“Muvaffaqiyatga erishish uchun nimani istashingni aniq bilishing kerak” — deydi Golden House Bosh direktorining kompaniya strategik dasturlari bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Usmanova. Bizning qahramonimiz —o‘quvchilarimizni ilhomlantira oladigan hikoyaga ega maqsad sari intiluvchi muvaffaqiyatli ayol namunasidir. Intervyuda u kasbiga oid rejalari bilan bo‘lishib, xorijdagi ta’lim uning dunyoqarashiga qanday ta’sir qilgani hamda hozir va shu yerning o‘zida baxtli bo‘lish mumkinligi haqida so‘zladi.
Nargiza, yangi lavozim bilan tabriklaymiz! Avgust oyida Sizni Golden House Bosh direktorining kompaniya strategik dasturlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlashdi. Endi oldingizda qanday vazifalar turgani haqida so‘zlab bersangiz.
Mening ishim GH raqobatchi bozorda yetakchilik pozitsiyalarini saqlab qolishini ta’minlashdan iborat. Men uzoq muddatli rejalarga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanaman: sotuvlarni oshirish, sifatni yaxshilash, ish jarayonlariga innovatsion yechimlarni joriy qilish.
Siz bundan oldin besh yil sotuvlar bo‘limiga rahbarlik qilgansiz. U yerda qanday natijalarga erisha olgansiz?
Qiziq, ammo bu besh yil Golden House’da bir lahzadek uchib o‘tdi. (Kuladi). Men qurilish avj olgan davrda eng yaxshi developerlik kompaniyasida ishlaganimdan faxrlanaman. Hozir ko‘chmas mulk bozori barqarorlashdi. Sotuvlar bo‘limining rahbari bo‘lganimda bu o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim va biz to‘g‘ri qarorlar qabul qilish orqali barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tdik deb hisoblayman. Shu vaqt ichida biz sotuvlar hajmini bir necha martaga oshirishga erishdik.
Sizningcha, bir yildan keyin ko‘chmas mulk sohasida qanday holat kuzatiladi?
Fikrimcha, yaqin yillar ichida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori jadal sur’atda rivojlanishda davom etadi. Bu urbanizatsiya, aholi sonining o‘sishi, sifatli turar-joy va tijorat ko‘chmas mulkiga talabning ortishi bilan bog‘liq. Mijozlar yanada talabchan bo‘lib qolgan, bozordagi raqobat esa o‘smoqda, shu bois quruvchilar loyihalarining sifatini yaxshilashga kirishadi. Ishonchim komilki, innovatsiyalarga sarmoya kirituvchi va xaridorlarga yo‘naltirilgan kompaniyalar raqobat ustunligiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, qurilishda ekologik toza materiallardan foydalanish trendi ham ommalashib bormoqda va bu jahon tendensiyalariga javob berib, atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qiluvchi mijozlarni jalb qilmoqda.
Raqobatning o‘sishiga qaramay, Golden House O‘zbekistondagi asosiy quruvchi kompaniya bo‘lib qolmoqda. Bunday yuqori darajada qolishning siri nimada?
Hamma gap to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlarda deb o‘ylayman. Jamoamiz mahsulotga katta e’tibor qaratib, talabni yaxshi tushunadi, iste’molchilarni eshita oladi. Shuning uchun, biz loyihalarni segmentlar bo‘yicha ajratganmiz: komfort, biznes-toifa va premium. Bizning sotuvlar ofisimizga kirgan mijoz izlayotgan narsasini albatta topadi, zero unga keng tanlov taqdim etiladi.
Siz bozordagi joriy vaziyatda o‘zgarishlarga moslashish zarurligini aytdingiz. Bu loyihalari bir necha yil oldindan rejalashtirilgan quruvchilar uchun qanchalik murakkab?
Qiyin yoki imkonsiz so‘zlari menda ichki qarshilikni yuzaga keltiradi. Bozor xuddi mijozlarning ehtiyojlari kabi o‘zgarmoqda — bu vaziyatda ishni umuman to‘xtatgandan ko‘ra, moslashishga uringan yaxshiroq. Biz yaxshiroq qarorni qabul qilishdan avval katta ishni amalga oshiramiz: mahsulot bo‘yicha mutaxassislar, marketologlar bilan maslahatlashamiz, sotuvlar jamoasi bilan fikr almashamiz. Hamma ko‘zga ko‘ringan g‘oyalarni biz albatta sinab ko‘ramiz. Bunda, Golden House’da g‘oyadan uni amalga oshirishgacha bo‘lgan vaqt bir haftadan bir oygacha bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, jamoamiz katta, ammo qarorlar tez qabul qilinadi. Men buni muvaffaqiyatli sotuvlarimiz hamda yuqori raqobatga qaramay, qurishda davom etishimizning muhim jihatlaridan biri deb hisoblayman.
Kompaniyada raqamlashtirish uchun qanday vositalar qo‘llaniladi?
Biz ichki jarayonlarni va mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni yaxshilash uchun zamonaviy texnologiyalarni faol joriy qilamiz. Bizda sotuvlarni boshqarish bo‘yicha ilg‘or CRM tizimi, xonadonlar rejasini tanlash, ularning narxini bilish va ipotekani hisoblash mumkin bo‘lgan mijozlar uchun qulay veb-sayt mavjud. Saytning CRM-tizim bilan bog‘langanligi so‘rovlarni tezkor qayta ishlash va o‘z vaqtida qayta aloqaga chiqish imkonini beradi.
“Kelajakda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun nimalarga erishishni istashimizni aniq tushunishimiz kerak”
Siz rahbar sifatida o‘z ishingizda qanday yondashuvlarga amal qilamiz? Qarorlarni qanday qabul qilasiz?
Hozirda bozordagi o‘zgarishlarga tezroq moslashish qobiliyati zarur. Biroq, joriy da’vatlarga javob berish bilan bir qatorda, uzoq muddatli rejalarni ham unutmaslik darkor. Kelajakda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun nimalarga erishishni istashimizni aniq tushunish hamda yuqoriga zinapoyani bugundan g‘ishtma-g‘isht qura boshlashimiz kerak. Men parallel tarzda turli vazifalarni hal qilish orqali muvozanatlashgan yondashuvga amal qilaman.
Sizga qanday sifatlar faoliyatingizda muvaffaqiyatga erishishda yordam bergan?
Birinchidan, strategik fikrlash qobiliyati: bu suratni yaxlit ko‘ra olish va asoslangan yechimlarni taklif qilish imkonini beradi. Ikkinchidan, men yangi sharoitlarga tez moslasha oladigan odamman. Ehtimol, bunga o‘qish vaqtida turli mamlakatlardagi hayotga moslashish zarurati sabab bo‘lgandir. Uchinchi sifat — bu muloqotga kirishuvchanlik. Men empatik odamman va turli odamlar — do‘stlarim, mijozlar va hamkasblarim bilan oson til topaman. Shunga qaramay, o‘zimga va boshqalarga nisbatan juda talabchanman. Sotuvlar bo‘limida ishlash oson emas: sotish umuman qiyin ish, natija esa hammasidan yuqori. Men doim butun jamoani qo‘llab-quvvatlayman, ularga zarur vositalarni beraman, ilhomlantiraman, ammo natijani aynan xodim ko‘rsatishi kerak. Ehtimol, shu bois barcha qiyinchiliklar va talablarga qaramay, bizning jamoamiz shu qadar ahil bo‘lsa kerak.
Mukammal xodim qiyofasi mavjudmi?
Bunday qiyofa bo‘lmaydi, ammo men uchun ishga qabul qilishda muhim bo‘lgan ayrim omillar bor. Masalan, nomzodning oliy ma’lumotga egaligi: bu odam o‘z oldiga maqsad qo‘yib, unga erisha olishidan dalolat beradi. Sotuvlar sohasidagi yana bir muhim omil — hayotiy va professional tajriba.
Ish faoliyatingizda yodingizda qolgan suhbat bo‘lganmi?
Ha, bir nomzod suhbat vaqtida o‘ziga juda ishonib harakat qilgan va men qaysidir lahzada uni ishga olish yoki olmaslik borasida gumonga borganman. Chamasi, u buni sezgan va bahs o‘ynashni taklif qilgan: birinchi oyda 20 ta xonadon sotishni, agar eplay olmasa – ishdan bo‘shashni va’da qilgan. Menga bu so‘zlar shunchaki aytilganmi yoki bu odam haqiqatdan sotuvlarni amalga oshira olishini bilishga doir qiziqish uyg‘ongan. Va u haqiqatdan 20 ta xonadon sotib, kompaniyada ishlashda davom etdi. Keyinroq Ibrohim bizda ishlashni qattiq xohlagani uchun suhbat chog‘ida juda asabiylashganini va faqat bizga emas, balki o‘ziga vazifa belgilashga tavakkal qilganini aytgan. Natijada, u belgilangan maqsadlarga erisha olishini ko‘rsatdi. Men Bosh direktorning strategik rejalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga ketayotganimda unga sotuvlar bo‘limi rahbari lavozimini qoldirdim.
Ta’lim mavzusiga qaytsak: Siz qayerda o‘qigansiz?
Men 2002-yilda poytaxtdagi eng yaxshi oliygohlarning biriga — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirganman, keyinchalik Yaponiyada o‘qish uchun grant yutib, u yerda biznes-ma’murchilik bo‘yicha dasturdan o‘tganman. Bir necha yil Moliya vazirligi, so‘ngra General Motors Powertrain kompaniyasida ishlagach, Turkiyada “Inson resurslari boshqaruvi” yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik darajasini olishga qaror qildim. O‘shanda bu kasb mutlaqo yangi hisoblanardi. Ta’lim turk tilida olib borilardi. Kursni imtiyoz bilan tamomlagach, eng yaxshi bitiruvchilar safidan o‘rin olganmagan va asl turklarni hayratga solganman. (Kuladi.) So‘ngra Londonda bir yillik stajirovka uchun stipendiyani qo‘lga kiritib, u yerda HR mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiganman. Jami bo‘lib oliy ta’lim muassasalarida 11 yillik o‘qishimdan so‘ng Toshkentga qaytish va oila qurish vaqti kelganligini tushundim.
Siz bir nechta tilni bilasiz. Bunday moyillik qayerdan paydo bo‘lgan?
Men Buxoroda tug‘ilganman, u yerda odamlar bir nechta tilda so‘zlashadi: o‘zbekcha, tojikcha, ruscha — bu tillarning har biri men uchun ona tilimga aylangan. To‘rtinchisi ingliz tili bo‘lgan. Nemis tilini o‘zlashtirishga uringanman, ammo bu men og‘zaki darajada so‘zlasha oladigan yapon tiliga nisbatan qiyinroq kechgan. Istambulda magistraturaga o‘qishga kirganimda turk tilini o‘rgana boshlaganman: bir yil davomida intensiv kurslarga borganman va hozirda bu tilda bemalol so‘zlasha olaman deb aytishim mumkin. Hozir suhbat chog‘ida kutilmaganda boshqa tilda gapira boshlaydigan vaqtlarim bo‘ladi. Menimcha, bunday holat bir nechta tilni biladiganlarda yuz beradi. Balki, buning davosi ham yo‘qdir (Kuladi.)
Hayollaringiz qanday tilda kechadi?
Men barcha ona tillarimda fikr yuritaman. Biroq, Turkiyada yashaganimda turkchada, Yaponiyada esa — yaponchada o‘ylardim. Til muhiti o‘zgarganida miya ham qayta yoqiladi. Menga xoh o‘zbek, xoh ingliz yoki turk tili bo‘lsin, mijozlar bilan ularning ona tilida gaplashish yoqadi. Bu holat ularni quvontiradi va ma’lum darajada ishonchini qozonadi. Bunday odamlar odatda ko‘chmas mulk sotib olib, kompaniyamizga sodiq bo‘lib qoladi.
“Men ishni hayot tarzi sifatida qabul qilaman”
Ish va shaxsiy hayotni to‘g‘ri taqsimlash mumkinmi? Sizni bo‘sh vaqtingizda chindan chalg‘itishi va quvvat bilan to‘ldirishi mumkin bo‘lgan narsalar bormi?
Xususan, men muvozanatni topishni uddalayman deyishim mumkin, ammo aslida bunday emas. Chunki men ishni hayot tarzi sifatida qabul qilaman. Sevimli ish kuch va ilhom beradi. Lekin menda ish girdobiga botib ketganlik hissi bo‘lmaydi. Bo‘sh vaqtim haqida gapiradigan bo‘lsam — menga sayohat qilish, yangi hissiyotlarni tuyish, yangi odamlar bilan tanishish yoqadi. Bunday safarlar asosan bir yilda bir marta o‘tadi, ammo kamdan-kam hollarda ikki marta borishga ulguraman. Bundan tashqari, do‘stlarim bilan vaqt o‘tkazishga harakat qilaman: birgalikda karaokeda qo‘shiq aytamiz. Bolaligimda fortepiano sinfi bo‘yicha musiqa maktabini tamomlaganman. Xonanda bo‘lishni istagandim, ammo bo‘lmadi, endi esa kuylash men uchun xobbiga aylangan. Do‘stlarim uchun juma kunimni, oilam uchun — shanbaning bir qismi va to‘liq yakshanbani bag‘ishlayman.
Keyingi ta’tilda qayerga borishni rejalashtirib qo‘ydingizmi?
Yaqin fursatda Bokuga sayohatni rejalashtirganman, ammo bu, chamasi, uch kunlik madaniy hordiq bo‘ladi. Lekin o‘tgan yili, dekabrda, Amerikaga borib keldim. Nyu-Yorkda Rojdestvoni kutib olishni orzu qilardim — va bunga erishdim! U yerda bir hafta, so‘ngra yana ma’lum vaqt Mayamida bo‘ldim.
“Xotirjamlikni faqat o‘zingdan topishing mumkin”
Londondagi stajirovkadan keyin oila qurish uchun Toshkentga qaytgansiz. Bunga erishdingizmi?
Ha, va buning asosiy isboti — hozir olti yoshda bo‘lgan va keyingi yil maktabga chiqadigan qizimdir. Men barcha orzularimga erishdim. Eng yaxshi ta’limni oldim, dunyoni ko‘rdim, oila qurdim, farzandli bo‘ldim va uni tarbiyalayapman. Vaholanki, sanab o‘tgan narsalarimning hech biri bo‘lmagan taqdirda ham, baxtim kamroq bo‘lmasdi. Gap shundaki, onam meni hozir va shu yerda zavqlanib yashashga o‘rgatgan. Qayerdaligim muhim emas: Toshkent, London, Nyu-York, Tokio yoki Istambulda — men hozirgi holatimdan baxtiyorman va shukr qilaman. Baxt — odamning ichida bo‘ladi. Xotirjamlikni boshqa mamlakatda emas, faqat o‘zingdan topishing mumkin. Ko‘pchilik mendan “Nima uchun Londonda qolmading, axir u yerda senga ish taklif qilishgandi?” deb so‘raydi. Va men javob beraman: “Men qayerda bo‘lishim kerak bo‘lsa, o‘sha yerdaman va menga bu yoqadi”.
Qaysi mamlakat Sizda ko‘proq taassurot qoldirgan?
Yaponiya. U qolgan dunyodan kuchli farq qiladi: boshqacha yashash qoidalari, murakkab til va moslashish qiyin kechadi. U yerda men o‘qirdim, o‘qishdan keyin esa tungi soat birgacha ishlardim — zavodda Canon professional kameralarini yig‘ardim. Eng qimmat mamlakatlardan birida talaba bo‘lish oson emas. Ta’lim olish bepul, ammo qolgan masalalarda o‘zimni ta’minlashim kerak edi. Kunduzi menejmentni o‘rganib, kechqurunlari tizim ichiga tushib qolardim. Bu ajoyib edi: ish menga faqat pul emas, balki amaliyotni ham berardi. Men to‘qnash kelgan qiyinchiliklarni jazo emas, balki imkoniyat va omad sifatida qabul qilardim — axir men shunday tajriba orttirish imkoniga ega bo‘lganman.
Sizning tig‘iz ish jadvalingizda kitoblar uchun vaqt topiladimi?
Men detektivlar muxlisiman. Artur Konan Doyl, Agata Kristi va Jorj Simenonning barcha asarlarini o‘qiganman. Menga, shuningdek, o‘zbek va rus mumtoz adabiyoti yoqadi. Yoshligimda Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani menga kuchli taassurot qoldirgan. O’Genrining qisqa hikoyalarini qayta-qayta o‘qishni yaxshi ko‘raman.
Matn: Darya Morozova
Foto: Kamola Salimbayeva
Vizaj: Mila Mirova
Reklama huquqlari asosida.