Nekrasov rus ayollarini maqtab “uchib kelayotgan otni to‘xtatadi” degan bo‘lsa, o‘zbekistonlik ayollar ham aslo qolishmaydi. “Yashirin iste’dodlar” ruknimiz shaddod qahramoni Albina Tanasheva nafaqat otdan qo‘rqmaydi, balki mohir chavandoz ham. U professional chavandoz, sirk artisti hamda ot minish bo‘yicha murabbiyliq qiladi. 7LADIES’ga bergan intervyusida Albina o‘zining eng murakkab tryuklari, truppa bilan butun Amerikani qanday sayohat qilib chiqqani va nima uchun otlar bilan ishlash uning asosiy ilhom manbaiga aylangani haqida gapirib berdi.
Albina, otlar bilan ishlash — bu sizning kasbingiz ekanligini qanday tushundingiz?
Barchasi sirkdan boshlandi. Onam u yerda foyeda ishlardi, men esa artistlarning repetitsiyalarini kuzatib turardim, jumladan chavandozlik bo‘yicha dasturlarni ham. Bunda chavandoz otni choptirish paytida akrobatika va gimnastikaga oid turli tryuklarni bajaradi. “Amazonkalar” guruhi aynan ana shunda tashkil topib, unda murakkab “erkaklar” tryuklarini bajaradigan faqat qizlar ishtiroq etardi. Jamoa rahbari Ulug‘bek Zaripov edi.
Men bironta repetitsiyani ham o‘tkazib yubormas edim: hamma chiqishlarni, mashqlar kombinatsiyalari, tryuklar nomlarini yodlab, o‘rganib olgan edim. Kunlarning birida sirk direktori onamning oldiga kelib so‘radi: “U nimaga bu yerda yugurib yuripti? Xulaxup aylantirishni o‘rgansin yoki jonglyorlik qilishni. Biz uni Hindistonga jo‘natamiz, faqat avval umumiy jismoniy tayyorgarlikdan (UJT) o‘tishi kerak bo‘ladi”.
“Hechqisi yo‘q, otdan bir-ikki marta yiqilsang bas – u yerdan o‘zing ketib qolasan”
Oyim, men sirkdagi barcha yo‘nalishlar orasidan aynan chavandozlikni tanlashimni aslo tasavvur ham qilmagan edilar, u havoda bajariladigan chiqishlar bilan teng ravishda eng murakkab bo‘lib hisoblanadi. Tabiiyki, ular bunga qarshi edilar. Unda men bunga qarshilik qilmay, UJT bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnashni boshladim, undan keyin esa chavandozlikka chopar edim – mashq qilib, otlarni parvarish qilar edim. Taxminan yarim yil o‘tgach sirkning mavsumiy ochilish vaqti keldi va oyim oldida men yashirin tarzda shug‘ullanib yurganimni bo‘ynimga olishga majbur bo‘ldim. Ular bundaysini kutmagan edilar, lekin baribir tan berdilar va shug‘ullanishda davom etishimga ruxsat berdilar: “Hechqisi yo‘q, otdan bir-ikki marta yiqilsang bas – u yerdan o‘zing ketib qolasan”, deb aytdilar. Shunday qilib, o‘z so‘zimda turib, men amazonkaga aylandim.
“Sahna ortida qancha ko‘z yosh to‘kkanimni o‘zim bilaman… Uddalay olmaganman, yig‘laganman, keyin esa yana manejga qaytib borganman”
Tryuklarni o‘rganish qiyin bo‘ldimi?
Sirk san’atini kimdir osonlik bilan o‘zlashtiradi, kimdir esa qiyinchilik bilan. Menga hattoki “ayollarga mo‘ljallangan” oddiy elementlarni o‘rganish qiyin bo‘lgan. Jumladan, oddiy tryuk — iltifotni (iltifot — tomoshabinlarga qaratilgan salomlashish. — Tahr. izoh.): siz ot ustida o‘tirib u chopayotgan paytda oyoqni bir tarafdan boshqa tarafga o‘tkazasiz, keyin esa egarga mustahkam o‘rnashib olib bir qo‘lni tepaga ko‘tarasiz. Sahna ortida qancha ko‘z yosh to‘kkanimni o‘zim bilaman… Uddalay olmaganman, yig‘laganman, keyin esa yana manejga qaytib borganman. Murabbiy ham men bilan birgalikda qayg‘urgan. Men qat’iyat bilan shug‘ullanishda davom etib, natijada shunga erishdim-ki, ushbu va boshqa puxtalik bilan ishlangan tryuklarni mukammal bajara olaman.
Manejga ilk chiqishingizni eslay olasizmi?
Ha, albatta! (Kuladi.) Men juda hayajonlandim, birorta ham tomoshabinni ko‘rmadim – hamma narsa gir aylanar edi. O‘zimni huddi iltifot tryukini ajoyib qilayotgandek, jilmayayotgandek tutardim, aslida esa yuzimda qo‘rquv alomati bor edi. Aminmanki, minbardagilarning hammasi mening yangi ekanimni tushunishdi.
Sizning chiqishlaringizga ota-onangiz kelganmi?
Oyim – ha, lekin dadam mening birorta ham chiqishimni jonli ravishda ko‘rgani yo‘q. Garchi u jarroh-travmatolog bo‘lsa-da, chavandozlikni faqat videoda ko‘rgan, men unga disk yuborganman.
Eng murakkab qaysi tryukni bajarishingizga to‘g‘ri kelgan?
“Qorin osti” murakkab tryuki bilan biz 2008-yilda Xitoy rekordlar kitobiga kiritildik. Buni uchta qiz birgalikda bajarardik: bittamiz tik turar, ikkinchimiz otning ustida ko‘ndalangiga yotar, men esa ot qornining ostida turardim – bularning barchasi ot chopib ketayotganda amalga oshirilardi. Shu holatda biz bir aylanani yakunlashimiz, so‘ngra men egarga o‘tirib, yana bir aylanani chopib o‘tishim kerak edi. Tayyorgarlik bilan birga jami o‘nta aylanani bajarardik, shundan sakkizta aylanada men otning qorni ostida osilib turardim.
“Manejga har bir chiqishim – bu ichki kechinmalar, qo‘rquv va hayajon degani”
Yana bir murakkab “erkakcha” tryuk “pirpirak” (vertushka) deb ataladi. Uni bajarish uchun qizlar bir necha barobar ko‘proq mashq qilishi kerak. Ot chopib ketayotganda, oyoqlarni yerdan itarib, 180 daraja aylanib, otga sakrab chiqish kerak bo‘lgan. So‘ngra tomoshabinlarga tabassum qilib, chiroyli ta’zim bajo keltirish kerak edi.
Men sirk olamini doim kuzatib boraman: hozircha qizlar bu murakkab hunarlarni bajarishga jur’at etishmayapti. Men qilgan ishni dunyoda hali hech kim takrorlamadi. Bu bilan men faxrlanaman.
Bunday murakkab tryuklarni bajarganingizda qo‘rquv umuman his qilmaysizmi?
Manejga har bir chiqishim – bu ichki kechinmalar, qo‘rquv va hayajon degani. Chavanadozlik bilan endi shug‘ullanishni boshlaganimda yuragim shou boshlangan ondan boshlab yakunlangunigacha duk-duk urardi. Hozir bu quvvatimni to‘plab, uni kerakli joyga – ziyraklikka yo‘naltirishni bilaman.
Aslida, bilasizmi, bajaradigan barcha tryuklarimga qaramay, men balandlikdan qo‘rqaman. Bir safar meni jamoani qutqarish uchun havo gimnasti bo‘lishga ko‘ndirishdi. Hozir o‘sha paytda qanday rozi bo‘lganimni umuman tushunmayapman. Bu sahna “Sochlar” deb atalardi. Ho‘l sochlarga karabin bilan ilinish uchun halqa o‘rab qo‘yilardi. So‘ngra bizni sirk gumbazi ostiga, taxminan o‘n metr balandlikka ko‘tarishardi va u yerda akrobatik tryuklar bajarardik. Adrenalin oshib ketardi, ammo jilmayishga, tabassum qilishga va jihozlar hamda sochlarim chidab berishiga umid qilishga majbur edim. Yuragim deyarli ko‘ksimdan otilib chiqayozdi, sahna ortiga o‘tganimda esa oyoqlarim bo‘shashib ketdi.
Sochga katta og‘irlik tushadi-ku! Og‘riq sezdingizmi?
Ha, albatta. Avvaliga boshim og‘riydi deb o‘ylagandim, lekin chiqishdan keyin bo‘ynim og‘rib qoldi. Bir necha kundan keyin hammasi o‘tib ketdi. Nima bo‘lganda ham, ishni bajarganimdan keyin men o‘zim bilan faxrlanardim, chunki qo‘rquvni yengdim. Bunday vaziyatlarda iroda va xarakter chiniqtiriladi.
Amerikada esa “piramida” tryukini bajardim. U quyidagicha bajariladi: yonma-yon chopib borayotgan ikkita otda erkaklar turadi, men esa sakrab, oyoqlarini ularning yelkasiga qo‘yishim va taxminan ikkinchi qavatning balandligiga o‘rnashib olishim kerak. Bundan tashqari, men bu tryukni bajarganimda hech qanday qo‘rquv yo‘q edi. Otlar bilan boshqacha bo‘lsa kerak, chunki men ularni sezib turaman.
Amerikada ishlagan paytingiz haqida batafsil gapirib bersangiz?
2013-yilda meni AQShga, mamlakatdagi eng qadimiy sirk — Ringling Bros. and Barnum & Bailey’da ishlashga taklif qilishdi. Bu sirk haqida hattoki film bor, nomi “Fillarga suv bering”. U yerda 2017-yilgacha ishladim, keyin esa hayvon huquqlarini himoya qiluvchilarning norozilik namoyishlari tufayli hayvonlar bilan chiqish qilish imkonsiz bo‘lib qoldi va sirk yopildi. Garchi biz o‘z qaramog‘imizdagilarga yaxshi g‘amxo‘rlik qilsak-da, ilojimiz yo‘q edi. Men uyga uchib ketdim. Lekin Garden Bros kichik sirki menga shartnoma taklif qildi. O‘sha paytda Greenpeace bosimi ostida faqat yirik sirklar bo‘lgan, kichiklariga esa ta’sir qilmagan. U yerda bir yil chavandozlik bo‘yicha chiqishlar qildim va 2019-yil boshida Toshkentga qaytdim.
Yana qaysi davlatlarda ishlagansiz?
Xitoyda biz 2007-yilda “Amazonkalar” guruhi bilan va 2012-yilda boshqa jamoa bilan qisqa muddatli shartnomalar tuzdik. Guanchjou viloyatida sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan katta Chimelong bog‘ida chiqishlar qildik. U yerda juda ish grafigimiz juda og‘ir edi. Chiqishlarimiz kech tugardi, erta tongda esa uyqusizlikdan aziyat chekib, mashg‘ulotlarga borardik. Hattoki u yerdagi tartibsiz ish jadvali tufayli vaznim oshib ketdi. Yana, ehtimol, iqlim ham ta’sir qilgandir: yuqori namlik, doimo uyqu bosardi.
“Hayotda aynan shu yo‘lni tanlash natijasida omad menga qanchalik kulib boqqanini faqat hozir to‘liq anglab yetyapman”
Bundan tashqari, bizda stressli vaziyat yuzaga keldi. Jamoamizda uch kishi edik va ikki haftadan so‘ng qizlardan biri oyog‘ini sindirib oldi. U egarda o‘tirganida, shayr zotli ulkan ot sirg‘anib yiqildi. Tasavvur qiling, balandligi ikki metrli ulkan ot – uning oyog‘i ot ostida qolib ketdi! Biz har kuni uning oldiga kasalxonaga borar, xavotirlanar edik. Natijada hammasi yaxshi tugadi va u sog‘ayib ketdi.
Bunday zich ish jadvalida siz ishlagan mamlakatlarni ko‘rib, aylanib chiqishga ulgurdingizmi?
Bilasizmi, hayotda aynan shu yo‘lni tanlash natijasida omad menga qanchalik kulib boqqanini faqat hozir to‘liq anglab yetyapman. Bunga qarshi bo‘lmagan va meni qo‘llab-quvvatlagan ota-onamga juda minnatdorman. Shuningdek, sirkka sayohat qilish imkoniyatim borligi uchun minnatdorman! Men tinmay mehnat qildim, shug‘ullandim, murakkab tryuklarni o‘zlashtirdim, menga xorijiy davlatlardan kontraktlar taklif qilishdi. Axir, Xitoy yoki Amerikaga shunchaki borib qolish oson emas-ku. Men har bir shtatni ko‘rdim: AQSh bo‘ylab sirk bilan gastrol berganimizda poyezdda yashardik, qiziqarli joylarni Google’da izlab topib, jamoamiz bilan sayrga chiqardik. Toshkentga har bitta shahardan magnitlarning katta bir kolleksiyasini olib kelganman, — butun sovitkichimiz ular bilan qoplangan.
“Otlar bilan ishlashdek boshqa hech nima menga bunchalik ilhom va zavq baxsh etmaydi”
Kontraktlar yakunlanganidan so‘ng siz O‘zbekistonga qaytdingiz va tanaffus olishga qaror qildingiz. Nima uchun?
Biron yangi ish bilan shug‘ullanib ko‘rmoqchiman, deb o‘yladim. Shuncha “sakraganlaring” yetar dedim o‘zimga. Ehtimol, turmushga chiqish kerak yoki boshqa bironta ish qilishim kerakmikan, deb o‘yladim. Lekin menga otlar bilan ishlashdek boshqa hech nima bunchalik ilhom va zavq baxsh etmayapti. Shu sababdan yarim yil o‘tgach, men “Konnыy dvorik”da qaytadan dars berishni boshladim. Parallel ravishda Admiral laqabli yosh otni tarbiya qilyapman. U juda ham chopqir; ota-onasi yo‘rtoqi otlar: otasi — amerikalik, onasi esa — Orlov otlariga mansub.
Admiral chavandozlik uchun hali juda yosh. Otni egar ostiga uch yoshdan qo‘yishadi, u esa hali bir yoshda. Shuning uchun biz u bilan hozirda buyruqlarni o‘rganyapmiz, u “yo‘rtib chopish”, “sakrab chopish”, “to‘xtash” kabilarni allaqachon biladi, bosh irgab salom beradi.
Siz u bilan chiqishni rejalashtirmoqdasizmi yoki shunchaki o‘zingiz uchunmi?
Eng avvalo, o‘zim uchun, va yangi chiqishlar uchun g‘oyalarim bor. Misol uchun, havo gimnastikasi va chavandozlikni bitta tomoshaga birlashtirmoqchiman. Mening tasavvurimda bu shunday bo‘ladi: manejga otda chiqaman, menga halqa tushiriladi, men unda havoda akrobatik mashqlarni bajaraman, so‘ngra pastga tushib, Admiral bilan ishlashni davom ettiraman.
Chet ellarda vaqti-vaqti bilan otlarga nisbatan shafqatsiz munosabat mavzusi ko‘tariladi, bu film suratga olish jarayoni yoki ot sporti bo‘ladimi. Aytingchi, bizda bu masala qanday ahvolda?
Boshqa otxonalarning ichki vaziyatini bilmayman, lekin biznikida qat’iy qoida bor: otlarni urish mutlaqo man etilgan. Albatta, ba’zan juda qaysarlari ham uchraydi, ammo bizda sabzi, qand va vaqt bor. Otlar bizning qaramog‘imizdagi jonzotlar, biz ulardan aqlliroqmiz, shuning uchun ularga ma’lumotni yetkazishimiz kerak, garchi birinchi urinishda bo‘lmasa ham. Agar otga o‘z fikringni tushuntira olmasang, egarga minishga urinma.
“Bu erkinlikni to‘liq his etish uchun jilovni bo‘sh qo‘yib, qo‘llarni turli tomonlarga yozish lozim”
Manejda mashq qilishdan tashqari tabiat qo‘yniga ham chiqishga imkoningiz bo‘ladimi? Ehtimol, o‘z o‘zingiz bilan yolg‘iz qolish uchun?
Bilasizmi, ba’zan o‘zimni qayta tiklamoqchi bo‘lganimda shunday qilaman. Otga minib, chopqirlab ketaman. Ot bilan shunday uyg‘unlashib ketamanki, hatto tanamni sezmayman – mushaklarim o‘z-o‘zidan ishlaydi. Bu erkinlikni to‘liq his etish uchun jilovni bo‘shatib, qo‘llarni ikki tomonga yoyish kerak. Yuzga urilayotgan shamol, tezlik va adrenalin. Ot ham bor kuchi bilan yugurishdan xursand bo‘ladi.
O‘zbekistonda professional chavandoz – sirk artisti yoki chavandoz sportchi bo‘lgan qizlar ko‘pmi?
Boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda, unchalik ko‘p emas. Bilasizmi, 18 yoshimda yonimga sovchilikka kelib: “Bizga kelin chavandoz kerak emas,” deyishgan. O‘shanda men shoshib qoldim, lekin baribir otlarni tanladim – sirkni va chavandozlikni tashlab ketolmadim. Hozir hammasi boshqacha. Qizlar ta’lim olishadi, karera qilishadi, bu meni quvontiradi. O‘quvchilarim orasida qizlar ko‘p.
“Dastlab hamma qo‘rquv va ishonchsizlikni his qiladi, keyin esa yo‘rg‘alash va chopish templari boshlanganida, inson tubdan o‘zgaradi”
Ot minishni sinab ko‘rishni xohlagan, ammo bunga jur’at qila olmayotgan qizlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
O‘z tajribamga asoslanib, hammaga sevimli ishi bilan shug‘ullanishni maslahat beraman. Dastlab hamma qo‘rquv va ishonchsizlikni his etadi, ammo yo‘rg‘alash, chopish templari boshlanganda, inson butunlay o‘zgaradi. Otni boshqara olganingizda, u sizni tushunganida va siz vaziyatni nazorat qilganingizda, bu mutlaqo boshqacha his-tuyg‘ulardir.
Hatto sizni yo‘ldan qaytarishga urinishsa ham, yuragingiz ovoziga quloq tuting. Bu hayotingizning ishi bo‘ladimi yoki sevimli mashg‘ulotingizmi, sevgan ishingiz bilan shug‘ullanganingizda hamma narsa o‘z-o‘zidan yaxshi bo‘ladi!
Matn: Darya Morozova
Foto: Ruslan Mardanov
Uslub: Тaisiya Chursina
Brend: TAIS & I