Skip to main content

Ikkita professional aeronavtlar, Germaniyalik Elli Dunnington va Braziliyalik Lace Pinhoning jasorati Markaziy Osiyoni zabt etdi. Ular juda ko‘p mamlakatlarda havo sharida osmonga ko‘tarilishni rejalashtirmoqdalar. Ayollarni  aeronavtika bilan shug‘ullanishga ilhomlantirgan holda, ular o‘z misollarida imkoniyatlarimiz cheksizligini ko‘rmoqdalar. Ular o‘zlarining maqsadlari, sarguzashtlari va orzular qanday ro‘yobga chiqishi haqida 7LADIES nashriga aytib berdilar.

Katta havo sharida: Osiyo ayollariga samoga yo‘l ochildi, 7ladies.uz

O‘zbekistonda havo sharlarining katta bayrami bo‘lib o‘tdi, ularning o‘nlablari Shahrisabz, so‘ngra Xiva osmonini bezatib turardi. “Musaffo osmon” birinchi xalqaro festivali doirasida Braziliya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa mamlakatlardan kelgan sportchi-aeronavtlar tarixiy shaharlar uzra parvoz qilib, yig‘ilganlarni lol qoldirdi.

Ishtirokchilardan biri, Elli Dannington o‘z rekordini yangiladi: O‘zbekiston u havo sharida parvoz qilgan 118-mamlakat bo‘ldi. U shunda to‘xtamoqchi emas. Elli tez orada bizning mamlakatda ayollar aeronavtika maktabi ochilishiga umid qilmoqda. Festival tashkilotchilari uning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlatlashdi.

“Aeronavtika dolzarb va qiziqarli. Bizning shiorimiz: “Markaziy Osiyo ayollari — jannatga yo‘l”. Birinchi bosqich Qozog‘istonda, ikkinchisi Qirg‘izistonda, uchinchisi shu yerda (Shahrisabz va Xivada) bo‘lib o‘tdi va yakuni Tojikistonda bo‘lishi belgilandi. O‘zbekistonda hali parvozchi ayol yo‘q, ammo Britaniya aeronavtika tizimi ko‘magida maktab ochmoqchimiz. Biz ularning bazasi va xavfsizlik tuzilmasini asos qilib olishni va nihoyat qizlarimizga osmonga yo‘l ochishni rejalashtirmoqdamiz!” — O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi raisi va festival tashkilotchisi Tohir Saliyev.

 

Katta havo sharida: Osiyo ayollariga samoga yo‘l ochildi, 7ladies.uz

Elli Dannington

Elli Dannington — Britaniya aeronavtika assotsiatsiyasining uchuvchi murabbiysi, u 118 mamlakatda havo sharida parvoz qilgan dunyodagi yagona ayol. U o‘zining jahon rekordini 127 mamlakat bo‘ylab sayohat qilgan turmush o‘rtog‘i Filning xotirasiga bag‘ishladi.

■ Aeronavtikadan oldin nima bilan shug‘ullangansiz?

Ma’lumotim bo‘yicha men Osiyo tadqiqotlari magistriman, xitoy va yapon tillarini bilaman. Men yo‘lboshchi bo‘lib ishlaganman va Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ko‘p sayohat qilganman. 2002 yilda men Myanmaga bordim, u yerda havo sharlari qadimgi ibodatxonalar ustida uchib yurar edi va o‘sha yerda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im Fil bilan tanishdim.

U eng yaxshi parvozchilardan biri bo‘lgan va Bristoldagi katta havo sharlari ishlab chiqaradigan Cameron Balloons zavodida ishlagan. Turmush o‘rtog‘im bilan birga parvoz qila boshladim va qandaydir lahzada shuni angladimki, bu mening hayotim ekan. 2005-yilda uchuvchilik litsenziyasini oldim, keyinchalik esa malakamni oshirib, tekshiruvchi muhandis va murabbiy bo‘ldim. Yigirma yil ichida biz ko‘plab mamlakatlarga sayohat qildik, bu sohadagi deyarli barcha mavjud sertifikatlarni qo֥‘lga kiritdim.

■ Siz nima uchun ayollar aeronavtika bilan shug‘ullanishlarini xohlaysiz?

Mening asosiy vazifam — ayollar huquqlari. Ularning atigi 5 foizi havo sharida parvozchi bo‘lishadi, bu sohada pul topadiganlari esa bundan ham kamroq. Ayollarni kamsitish nima ekanligini men o‘z tajribamdan bilaman. Ko‘p odamlar bilan kurashishimga to‘g‘ri keldi, lekin baribir o‘z maqsadimga erishdim.

2010-yilda dunyodagi havo sharida uchuvchi ayollar xalqaro chempionatini tashkil qildim. Hozirda u har yili o‘tkazilib kelinayapti. Bu biznesning yarim asrlik faoliyati davomida 2016-yilda men Buyuk Britaniyadagi birinchi ayol murabbiy bo‘ldim! Bu hayratlanarli, shunday emasmi?

Havo sharlariga bo‘lgan muhabbatim bilan o‘rtoqlashadigan Leys bilan tanishganimdan xursandman. Shuningdek, men butun jamoamizga — Tohir, Olga, Sasha va Aleksga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

■ O‘zbekistonda havo sharlarida uchish haqida qanday fikrdasiz?

O‘zbekiston aeronavtika uchun juda mos keladi! Bu yerda juda ko‘p go‘zal joylar bor. Havo sharlarida qadim shaharlar ustidan uchishni istagan sayyohlar oqimining ko‘payishi sayyohlik, mehmonxona, restoran, transport va boshqa bizneslarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, bu yerda aeronavtika maktabini ochish ajoyib ish bo‘lar edi. Shunda butun Osiyo va hatto Yevropadan odamlar O‘zbekistonga o‘qish va parvoz litsenziyasini olish uchun kelgan bo‘lar edi. Mavsumiy yomg‘ir bir necha oylab davom etadigan Buyuk Britaniyaga va hatto Janubi-Sharqiy Osiyoga qaraganda sizdagi iqlim va ob-havo ancha yaxshi.

■ Jahon rekordingiz haqida bizga aytib bering.

Men dunyodagi deyarli 200 ta mamlakatdan 118 tasida havo sharida parvoz qildim. Bu ishni hamma joyda ham bajarishning imkoni yo‘q, shuning uchun kamida 150 taga oshirishga ishonaman. Keyingi maqsadim Afrika: u yerda o‘ttizga yaqin mamlakatni aylanib chiqmoqchiman.

■ Yana kimdir siz kabi ko‘plab mamlakatlarga havo sharida tashrif buyurganmi?

Hozircha, bu qadar ilgarilab ketgan yagona ayol menman. Ehtimol, Leys bir kun kelib menga yetib olar. (Kuladi.) Fikrimcha, mendan 3–4 mamlakat orqada qolayotgan bir kishi ham bor. Shuning uchun ham harakat qilishim kerak. (Kuladi.)

Katta havo sharida: Osiyo ayollariga samoga yo‘l ochildi, 7ladies.uz

■ Ayting-chi, shu paytgacha qayerlarga borib ulgurdingiz?

Butun Amerika bo‘ylab uchib o‘tdim. Braziliyaga tashrif buyurdim va u yerda Leysni uchratdim. U bilan birga Paragvayda parvoz qilgan birinchi ayol aeronavtlar bo‘ldik. Bu oson bo‘lmadi.

O‘zbekiston mening 118-mamlakatim. Tojikistondan keyin Bruneyni zabt etish umididaman, bu unchalik ham oson emas: menga sultonning ruxsati kerak bo‘ladi. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, bu Bruney tarixidagi birinchi uchar havo shari bo‘ladi!

Katta havo sharida: Osiyo ayollariga samoga yo‘l ochildi, 7ladies.uz

■ Parvoz vaqtida o‘zingizni qanday his qilasiz?

Parvoz paytida barcha tashvishlar ortda qoladi. Yomon ob-havo tufayli bir necha oy davomida qanday qilmaylik, Britaniyada ucha olmadik, keyin esa nihoyat ko‘tarildik — bu ajoyib edi!

Parvoz paytida siz shunchalik yengillikni his qilasizki, barcha muammolaringizni unutasiz. Yana menga havo sharida yerdan pastlab uchib o‘tayotganimda, jonivorlarga qarash va odamlarga qo‘l silkitish yoqadi.

Katta havo sharida: Osiyo ayollariga samoga yo‘l ochildi, 7ladies.uz

Leys Pino

Yosh uchuvchi va ekstremal sport havaskori Leys Pinyo nafaqat havo sharida osmonga ko‘tarilish va tijorat parvozlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri havo shari savatidan parashyutda sakraydi. Shuningdek, u qirq yoshiga to‘lgunga qadar qirqta mamlakatda havo sharida parvoz qilishni maqsad qilgan.

■ Sizning ro‘yxatingizda nechta mamlakat bor?

O‘zbekiston o‘n beshinchisi bo‘ldi!

■ Afrikada uchish boshqacha bo‘lgan deb eshitdik. U haqida gapirib bering.

Kuchli shamol tufayli ko‘tarilish qiyin bo‘ldi, lekin fillar, sherlar, jirafalar, begemotlar ustida parvoz qilish… bu beqiyosdir! Tanzaniyadagi har bir parvoz haqiqiy sarguzashtga aylandi. Men u yerda ikki oy bo‘ldim va ob-havo sharoiti har kuni osmonga ko‘tarilishga yo‘l qo‘ymasa ham, 50 martacha parvoz qilishga muvaffaq bo‘ldim.

■ Ro‘yxatingizda 15 ta mamlakat bor, agar har birida 50 tadan parvozni amalga oshirgan bo‘lsangiz, tabiiyki yerga qaraganda havoda ko‘proq vaqt o‘tkazasizmi?

Ha, shunday. Men tijorat parvozlari bilan shug‘ullanaman, odamlarni aeronavtika bilan tanishtiraman. Masalan, Marokashda 80 ta parvozni amalga oshirganman, lekin eng ko‘pi ona vatanim Braziliyada bo‘lgan.

Katta havo sharida: Osiyo ayollariga samoga yo‘l ochildi, 7ladies.uz

■ Nima uchun aeronavtika bilan shug‘ullanishga qaror qildingiz?

Men Braziliyada tug‘ilganman, u yerda har yili havo sharlari festivallari o‘tkaziladi. Bolaligimdan hayrat bilan ularning parvozlarini kuzatardim va o‘n yoshimda birinchi marta uchib ko‘rganman. Aeronavtikani yoqtirib qoldim va parvozchilar, jamoalar bilan muloqot qila boshladim. Hatto “crazy for flights” (parvozga berilib ketgan) taxallusiga ega bo‘ldim. Voyaga yetishimni intiqlik bilan kutardim va o‘n sakkiz yoshga to‘lgan kunim aviatsiya maktabiga litsenziya olishga hujjatlarni topshirib, u yerda o‘qish uchun barcha zarur narsalarni oldindan tayyorlab qo‘ydim.

■ Havo sharlarida uchish tez fursatda hayotiy faoliyatizga aylandimi?

Avvaliga parvozlar sevimli mashg‘ulotga o‘xshardi, chunki ota-onam aeronavtikani jiddiy kasb deb hisoblashmasdi. Turli jihatlarni sinab ko‘rdim — o‘z biznesimni ochdim, chet elda o‘qidim, lekin har doim havo sharida shug‘ullanishga qaytardim.

Bir kuni otamga, agar yil oxirigacha hisoblarimni to‘lay olmasam, oddiy ish topishimni aytdim. Ikki oydan keyin esa muvaffaqiyatga erishdim. Hisoblarimni o‘zim to‘lay boshladim, keyin esa chet elda tijorat parvozlarini amalga oshirishni boshladim. Butun dunyo bo‘ylab havo sharlari uchuvchisi sifatida ishlaydigan braziliyaliklardan ikkitamiz. Men Marokash va Tanzaniyaga uchdim, lekin umid qilamanki, geografiyam kengayadi.

■ Parvoz paytida eng esda qolarli narsa nima?

Men ekstremal parvozlarni yaxshi ko‘raman, allaqachon havo sharining gumbazida uchganman, yerdan 500 metr balandlikka ko‘tarilganman, parashyutda sakraganman. Pandemiya paytida tug‘ilgan kunimni shunday nishonlagandim: biz havo sharining gumbaziga chiqdik, bir parashyutchi do‘stim u yerdan paraplandan sakragan va di-jey havo sharining savatida musiqa “chalgan”.

■ Siz shunday manevrlarni bajarasiz-ki! Balandlikdan qo‘rqadiganlarga nima maslahat berasiz?

Men doim havo shariga chiquvchilarga aytaman: parvoz paytida qo‘rquvni his qilmaysiz, siz havodan, tabiatdan, landshaftlardan zavqlanasiz, hatto balandlikdan qo‘rqishingizni esga ham olmaysiz.

■ Parvoz vaqtida nimani his qilasiz?

Ozodlikni. Bu dunyoning va tabiatning bir qismi ekanligimni his qilaman. Parvoz vaqtida men uchun atrofdagi hamma narsa ma’noga to‘ladi, bu tuyg‘uni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Musobaqalar paytida adrenalin va albatta, kuchli ishtiyoqni his qilaman.

Текст: