“Ovoz” Xalqaro musiqa festivali avgustda yakunlandi, finalchi Shohruxmirzo G‘aniyev uchun omadli bo‘ldi. Loyiha barcha iste’dodli loyiha ishtirokchilariga, shu jumladan, suhbatdoshimiz – xonanda, akademik xonanda, vokal san’ati ijrochisi Zarnigor Umarovaga katta turtki berdi. Birinchi turda unga hakamlar hay’atining barcha a’zolari o‘girildi va O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov murabbiy bo‘ldi. 7LADIES intervyusida Zarnigor shou tafsilotlarini ochib berdi, unga loyiha nima berganini aytdi va nima uchun musiqasiz yashay olmasligini izohladi.
“Ovoz” – bu ko‘p yillardan beri kutilayotgan ilk musiqiy shou. Zarnigor, loyihada ishtirok etish fikri sizda qanday paydo bo‘ldi?
Men anchadan beri bu shouda qatnashishni xohlab yurgandim, hatto boshqa davlatga borish ham xayolimdan o‘tdi, biroq “Ovoz” loyihasining o‘zi O‘zbekistonga keldi. Televizordan reklamasini ko‘rganimda shunchalik quvonib ketdim-ki, albatta, bu imkoniyatni qo‘ldan chiqara olmadim.
Musiqasiz hayot yo‘q, dedingiz. Necha yildan beri musiqa bilan shug‘ullanib kelasiz?
To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, musiqaga tug‘ilishimdan avval ko‘ngil qo‘yganman. Otamning juda shirali ovozi bor, Marg‘ilon musiqali maqom teatrida aktyor bo‘lib ishlaydi. Onam menga homiladorlik paytida otamdan qo‘shiqlar kuylab berishini ko‘p iltimos qilganlar, bundan kelib chiqadiki, men uchun ham dutor, tanbur, rubob chalib qo‘shiqlar kuylab bergan. Men otamning qo‘shiqlari bilan ulg‘ayganman. Milliy cholg‘u asboblarida professional chalishni o‘rgana boshladim, keyin esa professional opera qo‘shiqchisiga aylandim.
Men ko‘nglim uchun kuylayman va qo‘shiq yozaman. Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun Mudofaa vazirligi tomonidan medal bilat taqdirlanganman. Hamda Nihol davlat mukofoti sovrindori bo‘lganman. Hozir Nordik xalqaro universitetida musiqa fanidan dars beraman, 35 o‘quvchim bor.
“Men musiqaga tug‘ilishimdan oldin shaydo bo‘lganman”
Birinchi turga shogirdlaringiz bilan kelganingizmi ko‘rgandik. Bu ularning tashabbusimi? Sizni qo‘llab-quvvatlamoqchi edimi?
Avvaliga meni qo‘llab-quvvatlovchilar guruhimda shogirdlarim ham, yaqinlarim ham bor edi. Lekin sahnaga chiqishdan avval qizimning harorati ko‘tarildi, ota-onam u bilan shifoxonaga ketishdi. Qo‘shig‘imni sahnada hatto qanday ijro etganimni ham eslay olmayman. Kuylayotganimda ko‘zim to‘la yosh edi – qizimdan juda ham xavotir olgandim. Hozir hammasi yaxshi, u tezda sog‘aydi.
Bilasizmi, odatda sahnaga chiqqanimda ko‘zlarim bilan uni zaldan izlayman. Qizimning nigohlarini topgach, men yanada kuchli bo‘laman hatto yaxshiroq kuylayman. U meni doim qo‘llab-quvvatlaydi, “Oyijon, sizga gap yo‘q!” deb aytadi.
Hoynahoy qizingiz ham xonanda bo‘lishni xohlasa kerak?
Ha, u hali besh yoshda, lekin hozirdan qo‘shiq aytadi va pianino chaladi – uning barmoqlari uzun va ingichka, musiqaviy qobiliyati juda yuqori.
Shouga kasting qanday o‘tganini aytib bering.
Yopiq eshituvga besh mingdan ortiq ishtirokchi keldi, ulardan 150 kishi tanlab olindi. Ba’zilar hattoki professional musiqa ma’lumotiga ega emas edi, lekin bu muhim emas edi – asosiysi, qo‘shiq aytayotganda uning ohangini buzib aytmaslik edi. Ko‘rsatuvning birinchi turida 150 kishidan 48 kishi tanlab olindi, ular orasida men ham bor edim.
Siz ustoz sifatida Farrux Zokirovni tanladingiz. Nima uchun?
Farrux Zokirov – afsona, u ko‘rsatuvda hakam bo‘lgan hamma uchun ustoz. Yodimda, uning chiqishlarini bolaligimda televizor orqali tomosha qilardim, qarsak chalardim, xursand bo‘lib, o‘ylardim: qaniydi u bilan bir sahnada chiqsam! Hozir mening bolalik orzuyim ushaldi: u menga dars berdi va murabbiylik qildi, shaxsan muloqot qilganimda ham juda dilkash odam ekan. Ustimdan hazil qilib, “Sahnaga chiqqaningizda, siz uni o‘zingiz bilan to‘ldirasiz!” Yarimfinalga chiqa olmaganimda, Farrux Zokirov va Sevara Nazarxon menga ilk albomimni yozishga ko‘maklashishga va’da berishdi. Bu meni juda ilhomlantirib yubordi.
“Men hatto sahnada o‘z qo‘shig‘imni qanday ijro etganimni ham eslay olmayman. Kuylayotganimda ko‘zim to‘la yosh edi.”
Uchinchi turgacha yetib bordingiz, ammo yarim finalga chiqa olmadingiz. Xafa bo‘ldingizmi yoki baribir o‘zingizni g‘olib deb his qilyapsizmi?
Chiqishim mobaynida men hatto kichik, arzimas xatoga ham yo‘l qo‘yganim yo‘q. Hechkimdan hafa emasman. Shuning uchun o‘zimga: “Demak, hammasi shunday bo‘lishi kerak,” dedim. Har ishning xayrli tomoni bor. Bir eshik yopildimi ikkinchisi ochiladi.
Finalchi Shoxruxmirzo G‘aniyevni tabriklashga muvaffaq bo‘ldingizmi?
Ha, albatta, biz hamshaharmiz: ikkimiz ham Farg‘onalikmiz, yoshligimizdan turli tadbirlarda, konsertlarda uchrashganmiz. Shaxsan ko‘risholmadik, lekin ijtimoiy tarmoqlarda bir-birimizni tabrikladik.
Shouning finalini kuzatgan bo‘lsangiz kerak, boshqa kimdir g‘alaba qozonadi, degan fikr bo‘lganmidi?
Men Shohruxmirzo G‘aniyev g‘alaba qozonishini taxmin qilgandim. Chunki u ustozi Sevara Nazarxon bilan birga xalqimiz suygan qo‘shiqlarni saralab juda chiroyli taqdim etishdi.
Shunga qaramay, bunday tanlovda ishtirok etish nafaqat g‘olib uchun eshiklarni ochadi. “Ovoz” shousi sizning hayotingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi yoki ko‘rsatmoqda?
Bu loyiha meni nihoyatda ruhlantirdi. Rivojlanish, takomillashish, janrdagi yangilikni o‘zlashtirish kerakligini tushundim. Agar kelasi yili shouning ikkinchi mavsumida ishtirok etishga ruhsat berilsa, unda albatta ishtirok etaman. “Tesha tegmagan” xalq qo‘shiqlarimiz bilan chiqish qilmoqchiman.
Xonanda bo‘lish qiyinmi? Ehtimol, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga duch kelgandirsiz?
Qiyin, albatta. Bu bizning mentalitet bilan bog‘liq: ayol kishiga san’at sohasida rivojlanish oson emas. Bundan tashqari, oilamizda mendan kuylashni tashlashni so‘rashgan, lekin men busiz yashay olmayman. Qo‘shiqchilarning o‘z ichki dunyosi bo‘ladi, jumladan meni ham.
“Barcha salbiy his-tuyg‘ular va kechinmalar inson o‘z sevgan kasbida faoliyat yuritsagina barham topadi”.
Sizningcha, O‘zbekistonda bunday musiqiy shoular tez-tez o‘tkazilsa, qizlarning san’atda ilgarilashi osonroq bo‘ladimi?
Ha, ishonchim komilki, bunday loyihalar nafaqat xonandalarni jamiyatda qo‘llab-quvvatlashi, balki mamlakatdagi yangi iste’dodlarni ham kashf etishi mumkin!
Bo‘sh vaqtingizda nima bilan shug‘ullanasiz? Qo‘shiq aytishdan boshqa biror ishtiyoqingiz bormi?
Men musiqani juda yaxshi ko‘raman – deyarli faqat shu bilan shug‘ullanaman: asboblarni chalaman, qizimga dars beraman, turli janrlarda kuylayman. Bo‘sh vaqtimda futbol ko‘raman, Krishtianu Ronaldu bilan bo‘ladigan birorta ham o‘yinni o‘tkazib yubormayman.
Naqadar sobitqadam ayolsiz! Balki xonandalik bilan shug‘ullanishni istaydigan, lekin bunga jur’at eta olmayotgan qizlarga tavsiyalar berarsiz?
Agar ovozi va musiqiy eshitish qobiliyati bo‘lsa, iqtidorini o‘stirishi lozim, bundan qo‘rqmasligi kerak. Inson o‘z sevgan ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Agar yo‘lda to‘siqlarga uchrasa, ularni yengib o‘tib, olg‘a yurish kerak. Bilasizmi, barcha salbiy hislar va xavotirlar sevgan kasbida faoliyat yuritsagina barham topadi.
Matn: Darya Morozova
Foto: Ruslan Mardanov
Pardoz: Shahzoda Ubaydullayeva
Libos: La Sposa
Aksessuarlar: Viki Lampone