Lifestyle-bloger Yunetta Akopyan o‘zining “Dardim” qo‘shig‘i bilan millionlab kishilarning qalbini zabt etdi. Ikki oy ichida YouTube-dagi hissiy kompozisiya o‘n milliondan ortiq ko‘rildi. Xit mazmuni O‘zbekistondagi har bir qizning eng qo‘rqinchli tushidir. Tasavvur qiling-a, turmush qurishni taklif qilishdi, keyin esa unashtiruvni buzishdi. Bularning barchasi hammaga oshkor bo‘ldi. Og‘ir hissiy inqirozga uchragan qahramon, sodir bo‘lgan voqealardan omon qolish uchun kuch topdi, shu jumladan katta auditoriyasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli bunga erishdi. Hozirda Yunetta ijodga sho‘ng‘ib ketdi, u yana “Eng yaxshi lifestyle-bloger” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi va 7LADIES muqovasidan joy oldi.

Yunetta Akopyan
■ Yunetta, YouTube’dagi kompozisiyangiz ikki oy ichida 10 milliondan ortiq ko‘rildi. Sizningcha, bunday ulkan muvaffaqiyatning sababi nimada?
Qo‘shig‘im butun O‘zbekistonning qalbini titratdi, deb o‘ylayman. Avvaliga u faqat qizlarga yoqsa kerak deb o‘yladim, lekin adashibman. Men konsertlarimdagi tomoshabinlarni, “stories”larimdagi qayd etishlarni, ko‘chadan o‘tib ketayotgan odamlarni kuzatganimda qo‘shig‘imni ko‘plab erkaklar ham tinglashlarini tushunib yetaman!
Qo‘shig‘im qalbdagi og‘riqni tarannum etadi — buni har kim buni o‘z qalbiga ko‘ra tushunadi. Ba’zilar uchun bu munosabatlar, boshqalar uchun bu qiyin hayotiy vaziyatlar yoki og‘ir voqeliklar. “Dardim” keksa avlod vakillariga o‘tib ketgan yoshligini eslatgani haqidagi fikrlarni ham uchratdim. Yosh yigitlarning aytishicha, qo‘shiq ularning hayotlarida sodir bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq ekan. Ular qo‘shig‘im orqali men bilan birgalikda ayni his-tuyg‘ularni boshdan kechirishadi.
■ Trekni yozishga qancha vaqt ketdi? She’rini kim yozdi?
Qalb og‘rig‘imni jo qildim. Har bir qo‘shiqning ruhi bor — agar dil yarasiga teginsangiz, odamlar sizni his qilishadi Bu, ehtimol, trek mashhur bo‘lishining garovidir.
She’r yozish oson bo‘lmadi. Menga prodyuserim Shokir Shukurboyev yordam berdi. U har doim meni qo‘llab-quvvatlab kelgan va kelmoqda. Men rus tilida yaxshiroq yoza olaman — she’rmi, nasrmi — nima bo‘lsa ham. O‘zbek tilida qiynalaman. Shokirga his-tuyg‘ularimni so‘zlab berdim, dardimni tushuntirdim, birga she’r yozdik. Qo‘shiq aytishni boshlaganimda — yig‘ladim. Hammasini qayta-qayta boshdan kechirayotganga o‘xshardim — qo‘shiq jaranglagani sari menga shifo kabi kelar edi.

“Qo‘shig‘im qalbdagi og‘riqni tarannum etadi — buni har kim buni o‘z qalbiga ko‘ra tushunadi”
■ Konsertda qo‘shiq kuylaganingizni aytib qo‘ydingiz. Bu haqda bizga ham gapirib bering.
Bu Humo Fest xip-xop festivali edi — ko‘plab san’atkorlar 10 daqiqadan chiqish qilishdi. Ular meni taklif qilishganida, juda hayron bo‘ldim: axir endigina qo‘shiq aytishni boshlagan edim. Sentyabr oyining oxirida birinchi trekim chiqdi va 1 dekabr kuni men 20 ming kishilik auditoriya oldida chiqish qildim.
■ Hayajonlandingizmi?
Til ojiz. Rozi bo‘lgach, o‘zimdan shubhalana boshladim: u yerda juda ko‘p professional xonandalar bor, qo‘shiqlari ham ko‘p, omma oldida tez-tez chiqish qilishadi. Men-chi? U yerda nima qilaman? Lekin tezda o‘zimni tinchlantirib, vaziyatga moslashtirdim. Meni taklif qilishgan ekan, demak, u yerda bo‘lishga loyiq va munosibman. “Boraman va qo‘shiq aytaman!” — dedim o‘zimga. Kuyladim ham! Butun zal kuyladi, o‘sha lahzalarda deyarli esankirab qoldim, lekin hammasi ajoyib bo‘ldi. Unutilmas taassurotlar.
■ Siz vokalni o‘rgandingizmi yoki usiz ham eplayapsizmi?
Balki hayron bo‘larsiz, lekin yaqin yaqingacha hech qachon qo‘shiq aytmaganman. Vokal darslariga boryapman — ikki oydan beri intensiv dars olyapman. Bir paytlar onam menga qo‘shiq aytish men uchun emasligini, oilamizda hech kim qo‘shiq aytmasligini ta’kidlagan edi. “Xo‘p, mayli”, — deb o‘yladim, agar xohlasam, katta bo‘lganimda aytarman. Shunday bo‘ldi ham. Endi, albatta, biroz qiyinroq, chunki mening ovozim va eshitish qobiliyatim allaqachon shakllangan. Ammo hamma narsa miyaga bog‘liq — buni vokal o‘qituvchisi va Shokir ham aytdi. Ular meni: “Ovozing yaxshi, eshitishing zo‘r, qo‘shiqni binoyidek ayta olmayman, degan fikrni boshingdan olib tashla”, deb o‘zimga ishonch uyg‘otishdi. Mikrofon oldiga bordim, ovozim bo‘g‘ilishni boshladi: o‘zimni g‘uj bo‘lib olgandek his qildim, go‘yo qo‘shiq aytishni xohlamasdim.
So‘nggi paytlarda hammasi boshqacha bo‘lyapti. Harakat o‘z samarasini beradi. Yaqinda elektron pianino sotib oldim, tinglash qobiliyatini rivojlantirish va notalarni tezda topish uchun uni chalishni o‘rganyapman.

“Chuqur depressiyani yengib, ijodga qaytishga muvaffaq bo‘ldim”
■ Ancha faol bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi, ish rejangizni qanday taqsimlaysiz?
Har kecha ertangi kun uchun rejalar tuzaman. Menejer nima jo‘natishiga qarayman, unga reklama, ba’zi videoroliklarni jo‘natishim kerak bo‘ladi. Tadbir rejasi mavjud. Ba’zan juda kechgacha ishlayman va yarim tunda uxlayman. Kecha, masalan, shunday bo‘ldi. Suratga olish, montaj qilish, film premerasiga borish, suratga olish, yana suratga olish. Aytish mumkinki, endi-endi vaqtni boshqarishni o‘rganyapman. Ba’zida u yaxshi ishlaydi, ba’zida unchalik emas. (Tabassum qiladi.)
■ Kun davomida ko‘p ishlarni uddalash uchun energiyani qayerdan olasiz?
Bolaligimdan juda ko‘p orzu qilardim. Aytish mumkinki, kichkina Yunaning orzularini haqiqatga aylantirdim. Negadir esimga tushdi, onam va xolam bilan taksida ketayotganimizda, o‘shanda uch yoshda edim, ular mendan: “Katta bo‘lganingda kim bo‘lishni xohlaysan?” deb so‘rashganida, “Qo‘shiqchi yoki bank direktori bo‘laman”, deganman. Doimiy ravishda qo‘limga guldonni tutib, uyni aylanib chiqardim, uni mikrofonga o‘xshatib qo‘shiq aytardim va xayolan gitara deb tasavvur qilib, uni chalardim. Aytgancha, hali ham gitara chalishni o‘rganishni xohlayman. Oilamizda yagona ijodkorman. Qolganlar oddiy insoniy kasblarni tanlagan. (Kuladi.) Shifokorlar, biologlar, kosmetologlar… Men esa: styuardessa, bloger, qo‘shiqchi, musiqachi.
■ Yaqinlaringiz tanlovingizga qanday qarashadi?
Avvaliga tushunmovchilik bilan: “Shuyam ishmi? Qachon normal ish topasan? Musiqa qorningni to‘ydirmaydi”, deyishardi. Men o‘zimni tinchlantirar, ularga quloq solmaslikka harakat qilardim. Ammo vaqt o‘tishi bilan onam meni tushundi, anglab yetdi. Ko‘chada birga yurganimizda, odamlar mening oldimga kelib, suratga tushishni iltimos qilishsa, maqtashsa yoki ijodim haqida yaxshi gapirishsa, u xursand bo‘ladi. Kutilmaganda bu odamlar mening muxlisim ekanligini angladi.
■ Blogerlikni qanday boshlaganingizni aytib bering
O‘shanda men SMM agentligida ishlardim. U yerda marketing va odamlar bilan muloqot qilish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘ldim. Boshqa sohaga o‘tishimning qisman sababchisi kamerasi yomon eski telefonimni yangi iPhone sotib olganim bo‘ldi. O‘shanda men 18 yoshda edim va gadjetimni yangilaganimdan so‘ng, video suratga olishni boshlash haqida o‘ylay boshladim. O‘shanda ham Samarqandda bloger qizlar yetarlicha edi, men ham ular kabi uddalay olarmikinman, deb o‘ylardim.
Keyin men ishda qisqartirishga tudim va buni hal qiluvchi alomat deb bildim. Juda ko‘p kontentni suratga olishni boshladim: fotosuratlar, reels, stories — instagram akkaunti uchun hamma narsa. Tez orada auditoriya ikki ming kishidan yetti mingga ko‘paydi. 2022-yilda esa meni chinakam rag‘batlantirgan vaziyat yuzaga keldi. Mahalliy inflyuenser qizlar insta-xaus ochishdi. Bu qo‘shma videolar yaratadigan, hamkorlik qiladigan va tendensiyalarni yaratadigan blogerlar uyushmasi. Men ham unga qo‘shilishni xohlardim, lekin bunday loyihada ishtirok etish uchun ular mendan umumiy kvartirani ijaraga olishga 300 dollar pul so‘rashdi. O‘shanda bu pulga Samarqandda butun bir tumanni ijaraga olsa bo‘lardi! Shu zahoti bu qizlar bilan muloqotim tugadi va men ulardan ustun ekanligimni isbotlashga kirishdim. Tez orada o‘sha insta-xaus yopildi va bir yildan so‘ng men Toshkentga ko‘chib o‘tdim hamda ko‘rishlar soni bo‘yicha hammasini ortda qoldirdim. Men bu geshtaltni yopdim.

“Mening shaxsiy hududim yo‘q — uydan tashqari”
■ Deyarli million kishilik auditoriyaga ega bloger bo‘lish qiyinmi? O‘zingizni qay tarzda intizomga solasiz?
Buni qiyin deb aytmagan bo‘lar edim, lekin mening odamga bo‘lgan e’tibor ma’lum bir iz qoldiradi. Juda yaxshi tushunaman, endi mening shaxsiy hududim yo‘q — uydan tashqari. Boshqa joylarda doim hushyor bo‘laman: axir, obunachilarim oldida javobgarman va ortiqcha narsa qilolmayman. Qandaydir kulgili videolarni o‘ylab topaman, ajoyib bo‘ladi, lekin uni kadrma-kadr ko‘rganimda hazilimni noto‘g‘ri tushunishlari mumkinligini anglab yetaman. O‘z-o‘zimni syenzura va nazorat qilish boshlanadi. Kiyimlar bilan ham xuddi shunday: ochiq va tor kiyina olmayman — ular noto‘g‘ri tushunishadi. Qila olmaydigan narsalarim juda ko‘p — omma oldidagi odam bilan shunday bo‘ladi.
■ Ko‘zoynak taqib yurasizmi yoki yopinchiqli kiyimda?
Bunday qilaman deb hech o‘ylamagandim, bir kuni Tashkent City Mallga borishga to‘g‘ri keldi. O‘zimni yomon his qilardim, shoshib qoldim va umuman kayfiyatim yo‘q edi. Tibbiy niqob taqdim: kimligim aniq bo‘lmasin dedim. Do‘konda narsa tanlayotganimda dugonamga ovozli xabar jo‘natayotgan edim, keyin bir qiz yugurib kelib: “O-oo! Bu sizsiz-ku! Ovozingizdan tanidim, lekin nega niqob taqib oldingiz?”, dedi. Odamlar meni ovozimdan ham tanib olishadi.
Aslida, bunday e’tibor menga yoqadi. Muxlislarim mening qo‘llab-quvvatlovchilarim va suyanchiqlarim. Muxlislarimdan g‘oyat minnatdorman.
■ Siz yana bir bor “Eng yaxshi lifestyle blogeri” mukofotini qo‘lga kiritdingiz, raqobatchilaringiz bunga qanday munosabatda?
2023-yilda men uni ikki marta oldim va 2024 yilda yana bitta — hozirda menda uchta mukofot bor. Uyga borganimda ular ko‘zimni quvontiradi. Men bunga loyiqman, munosibman. Men har doim o‘zimni maqtashga va rahmat aytishga harakat qilaman. Raqobatchilarimga bu yoqmas. Ulardan bu mukofot haqida: “Biz buni noto‘g‘ri, deb hisoblaymiz, yuz ming auditoriyali blogerlar va million kishilik auditoriyaga ega blogerlar bir toifada jamlangan. Ularning biz bilan raqobatlashishga qanday haqqi bor?”, deyishganini tez-tez eshitaman. Men deyarli million kishilik auditoriyali blogerman, barchamiz katta mehnatimiz tufayli auditoriyaga ega bo‘lamiz. Menimcha, bu raqobatchilarni asabiylashtirmasligi, balki rag‘batlantirishi kerak: harakat qilib ko‘ring, siz ham muvaffaqiyatga erishasiz. Ayni paytda ularning ko‘plari meni qora ro‘yxatga tiqib qo‘yaqolishadi. Hasaddan, shekilli.
■ Bayramda ta’tilga chiqarsiz? Yangi yilni qanday nishonlashni rejalashtiryapsiz?
31-dekabr kuni Samarqandga borib, oilam va do‘stlarim davrasida Yangi yilni nishonlayman. 3–4 kundan keyin Toshkentga qaytaman. Hamma dam olayotganda, o‘z vaqtimni musiqa, pianino va vokalni o‘rganishga bag‘ishlayman. Yanvar oyida studiyaga qaytganimda, o‘sha yerda yashasam kerak! Rejam — musiqaga boshim bilan sho‘ng‘ib ketish.
■ Agar yil yakunlari haqida gapiradigan bo‘lsak, 2024-yilda erishgan beshta maqsadingizni ayta olasizmi?
Men chuqur ruhiy tushkunlikni yengib, ijodga qaytishga muvaffaq bo‘ldim. Ko‘p bora sayohat qildim: Misr, Gruziya, Goa, Moskva va Qozonda bo‘ldim. Ko‘proq sayohat qilgan bo‘lar edim, lekin o‘mrov suyagim singanligi sababli yoz bo‘yi uyda qoldim.
■ Qanaqasiga?
Yo‘l-transport halokatiga uchradim. Basseynga borish yoki samolyotda uchush mumkin emas edi. Tiklanish esa uzoq davom etadigan jarayon. Bu borada “omadliman”: bolaligimda to‘rt marta qo‘limni sindirib olganman. Juda sho‘x qizcha bo‘lganman, chandiqlarim o‘g‘il bolalarnikidan kam emas.
Muvaffaqiyatlar haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yil davomida mening auditoriyam ko‘paydi. 500 ming kishiga yetganimizni nishonlashni rejalashtirgandim, hozir esa 700 mingmiz. Yana bir amalga oshgan maqsad — bu konsertlar. “Humo Arena”da 20 ming kishi oldida chiqish qildim — tasanno deyman o‘zimga!
■ Juda ulg‘ayib qolgandek gapiryapsiz. Sizga buni qachondir aytishganmi?
Aytishdi. O‘zimam hayron bo‘ldim, nega bunday? Nega tengdoshlarim kabi bir tekisda yashay olmayman? O‘ylashimcha, bu yil katta o‘zgarishlar ro‘y berdi: mas’uliyatning kengroq sohasi paydo bo‘ldi. Ko‘p narsaga mas’ul bo‘lgan yaqin kishim bilan ayrildik. Yolg‘iz qolganimda, katta hayot mana shu ekanligini angladim. Ijara haqini to‘lash, onamga pul yuborish, kir yuvish kukunini zaxiralab qo‘yish. (Kuladi.)
Umuman olganda, sevgan kishimdan ajralish meni buyuk ishlarga undadi. Sobiq yigitimdan eshitgan oxirgi iboram: “Mensiz hech narsa qila olmaysan!”, degan jumla bo‘ldi. Bu so‘zlar meni shunchalik g‘azablantirdiki, nafaqat qila olishimni, balki har ishda muvaffaqiyat qozonishimni isbotlash uchun tom ma’noda o‘zimni jonlantirdim.
■ Hozirgi kunda ko‘plab o‘smirlar maktabni tashlab, bloger bo‘lishni orzu qiladi, bu oddiy holmi?
Ha, ko‘pchilik: “Men o‘qimayman, bloger bo‘laman, ko‘p pul ishlay boshlayman va hokazo”, deb o‘ylaydi. Agar siz inflyuenser yoki mobilograf bo‘lsangiz, bu hayotingiz yorqin ranglarda aks etishini anglatmaydi. Hamisha biron bir natija va daromadga erishishga harakat qilishingiz kerak.
Bloger bo‘lishni istagan har bir kishi faqat katta auditoriya va pulni ko‘radi, lekin ekranning narigi tomonida nima bo‘layotganini bilmaydi. Hissiy charchash, g‘oyalar, vaqt yetishmasligi yoki odamlarning doimiy e’tiboriga hali duch kelmadi. Mashhurlikning salbiy tomonlari bilan kurashishga tayyormisiz, degan bo‘lar edim.
■ Boshlovchi blogerlarga maslahat bera olasizmi?
Agar lifestyle haqida gapiradigan bo‘lsak, unda kontent samimiylikka asoslangan bo‘lishi kerak. Odamlar yasamalikni juda yaxshi ajratishadi: “Oh, qanday ajoyib kun: bugun erta uyg‘ondim, o‘n tilni o‘rganish kurslariga bordim, keyin jismoniy mashg‘ulotlarga, undan so‘ngra SPAga, ana undan keyin esa xaridlar qilishga” — deyilsa, hech kim gaplaringizga ishonmaydi. Oddiylik o‘ziga jalb qiladi. Kuzatuvchilarim bilan aloqam bor, xatolarimni yashirmayman, o‘zimni kinoya qilaman. Kamchiliklarim bilan kurashda men ham ular kabi odam ekanligimni tushunishadi.
■ Jahon yulduz-blogerlari haqida gapiradigan bo‘lsak, sizga kim yoqadi, kimga ergashasiz, kimlardan ilhomlanasiz?
Snoop Dogg! Menga uning vayblari, Instagramini yuritishi juda yoqadi. Agar rossiyalik yulduzlar haqida gapiradigan bo‘lsak, HammAli va Navai, raqqosa Yana Rudkolar bilan shartnoma imzoladim. Umuman olganda, 800 ga yaqin obunachim bor, lekin kimnidir yaqindan kuzatib borish men uchun emas. O‘zimni tahlil qilib borganim ma’qul!
■ Odamlardagi qaysi fazilatlarni qadrlaysiz?
Samimiylik. Vijdonlilik. To‘g‘rilik. Hazil hissi. Inson o‘zi uchun mas’uliyatni o‘ziga olsa, unda ulg‘aygan, yetuk shaxsni ko‘rish mumkin, bunga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Bugungi kunda 20 yoshlilarning ko‘pchiligi 30 yoshlilarga qaraganda mustaqilroq.

“Butun zal kuyladi, o‘sha lahzalarda deyarli esankirab qoldim”
■ Yangi trekingiz qanday bo‘ladi?
Yangi, jo‘shqin, raqsbop trekim allaqachon tayyor. Buni oldin shug‘ullangan ishim bilan bog‘lash fikrim bor edi: undagi ma’lumotlarni xuddi styuardessa kabi o‘zbekcha o‘qidim: “Hurmatli xonimlar va janoblar, samolyotimiz uchishga tayyor. Xavfsizlik kamarlarini taqib oling” va hokazo.