Muqovadagi bu nafis va latofatli ayol — Lyubov Ibragimova, ikki farzandning onasi, asil ayol va MAKRO supermarketlarining “posboni” hisoblanadi. Riteylerda u sifatni ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi va ichki audit bo‘limiga rahbarlik qiladi, ya’ni eng muhim bo‘lgan yo‘nalish — mahsulotlarning ta’mi, yangiligi va tegishli tarzda mijozlarning sodiqligini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadi. Lyubov MAKRO‘da tovarlar sifatini qat’iy va bosqichma-bosqich ta’minlash jarayoni haqida so‘zlab berdi hamda rahbarlik lavozimini oilaga g‘amxo‘rlik qilish bilan qanday uyg‘unlashtirayotganini tushuntirdi.
■ Oziq-ovqat tarmog‘idagi tokchalarga mahsulotlar qanday tamoyil asosida joylashtirilishini aytib bering.
Sifat bo‘limining mavjudligi xaridorlarga do‘konlardagi mahsulotlar bir necha bosqichli kelishuvlardan o‘tganligini kafolatlaydi. Dastlab yetkazib beruvchi barcha muvofiqlik sertifikatlari va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni bizga yuboradi. Agar hamma narsa to‘g‘ri rasmiylashtirilgan bo‘lsa, biz mahsulot qaysi sharoitlarda ishlab chiqarilishi va saqlanishini, omborxonalar qanday tashkil etilganligini o‘rganamiz, xomashyo hujjatlarini tekshiramiz.
Yetkazib beruvchilar kamdan kam hollarda tekshiruvlarga salbiy munosabatda bo‘lishadi. Yaxshi natija ular uchun ham katta bonus hisoblanadi.
■ Agar jiddiy kamchiliklarni topsangiz-chi?
O‘z mulohazalarimizni va masalalarni hal qilish uchun qisqa muddat beramiz. Odatda yetkazib beruvchilar hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lishadi, chetdan fikr va jarayonlarni yaxshilash bo‘yicha bepul maslahatlar olishni xohlashadi. Biz birgalikdagi faoliyatimiz savdo tarmog‘iga foyda keltirishiga ishonch hosil qilishimiz kerak.
■ Departament tomonidan nazoratning keyingi bosqichi qanday?
Omborxonaga kirish nazorati. Bu, ayniqsa, sabzavot va mevalarga tegishlidir.
■ Tovarlarning yaroqlilik muddatini nazorat qilishda qanday vositalar yordam beradi?
Barchasini xodimlar kuzatib boradi. Ombor logistikasi bir nechta hisobga olish tizimlaridan foydalanish imkonini beradi. Do‘konlarda esa barcha mahsulotlarni xodimlar peshtaxtalarga joylashtiradi. Bizda muddatlar bo‘limi mavjud, u belgilangan jadval asosida tashrif buyurib, muddati o‘tgan mahsulotlar xaridorlarga yetib bormasligi uchun qat’iy tekshiruv olib boradi.
■ Xodimlar uchun qanday rag‘batlantirish choralari ko‘zda tutilgan?
Do‘konda tovar aylanmasi, hisobdan chiqarish darajasi, muddati o‘tgan tovarlarni aniqlash va boshqa ko‘rsatkichlardan tashkil topgan reyting tizimi mavjud. Auditorlar do‘konlarga tashrif buyurib, barchasini chek-list bo‘yicha tekshiradi va oy oxirida natijalarni operatsion bo‘limga yuboradi. Reytingning yuqori pog‘onasidagi do‘konlar mukofotlar oladi.
■ Yirik riteyl-brendning bo‘limlari bir-biri bilan xuddi qon tomirlari kabi o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’kidlash to‘g‘rimi?
Albatta. Kompaniya katta, bir kishi bajara olmaydigan vazifalar ko‘p, shuning uchun turli soha mutaxassislarini jalb etish zarur.
■ Mijozning sodiqlik darajasini qanday oshirish mumkin?
Birinchi navbatda, barcha tovarlarning assortiment matritsasi va sotuvlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Xaridorgir mahsulotlarni do‘konda taqdim etish va ularning doimo mavjudligini ta’minlash kerak.
Bundan tashqari, do‘konlarda turli aksiyalar o‘tkazilmoqda. SMS, Telegram va ijtimoiy tarmoqlar orqali chegirmalar haqida ma’lumot berilmoqda. Ko‘plab dasturlar bayramlarga moslashtirilgan. Muayyan kunlarda go‘sht, baliq va yetkazib beruvchilarning promo mahsulotlariga doimiy chegirmalar taqdim etiladi.
Barcha sa’y-harakatlar mijozlar mamnuniyatini ta’minlashga qaratilgan. Jumladan, xalqaro standartlarni joriy etish, yetkazib beruvchilar va ularning mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish ham shular jumlasidan.
■ Raqamli qulayliklar haqida gapiradigan bo‘lsak-chi? MAKRO tovarlarini Uzum‘da xarid qilish imkoniyati bormi?
Albatta. Pandemiya paytidayoq odamlar bu usulning qanchalik qulay ekanini tushunib yetishdi va hozirga qadar uyga oziq-ovqat buyurtma qilishni davom ettirishmoqda. Xodimlarimiz xarid savatini xuddi o‘zlari uchun tanlayotgandek terishadi. Agar biror narsa maqbul bo‘lmasa, uni almashtirib berishadi.
■ MAKRO Toshkent shahridagi gipermarketlar yo‘nalishini egallashi mumkin edi…
Gipermarket bilan bog‘liq tajribamiz muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, uyga yaqin joylashgan do‘konlarga talab yuqoriroq ekan. Do‘konning joylashuvi xaridorlarning xarid qilish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi, aynan shu MAKRO’ning hozirgi afzalligi hisoblanadi. Ba’zi ta’minotchilar mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri do‘konlarga yetkazib berishmoqda..
Yuqori standartlar jamoasi
■ Siz sifat bo‘yicha direktorsiz. Bu lavozimga qanday yetib keldingiz?
Bir necha yil oldin MAKRO bozordagi reytingini oshirish va hamkorlik uchun sheriklar topish maqsadida ikkita standart bo‘yicha xalqaro sertifikatlash jarayonidan o‘tgan edi. Shu yo‘nalishning davomi tariqasida sifat bo‘limi tashkil etildi.
Men sifat bo‘yicha menejer lavozimiga ishga kirdim. Bundan oldin aynan xalqaro standartlar bo‘yicha ta’lim beradigan kompaniyada ishlagan edim.
■ MAKRO‘da jami necha yil ishladingiz?
Taxminan ikki yil menejer sifatida ishladim, so‘ngra bo‘lim rahbari lavozimiga ko‘tarildim. Jami to‘rt yil.
■ Qo‘l ostingizda nechta xodim bor?
Hozirda bo‘limda olti nafar xodim ishlaydi, ularning barchasi turli sohalarda faoliyat yuritadi. Ta’minotchilar va hujjatlar bilan ishlaydigan xodimlar ham bor. Shuningdek, ichki audit o‘tkazadigan, do‘konlardagi mahsulotlarning yaroqlilik muddatlarini tekshiradigan, omborlarga meva-sabzavotlar yetkazilishini nazorat qiladigan xodimlar ham mavjud.
■ Ish kuningiz qanday tuzilgan?
Har kun pochtani tekshirish bilan boshlanadi. Keyin vazifalarni taqsimlaymiz: kimdir do‘konlarni aylanadi, kimdir ta’minotchilar bilan ishlaydi.
■ Siz qanday rahbarsiz?
Meni qattiqqo‘l rahbar deb bo‘lmaydi, aksincha, vaziyatga qarab ish tutaman. Avtoritar uslubni qabul qilmayman, lekin har doim ham rozilik bildirmayman.
Umuman olganda, men hamisha tushunishga, yordam berishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Insonlarni doim birinchi o‘ringa qo‘yaman. Xodimam ish jadvalini o‘zgartirishni so‘radi. U farzandini bog‘chadan olib ketishga ulgurish uchun ishga soat 9:00 da emas, balki 8:30 da kelmoqchi. Nega yo‘q deyishim kerak? Bundan tashqari, bizda hamma narsani — kim, qachon, nima uchun ketganin qayd etadigan ilova bor. Ish tarzi ko‘chma bo‘lgan taqdirda ham, har bir do‘konda bo‘lganimizda o‘z joylashuvimizni belgilab boramiz.
■ Ko‘chma tarzdagi ish faoliyati nima degani?
Bu do‘konlarga audit uchun tashrif buyurish yoki ta’minotchilarning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirish bo‘lishi mumkin.
■ Vaqt o‘tishi bilan mahsulotlar haqidagi fikringizni o‘zgartirgan holatlaringiz bo‘lganmi?
Ha, masalan, sut mahsulotlari ishlab chiqarilishida. Bu sohada 30 yildan beri faoliyat yuritayotgan kishi jarayonga o‘g‘li va nabiralarini ham jalb etgan. Biroq ancha yillar oldin uning yogurtini tatib ko‘rganimda hafsalam pir bo‘lgan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytlarda boshqa oziq-ovqat texnologi ishlagan ekan. Hozirgi kunda u yerdagi ish jarayonlari qanday yo‘lga qo‘yilganini ko‘rib, yangi retsept asosida tayyorlangan yogurtni tatib ko‘rgach, yoqimli hayratga tushdim.
Texnolog juda ko‘p narsani hal qiladi. Biznesda har bir bosqich muhim hisoblanadi.
■ Ish kuningiz belgilangan vaqtda tugaydimi?
Soat oltidan keyin ishdan ketganimni eslay olmayman. Hujjatlar qismini tugatishga ulgurmay qolsam, ishni uyga olib ketishim mumkin. Lekin bunday qilmaslikka harakat qilaman, aks holda, oila a’zolarim xavotir olishadi. Dam olish kunlari ham ishlamayman.
■ Departament faoliyatida qanday muhim o‘zgarishlarga erishildi?
Hujjatlar va jarayonlarda tizimlashtirish amalga oshirildi. Ilgari qat’iy qoidalar asosida ish yuritgan bo‘lsak, hozir ancha moslashuvchan bo‘lib qoldik.
Elektron tekshiruv ro‘yxati (cheklist) joriy etildi. Ilgari qog‘oz planshetimiz bor edi, undan ma’lumotlarni Excel’ga qo‘lda ko‘chirardik. Endi auditor barcha ma’lumotlarni birdan telefonidagi ilovaga kiritadi va fotohisobot yuboradi. Agar e’tirozlar bo‘lsa, u zudlik bilan vazifa belgilaydi va uni bajarish uchun mas’ul shaxsni tayinlaydi.
Bu tizimda bir oydan ortiq vaqtdan beri ishlayapmiz. Nihoyatda qulay!
■ Sifat bo‘yicha mutaxassis o‘laroq sizda do‘konlardan mahsulot tanlash bo‘yicha layfxaklar bormi?
Men hech qachon yaroqlilik muddatini tekshirmasdan mahsulot sotib olmayman. Ba’zan qadoqlash sifati shubha uyg‘otadi.
Ko‘pchilik bilishi mumkinki, do‘konlardagi mahsulotlar FIFO usulida joylashtiriladi, ya’ni uzoqroq muddatli mahsulotlar orqaroqqa qo‘yiladi, toki xaridor o‘ziga yaqinroq turganini olishi uchun. Shuning uchun, agar yangi mahsulot sotib olmoqchi bo‘lsangiz, orqa qatorlardan oling.
Oila ishlari
■ Ish uchun kiyimlarni qanday tanlaysiz?
Men klassik uslubga “casual” uslubdagi elementlarini qo‘shib tanlayman. Kostyum bilan krossovka kiyishim mumkin — buni juda yaxshi ko‘raman! Bu nafislik va qulaylik beradi. Albatta, to‘yga bunday bormayman, u yerga tuflida borish kerak. Lekin ishda baland poshnali poyabzalda uzoq yurish qiyin.
■ Ishga odam yollayotganingizda uning tashqi ko‘rinishiga e’tibor berasizmi?
Ha, e’tibor beraman. Birinchi taassurot katta ahamiyatga ega, ammo kasbiy sifatlar va malaka hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
■ Ayol rahbar qanday qilib ishga ham, uyga ham ulgurishi mumkin?
Muvozanatni saqlashga va ishni uyga olib kelmaslikka harakat qilaman. Bolalar uchun albatta vaqt ajratish kerak. Ishlar bo‘yicha ulgurmasam, xodimlarimni jalb qilishga harakat qilaman.
■ Tabiatan tong saharlab turishni yaxshi ko‘rasizmi (to‘rg‘ay) yoki kechroq uyg‘onish tarafdorimisiz (boyqush)?
Men ko‘proq “boyqush” bo‘lsam kerak. Kech soatlargacha uyg‘oq qolishim mumkin. Kunning ikkinchi yarmida faolligim biroz ortadi. Shunga qaramay, bolalarni maktabga tayyorlash va nonushta pishirish uchun soat 6:30 da o‘rnimdan turaman.
■ Rahbarlik lavozimi oilaga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Turmush o‘rtog‘im ham rahbar, shuning uchun bu masalada biz ko‘pincha bir-birimiz bilan to‘qnashamiz. Biroq men ancha moslashuvchanman, erim esa keskinroq. Ko‘pincha men yo rozi bo‘laman, yoki umuman indamayman.
■ Stress bilan qanday kurashasiz?
Sport va sharq raqslari bilan shug‘ullanaman. Mashg‘ulotlar menga quvvat beradi va ayni paytda tanani yengillashtiradi.
Aslida, shaxsiy qiziqishlarim uncha ko‘p emas. Agar ta’til rejalashtirmoqchi bo‘lsam, u butun oilamiz bilan birgalikda o‘tadi. Xuddi shuningdek, dam olish kunlarini ham oilamiz bilan o‘tkazamiz, hech bo‘lmaganda, kechki taomni birga yeyish uchun biror joyga boramiz.
■ Farzandlaringiz necha yoshda?
O‘g‘lim 15 yoshga kiradi, qizimning yoshi esa 18 da. U yaqinda Webster’ga IT boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdi.
■ Siz ta’tilni qanday o‘tkazasiz?
Kundalik hayotim odatda faol bo‘lgani uchun passiv, xotirjam dam olishni yaxshi ko‘raman. Hech kim bezovta qilmasligi uchun plyajda yangi siqilgan sharbat ichib yotish — men uchun eng yaxshi tanlov. Erim esa aksincha. Ular ko‘proq ofisda o‘tirganlari sababli sayr qilishni, ekskursiyalarga borishni xohlaydilar.
Biz doimo oldindan kelishib olamiz: birinchi uch kun men plyajda bo‘laman! Keyin ekskursiyalarga ham chiqsa bo‘ladi.
■ Siz qayerlarga borishni istaysiz?
Mening orzum — qishda Baykalga borish. Dugonam yaqinda u yerga borib keldi. U yerdagi go‘zallik betakror, ta’riflashga til ojiz!
■ Qaysi oshxonani afzal ko‘rasiz?
O‘rta dengiz va o‘zimiznikini. Turmush o‘rtog‘im haftada kamida bir marta palov tayyorlashimni so‘raydilar. Bolalar ham: “Oyi, siz tayyorlagan taomlar har qanday kafe ovqatidan mazaliroq”, deyishadi. Men taxminan besh yil davomida retseptni tanlab, mahsulotlarning o‘sha mukammal nisbatni izladim. Hozir ko‘zlarimni yumgan holda hammasini tayyorlay olaman.
■ Bugungi shaxs bo‘lishingizda qaysi kitoblar katta ahamiyatga ega?
Xalqaro standartlar bilan shug‘ullanadigan kompaniyada ishlaganimda “Standart 22000” men uchun asosiy qo‘llanma bo‘lgan. Stiven Kovining “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi” kitobi ham menga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu ikki kitob men uchun ancha foydali bo‘ldi. Bo‘sh vaqtimda jurnallar mutolaa qilaman, serial yoki kino tomosha qilaman: bu komediya, drama yoki tarixiy mavzudagi asarlar bo‘lishi mumkin.
■ Ayol hayotidagi eng muhim narsa nima?
Ish, oila va o‘zini namoyon etish o‘rtasidagi muvozanatni topish kerak. Eng muhimi — ishga butunlay sho‘ng‘ib ketmaslik.
Reklama huquqi asosida