Skip to main content

Bugungi kunda “ayol kishi mashina boshqarmasligi kerak” qabilidagi siyqasi chiqqan qarashlardan ortig‘i bormikan? Bu jumla allaqachon eskirishiga sabab bo‘lgan taraqqiyotga minnatdorlik bildiraylik. Va yanada ilgari odimlaylik: “Yashirin iqtidorlar” an’anaviy ruknimizning qahramoni barchani hayratga solishga shoshilmoqda va hattoki eng tajribali haydovchilarni ortda qoldirishi mumkin – zero u professional poygachi. Tezlikka tashnalik, avtomobillar va o‘tkir hissiyotlarga muhabbat – bularning barchasi Susanna Mukurdumova haqida. Tahririyatimizga bergan intervyusida u qanday qilib avtosport ustasi nomzodiga aylangani, nima sababdan avtopoygalarni tashkil etish bilan shug‘ullana boshlagani haqida hikoya qilib, nima uchun kart Lamborghini’dan tezroq ekanligini tushuntirdi.

  • O‘zingiz haqingizda so‘zlab bering. Avtomobillarga qiziqishingiz nimadan boshlangan?

Men, xuddi ota-onam kabi, Toshkentda tug‘ilganman. Otam 1996-yilda Toshkent avtomobil federatsiyasi asoschilaridan biri bo‘lganlar. Ular ham sportchi-avtopoygachi bo‘lganlar. Avtomobil sportiga qiziqishni menda aynan otam rivojlantirganlar.

  • Siz bolalikdan otangiz bilan birga mashinalarni kavlashtirganmisiz?

Ha, aynan shunday. Men mashinalar atrofida emaklab yurardim hamda uyga mazut va benzinga botgan holda kelardim. Benzin hidini sevaman! Butun hayotim avtomobillar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, hattoki sifatli benzinni hididan farqlay olaman. Xuddi parfyumerlar singari!

  • Siz avtomobillar mexanikasini shu darajada yaxshi bilasizmi?

Dahshatli eshitilishi mumkin, ammo ayol bo‘lishimga qaramay, motorni qismlarga ajratishim va yana yig‘ishim mumkin.

  • Haydovchi uchun avtomobil “ichak-chavog‘ini” batafsil bilish muhimmi?

Juda muhim. Haydovchi dvigatel ishi hamda umuman avtomobilning “ichki olamini” tushunishi kerak, chunki nosozlik yuz bergan taqdirda muammoning oldini olishi va bartaraf etishi zarur. Bu sohani tanlagan odam barcha mayda jihatlarni bilishi shart.

Aytgandek, tajribali haydovchi chiqarilayotgan gazlar hididan dvigatel to‘g‘ri sozlanganligini tushunishi mumkin. Bu ishimizning ajralmas qismi. Masalan, pirog pishirayotgan bo‘lsangiz, shunchaki hididan uning kuyayotganini bilishingiz mumkin va bunga ishonch hosil qilish uchun gaz pechini ochib qarashingiz shart emas. Bizda xuddi shunday, majoziy ma’noda.

  • Onangiz nima ish qiladilar?

Onam – uy bekasi. Ular otam bilan uzoq vaqt birga yashadilar va kasbimizning barcha kamchiliklariga ko‘nikib bo‘lganlar: benzin va moy hidi, motorlar va h.k. oilada men yagona farzand emasman, ammo faqat men shunaqa antiqa bo‘lib qolganman. (Kuladi)

Susanna Mukurdumova, 7ladies.uz

  • Bolalikdan avtopoygachi bo‘lishni xohlaganmisiz?

To‘g‘risini aytsam, mening hayotim juda qiziq – men doim ijodkor shaxs bo‘lganman. Maktabdan keyin V.A. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqiy akademik litseyini tamomlaganman, fleyta va fortepyano chalaman.

Biroq musiqa kamlik qildi va men patologoanatom bo‘lishni istab qoldim. Maktabdan keyin P.F. Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejiga akusherlik va ginekologiya fakultetiga o‘qishga kirdim va uni muvaffaqiyatli tamomladim. Bu voqeaning yakuni emas: keyin menda yurist bo‘lish istagi tug‘ildi, ammo bu yo‘nalishdan o‘tishning imkoni bo‘lmadi. Yurisprudensiya bilan bog‘liq omadsizlikdan keyin to‘qimachilik institutiga tikuv buyumlari konstruktor-texnolog mutaxassisligiga o‘qishga kirdim va uni ham muvaffaqiyatli tamomladim.

Menga hech qachon faqat bitta narsada to‘xtalish qiziq bo‘lmagan, shu bois o‘zimni turli yo‘nalishlarda izlaganman. Hozir esa men bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining rahbariman – bu mening asosiy ishim. Men bolalarni juda yaxshi ko‘raman. Lekin, bular hayotimni  tashkil qiluvchi hamma narsa emas. Otamning vafotidan keyin Toshkent avtomobil federatsiyasida ularning ishlarini davom ettirdim va hozirda federatsiya nomidan musobaqalar tashkil qilaman. O‘zim ham poygalarda bir necha marta qatnashganman va sport ustasi nomzodi maqomini olganman, bu sohani ichidan juda yaxshi bilaman.

  • Sportchi sizning yo‘nalishingiz bo‘yicha sport ustasi nomzodiga aylanishi uchun nimalarga erishishi kerak?

Razryadlar tizimi mavjud. Agar sportchi ma’lum musobaqalarda o‘rin egallasa, unga razryad beriladi. Shu tariqa, pog‘onama-pog‘ona, g‘alabama-g‘alaba ortidan men sport ustasi nomzodi nomigacha yetib keldim.

  • Siz yurgan eng katta tezlik qancha?

Motosiklda 300 km/s, ammo yo‘lovchi sifatida. Men sport motosiklini sotib olishni juda xohlayman, ammo hozircha bunday xaridga tayyor emasman. Mashinada esa soatiga 260 km tezlikka chiqqanman.

  • Qaysi mashinalarni afzal ko‘rasiz?

Menga Mercedes kabi klassik rusumlar yoqadi. Kundalik hayotda Daewoo Gentra haydayman.

Ammo mening asosiy muhabbatim – Subaru. Bir vaqtlar men o‘zimga Subaru Impreza WRX STI sotib olganman. Hozir mashina Moskvada va men uni katta boj to‘lovlari sababli olib kela olmayman. Bu men chindan sevadigan yagona rusum! Men hattoki manikyurni Subaru logotipi bilan qildiraman.

  • Avtomatmi yoki mexanika?

Mexanikani juda yaxshi ko‘raman, ammo yuqori tirbandlik tufayli avtomat tanlashga majburman.

  • Fotosessiya uchun qanday avtomobilni tanladingiz?

Bu otamdan menga qolgan 1939-yilgi Mercedes. Mashina hozir ham yuradi, ammo yo‘ldagi tirbandliklar tufayli unda yurmayman. Men fotosessiyada mumtozlik va zamonaviylikni birlashtirishni istadim, shu bois poyga formasini kiydim va ana shunday keskin farq yuzaga keldi.

  • Kartingda haydash yo‘ldagi qatnovdan farq qiladimi?

Fikrimcha, karting menga yaxshi maktab bo‘lgan – birinchi poygam o‘n yoshimda o‘tgan. Men hatto sanani ham eslayman – 1998-yil 8-avgust. O‘shanda uchinchi o‘rinni egallagandim.

Odatda, avtosportda natijalarga erishadigan barcha haydovchilar aynan kartingdan boshlaydi. Eng oddiy avtomobillardagi mashg‘ulotlar rulni boshqarishni o‘rgatib, yo‘lda yurishda tez harakat qilish va strategiyani rivojlantiradi.

Hozir har ikki mashinadan keyin yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavf tug‘diradigan havaskor ketayotganini tushunaman.

O‘sayotgan avlod aynan karting bilan shug‘ullanishini istardim, chunki poyga yo‘lda yurish uchun zarur barcha ko‘nikmalarni egallashga va yo‘ldagi boshqa haydovchilarning xatti-harakatini oldindan bilishga yordam beradi.

Susanna Mukurdumova, 7ladies.uz

  • Kundalik hayotda yo‘lda ehtiyotkorona haydashni afzal ko‘rasizmi yoki gazni bosishnimi?

Xotirjam va ehtiyotkorona yurishni afzal ko‘raman. Haqiqiy haydovchi yo‘llarda professional sportchilar emas, oddiy odamlar ekanligini tushunadi. Xavfli haydash orqali o‘z mahoratingni isbotlashdan ma’no yo‘q. Biz barcha hissiyotlar va adrenalinni poyga trassalarida qoldiramiz.

Bundan tashqari, mamlakatimizda haydovchilik madaniyati mavjud emas. Bizning yo‘llar – haqiqiy asab kushandasi. Hamma kimgadir signal chaladi, shoshiladi. Yashirmayman, men tezlik rejimini buzishim mumkin, chunki tezlikka o‘rganganman. Soatiga 60-70 km tezlikda ko‘nglim behuzur bo‘la boshlaydi. Nisbatan tezroq yurganda o‘zimni qulayroq his qilaman.

  • O‘zbekistonda poyga treklari va trassalari ko‘pmi?

Afsuski, bizda trassalar yo‘q. Barcha musobaqalarni Pskentdagi avtopoligonda o‘tkazamiz va u poyga uchun uncha mos kelmaydi. Bu ikki avtomobil ishtirokida sprinterlik chiqishlardan iborat drag-reysing bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan sinov poligoni.

Hozirda O‘zbekistondan tashqarida ishtirok etadigan va yaxshi natijalarni ko‘rsatadigan iqtidorli haydovchilarimiz juda ko‘p. Avtomobil sportini rivojlantirishda davlatimiz yordamidan umid qilamiz. Biz poygachilarimizni butun dunyoga mashhur qilishimiz hamda boshqa davlatlardan sportchilar va avtohavaskorlarni jalb qilishimiz mumkin.

  • G‘alaba nimaga bog‘liq? Haydovchining professional sifatlarigami yoki mashina xususiyatlarigami?

Hammasi muhim. Bu ikki mezonning uyg‘unligi yaxshi natija beradi. Senda ajoyib tezkor avtomobil bo‘lishi mumkin, ammo yomon reaksiya sababli startda sekinlashib qolasan, ehtimol butun poygani yutqazasan. Agar haydovchi ma’nan va jismonan yetarlicha tayyor bo‘lmasa, u butun yuklamaga chidashga va shunchaki rulni tutishga qodir bo‘lmaydi. Har bir detal muhim.

  • Erkak haydovchilarning sizga munosabati qanday? Eskicha qarashlar bo‘ladimi?

Bizda bunaqasi yo‘q. Erkak haydovchilar menga xuddi do‘sti va hamkasbi singari munosabatda bo‘ladi. Avtosportga kelganingda senda qizlarga xos sifatlar juda kam qoladi, shu bois biz hech qanday tortinish yo‘q. Va hech qanday yon bosishlar ham yo‘q.

Albatta, ba’zan hissiyotlarni tutib turish qiyin, ammo bunday holatlar kamdan-kam yuz beradi. Hattoki men ham qachonlardir yig‘laganman, ammo bunday paytlarda otam “Agar yana bir marta ko‘z yoshingni ko‘rsam, bu oxirgi chiqishing bo‘ladi” deb aytardilar.

Men O‘zbekistonda ayollar to‘laqonli ravishda erkaklar bilan raqobatlasha olishidan mamnunman.

  • Avtosport — qimmatli qiziqishmi?

Ha, juda qimmatli, kiyim-boshdan tortib avtomobilgacha.

  • Siz qanday avtomobilda musobaqalashgansiz?

Ochiq turdagi ochiq g‘ildiralik kichik mashinalarda. Ko‘pchilik bunday kichik hajmli mashinalar ancha sekin yuradi degan fikrda, ammo bunday emas.

Kartlar va Lamborghini o‘rtasida 50 metrga poyga uyushtirilsa, katta ehtimol bilan kart yutadi. Poyga avtomobilining kuzovsiz vazni ko‘p emas, dvigatel esa 50 ot kuchidan oshadi.

Kartni boshqarshi qiyin, ammo chetga chiqib ketishlar kam yuz beradi va rezina yomon bo‘lsa sodir bo‘lishi mumkin. Butlanish faqat bitta musobaqaga yetadi, narxi esa $300 atrofida. Avtosport juda qimmat – bu haqiqat.

  • Qachon haydovchilik faoliyatini tugatishga qaror qildingiz? Nima uchun bunday qarorga keldingiz?

Men poygalar tashkilotchiligiga ketishga qaror qildim, bu ish bilan shug‘ullanayotganimga uch yildan oshdi. Musobaqada qatnashish va yaxshi natijalarni ko‘rsatish uchun faol tayyorgarlik ko‘rish kerak. Afsuski, mashg‘ulotlar uchun jismonan vaqt ajratish qiyin.

  • O‘zbekistonda professional poygachilar ko‘pmi? Ularning orasida ayollar ham ko‘pmi?

Ha, poygachilar juda ko‘p. Drag-reysing bo‘yicha musobaqalarda 65 kishi ishtirok etdi. Avtomobil-halqali poygalarda taxminan 30-40 haydovchi qatnashdi. Kartingchilar 130ta odam va faqat ularning orasida ayollar bor.

  • Musobaqalarni tashkil etish qanchalik murakkab?

Tushunishingiz uchun: men bor ish haqimni musobaqalarni tashkil qilishga sarflayman. Men uchun musobaqa o‘tkazish – katta sharaf va mas’uliyat, zero men otamning ishini davom ettiryapman va poygalarga uzoq va jiddiy tayyorlangan, o‘z vaqti va pullarini sarflagan haydovchilarga pand berishim mumkin emas. Men buni chin qalbdan yaxshi ko‘raman.

Susanna Mukurdumova, 7ladies.uz

  • Xavfsizlikni tashkil etish yuzasidan muammolar yuzaga kelmaydimi?

Yo‘q, hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men anchadan buyon bu ishdaman va musobaqalarimiz xavfsizligiga qandaydir salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha to‘sqinliklarni bilaman. Sportchilar ham xavfsizlik borasida tashvishlanadi, shu bois favqulodda vaziyatda hayotlarini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan sifatli kiyim-bosh va anjomlarni sotib oladilar. Avtomobillarga esa majburiy texnik talablarimiz mavjud. Xavfsizlik hammasidan ustun.

  • Poygalar vaqtida avariyalar bo‘ladimi? O‘zingiz avariyaga uchraganmisiz?

Har doim emas, ammo ba’zida bo‘lib turadi. Men qo‘rqinchli avariyalarga uchramaganman, mashina ichida to‘ntarilib ketmaganman.

  • Siz qachonlardir tashkil qilgan eng tomoshabop musobaqa qaysi bo‘lgan?

O‘n ming tomoshabinni to‘plagan drag-reysing bo‘yicha musobaqalar. Afsuski, bizda poligonda tribunalar joylashtirish uchun mablag‘ mavjud emas. Biroq, noqulayliklarga qaramay, odamlar baribir kelaveradi, chunki ularga avtopoygalar yoqadi. Biz bu qiziqishni ko‘ramiz va imkon qadar ko‘proq shunday tadbirlar o‘tkazishga intilamiz.

  • Siz xalqaro musobaqalarda ishtirok etganmisiz?

Ha, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda karting bo‘yicha turnirlarda qatnashganman.

  • Avtosport soxasidan tanish va do‘stlaringiz ko‘pmi?

Juda ko‘p. Qiziq va g‘alati, ammo shaxsiy hayotimda bu aks etmagan: men turmush qurmaganman, farzandlarim ham yo‘q. Bu holatga juda xotirjam qarayman. Avtosport sohasidagi barcha erkaklarni faqat do‘stlarim sifatida qabul qilaman.

  • Hayotingizda avtosport qanday o‘rin tutadi?

Bu yuragimning bir parchasi, hayotim mazmuni. Bu men nafas oluvchi havo. Men avtosportsiz yashay olmayman va o‘zimni tasavvur qilmayman. Men tezlikka oshiqman.

Otamdan qolgan federatsiya – men uchun kuchli harakatga keltiruvchi kuch. Barcha qiyinchiliklar, taqiqlar va boshqa noxushliklarga qaramay, men hech qachon ortga chekinmayman va to‘xtamayman. Bu mening ehtirosim. Bu mening muhabbatim.

Текст:
Фото: