq uchun qulay holatlarni tanlayman. “IQS”: issiq, qorong‘i, sokin qoidasi bo‘yicha muhit yarataman, — tug‘uruq iloji boricha yumshoq va qulay o‘tishi uchun. Ba’zan shunchaki suv berish ham muhim bo‘ladi.
■ Tibbiyot xodimlari bilan qanday aloqa o‘rnatasiz?
Bizda hamrohlik tug‘uruqlariga akusherlik va ginekologiya institutida ruxsat berilgani uchun u yerda meni allaqachon tanishadi. Konferensiyalarda ham ko‘rishgan, ma’ruzalar ham o‘qiganman. Agar tanimasalar, o‘zimni ayolning hamrohi, akusher sifatida tanishtiraman. Chunki bizda doula kasbi hali unchalik tanilmagan va tushunarsiz. Men chiqishuvchanman, shuning uchun tibbiyot xodimlari bilan muammolar yuzaga kelmaydi. Ammo tugʻuruqxonada men yaratgan muhitga hozircha ayollar endi-endi ko‘nikishmoqda.
Ularning bari turlicha, har birining ehtiyojlari har xil, shuning uchun yondashuv individual. Eng avvalo, ayol tanasida tabiiy oksitotsin (tug‘uruqni amalga oshiruvchi sevgi gormoni) ishlab chiqarilishi uchun “IQS” (issiq, qorong‘i, sokin) qoidasiga amal qilish zarur. Biz yorqin chiroqlarni o‘chiramiz, elektron shamlarni yoqamiz, sokin musiqa yoki tabiat ovozlarini qo‘yamiz yoki hech qanday tashqi ovozlarsiz tug‘uruq jarayoniga sho‘ng‘iymiz. Ba’zilar gipnoz, meditatsiya, o‘z ichki dunyosiga maksimal darajada sho‘ng‘ishni uyushtirishni so‘raydi. Dindorlar esa duo va suralar qo‘yishadi.
Ayollarda tug‘uruq bir necha marotaba bo‘ladi va bir umrga esda qoladi. Shu kuni ayol — bosh qahramon, shu bois har bir ayol farzandining tug‘ilgan kunini haqiqiy bayramdek o‘tkazishga loyiq, deb hisoblayman.
■ Doulaning tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi muhimmi?
Majburiy emas, lekin maqsadga muvofiq. Anatomiya, fiziologiya, patologiyani bilish — katta yutuq.
■ Tug‘uruqdan keyingi tiklanish davriga qanday xizmatlar kiradi?
Bolani ko‘tarib yurish, tug‘ish va unga qarash — ulkan mehnat. Bu davrda asosiy vazifa ona tanasiga g‘amxo‘rlik qilish, uni mehr-muhabbat va e’tibor bilan qamrab olishdir. Tiklanib olish kerak. Bu tug‘uruqdan keyingi turli xil asoratlarning oldini olishga xizmat qiladigan kelajakdagi salomatlikka ijobiy hissa qo‘shadi. Avval ayol bo‘shashadi, o‘tli vanna qabul qiladi. Agar vanna bo‘lmasa, muolajani yonistim (bug‘ va o‘tli vanna) bilan almashtirish mumkin.
Keyin rebozo polotnolari yordamida meksikacha massaj, orqani massaj qilish, qorin va dumg‘azani to‘g‘rilash, yakuniy bosqich — qorinni yo‘rgakbog‘ bilan bog‘lash zarur. Maqsadimiz a’zolarning avvalgi holatiga qaytishiga ko‘maklashish, ularning tushib qolishi va diastazning oldini olishdir. Kesarcha kesishdan so‘ng esa chandiqlanish jarayonining oldini olishdir. Barcha usullar dunyoning turli burchaklaridan to‘plangan va yagona tug‘uruqdan keyingi muolajaga birlashtirilgan. Jami yettita shunday seans o‘tkazamiz.
Yakuniy bosqich — yo‘rgaklash yoki tug‘uruqni yopish. Bu ayol, uning his-tuyg‘ulari, qalbi va tanasi bilan olib boriladigan ulkan mehnatdir. Tug‘uruqdan so‘ng ayolning aytadigan, to‘kib soladigan gaplari yoki ko‘z yoshlari bo‘ladi. U katta yo‘lni bosib o‘tdi, har qanday davr singari bu yo‘lni ham yakunlash lozim.
■ Uyda ham yordam berasizmi?
Yo‘q, buning uchun boshqa mutaxassislar bor. Lekin chet elda doulalar tug‘uruqdan keyin uy yumushlarida yordam berib, ovqat tayyorlashadi. Emizish bo‘yicha konsultantlar ham mavjud.
■ Faqat ayollar bilan ishlaysizmi?
Mening tug‘uruqqa tayyorlash kurslarim bor, undan ko‘plab ayollar bitirib chiqishgan. Ammo ba’zida mendan tug‘uruqdan avval va otalar uchun mahorat darslari o‘tkazib berishimni so‘rashadi. Biz oilalar bilan uchrashamiz, ta’lim beruvchi videolarni ko‘ramiz, turli texnikalarni mashq qilamiz, men tug‘uruq nimaligi, nimalarni kutish kerakligi, qanday davrlar bo‘lishi, qachon tugʻuruqxonaga borish kerakligini tushuntiraman, barcha savollarga javob beraman.
Tug‘uruqdan so‘nggi parvarish kursida otalarga oid qismi yo‘q. Ammo, ehtimol, yosh otalar chaqaloq bilan qanday muloqot qilishi haqida bo‘limlar qo‘shish kerakdir.
■ Avvaliga nimalar qilish mumkin emas?
Tug‘uruqdan keyin yuklamalardan qochish kerak, qaltis harakatlarni kamroq qilgan maqsadga muvofiq. An’anaga ko‘ra, agar ayolda birinchi farzand bo‘lsa, u holda u bir sutka yotishi kerak, agar ikkinchisi bo‘lsa — ikki sutka va uch kungacha. Tanaga tiklanish uchun albatta vaqt berish kerak.
Bir qancha tibbiy dori-darmonlarni qabul qilishda cheklovlar mavjud. Alkogol va chekish, tabiiyki, taqiqlanadi. Qirq kun o‘zini asrash lozim: ortiqcha yuk ko‘tarmaslik va och qolmaslik, shuningdek, yaqinlaringizning yordamini e’tiborsiz qoldirmaslik lozim.
■ Tonusni ko‘tarish uchun nima tavsiya etiladi?
O‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish, mazali issiq ovqat yordamida quvvatni to‘ldirish. Albatta issiq suv ichish kerak. Go‘dak bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, emizishni o‘rganish, qorinni bog‘lash zarur. Ijobiy hislarni izlash, o‘zingizni maqtash, o‘z-o‘zingizga savol berish lozim: men hozir nima xohlayman?
Doula o‘quvchilar savollariga javob beradi
■ Tahlillar va tibbiy tilni izohlashda yordamni qayerdan izlash mumkin?
O‘z mutaxassisingiz, homiladorlikni olib borayotgan ginekolog bilan muloqot qilishingiz mumkin. Ayol konsultatsiyada istalgan savolni berish huquqiga ega. Bu mutlaqo normal holat!
■ Bolaga haddan tashqari g‘amxo‘rlik qilishga berilib ketmaslik uchun nima qilish kerak?
Chalg‘ish kerak — sayr qiling, kino ko‘ring, sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullaning.
■ Qanday qilib begona odamlardan yordam so‘rashdan tortinmaslik mumkin?
Farzand ko‘rgan ayol endi qizaloq emas, u ona maqomida, yetuk va mustaqil shaxsdir. Men har bir onaga ishonaman! Yordam so‘ray olish juda muhim. Agar ilgari bunday qilmagan bo‘lsangiz, hozir o‘rganishning ayni paytidir.
■ Qanday qilib ijobiy kayfiyatga erishish va salbiy his-tuyg‘ular ta’siriga tushmaslik mumkin?
Barcha his-tuyg‘ular, jumladan salbiy his-tuyg‘ular ham kerak — ular ehtiyojlarni ko‘rsatib beradi. Avvalo o‘zingizga e’tibor bering — uyalmang, fikr va tuyg‘ularingizni yaqinlaringizga yetkazing. Qo‘llab-quvvatlash juda muhim.
Ayol faqat bola bilan shug‘ullanmasligi kerak. O‘zingizga, muloqotga vaqt ajratish zarur. Parvarish muolajalari, spa, go‘zallik salonini sinab ko‘ring — bularning barchasi sizni ijobiy energiya bilan to‘ldiradi.
Onalar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydigan va maslahat beradigan hamjamiyatlar bor. Ba’zan xuddi shu kabi vaziyatdagi kimdir “Men seni tushunaman, men sen bilanman” deyishi muhim bo‘ladi.
■ Bolam bilan erkalanib gaplashmayman. Shunga qaramay, oʻzim va oilamga yaxshi ona ekanimni qanday yetkaza olishim mumkin?
Har kimning o‘z yo‘li bor, har bir ayol va bola o‘ziga xos. Hatto bir oilada ham barcha bolalar turlicha, garchi bir ota-onadan bo‘lib, bir xil sharoitda ulg‘ayishsa-da.
Nega ona o‘zining yaxshi ekanligini kimgadir isbotlashi kerak? Bu uning yo‘li, u qo‘lidan kelgancha shu yo‘ldan boradi. Har bir ona o‘z farzandi uchun eng yaxshisi, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.
Onalik — darhaqiqat, mashaqqatli yo‘l, biroq biz uni bosib o‘ta olamiz. Hayotda doim inqirozlar, hissiy beqarorlik, charchoq, tushunmovchiliklar bo‘ladi. Asosiysi — ijobiy kayfiyatni saqlab qolish va yaqinlar bilan muloqot qilish.
Ota-onalarimiz uddalashgan, biz ham uddasidan chiqamiz!