Tez orada barcha kinobloglarning bosh maqolalarini Yangi yil saralanmalari va Santa Klaus libosini kiygan shou-biznes yulduzlarining fotosuratlari bezaydi, shahardagi e’lon taxtalari, ehtimol, navbatdagi “Archa” plakatlari bilan to‘ladi. Derazadan tashqarida charchagan kuz o‘z o‘rnini ayoz qishga bo‘shatib berayotgan bir paytda va bu yil chiqarilgan kino durdonalarining shov-shuvi hali so‘nmagan bo‘lsa-da, siz uchun sizni hayajonga soluvchi, mulohazaga chorlovchi va asablaringizni taranglashtiruvchi noyabr premyeralarini jamladik – dekabr oyi oxirida tin olayotib, pok vijdon (va bir chashka kakao) bilan sevimli “Uyda yolg‘iz” va “Garri Potter” ni tomosha qilgani qulay joylashib o‘tirish uchun chakki mashg‘ulot emas.
«Venetsiya sharpalari»
Daho izquvar Erkyul Puaro sarguzashtlari – afsonaviy Agata Kristi tomonidan yaratilgan qahramon – zamonamizda ikkinchi hayotini boshidan kechiradi. “Venetsiya sharpalari” – mashhur izquvar haqidagi kartina yangi filmografiyasidagi uchinchi filmdir (“Alifbo bo‘yicha qotillik” seriali hisobga kirmaydi. Rejissyor va aktyor Kennet Brana (“Sirli xona”dagi Zlatopust Lokons) ko‘p o‘ylab o‘tirmay, kuz faslining boshida chiqqan hayajonga soluvchi sirli detektivda bosh rolni ijro etdi – boy berilganning o‘rnini to‘ldirish va o‘zi rol o‘ynashning ajoyib usuli.
Muqaddima oddiy: ekstrasens va folbinlarga unchalik ishonmaydigan Puaro spiritik seansda qatnashishga rozi bo‘ladi, ittifoqo… qotillik sodir bo‘ladi. Qahramonning barcha eshiklarni qulflashdan va sessiya ishtirokchilaridan qaysi biri jinoyatchi ekanligini aniqlashga harakat qilishdan boshqa iloji qolmaydi. Gumonlanuvchilar ro‘yxati nihoyatda xilma-xil: uy xizmatkori, faxriy jarroh, qochqin, Puaroning sodiq qiz o‘rtog‘i va boshqalar. Bugungi kunda kinoekranlarda kamdan-kam uchraydigan mohirona intellektual o‘yinga ega ajoyib film.
«Yovuzlik shaydolari»
Quyoshli Argentinadan noodatiy horror va eng so‘nggi Sidjes ispan kinofestivalidagi eng yaxshi filmlardan biri. Mazkur qo‘rqinchli film Qo‘shma Shtatlarda allaqachon olqishlarga sazovor bo‘ldi, rejissyor Demian Runya esa “xalq” kinoijodkorlari martabasiga ko‘tarildi.
Aka-uka Pedro va Xaymelar odam qadami yetmagan qishloqdagi bir manzilgohda tanasi burda-burda bo‘lib ketgan jasadga duch kelishadi, uning tashqi ko‘rinishidan tashqari undan-da noxushroq narsa bor edi. Murdadan xalos bo‘lish niyatida qahramonlar uni uzoqroqqa olib ketishadi, biroq jasad odatdagidek, yo‘qolib qoladi. Bu ko‘p muammolarning ibtidosiga aylanadi va aka-ukalar o‘zlarini ta’qib qilayotgan yovuzlikdan qochishga tushadilar.
Filmda echkilar va devordagi soyalar mavzularidagi qishloq folkloridan tashqari, ancha-muncha qonli va vahshiy sahnalar mavjud, shu sababli film slesher ixlosmandlarini ham befarq qoldirmaydi.
«Botqoq hukmdorining qizi»
Ushbu detektiv triller asos qilib olingan amerikalik yozuvchi Karen Dionning xuddi shu nomdagi romani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va bestsellerga aylandi. Nimjon (lekin faqat tashqaridan qaraganda) Helena eri va qizi bilan osoyishta umr kechirardi, bu holat toki “Botqoq qiroli” laqabli qotil “g‘aroyib” bir lahzada mahalliy qamoqxonadan qochib ketguniga qadar davom etdi. Ayon bo‘lishicha, beshafqat va ayovsiz manyak bosh qahramonning otasi bo‘lib, uni bir necha yillar davomida og‘ir ov sharoitida tarbiyalagan va endi “adolat” ni tiklash maqsadida nabirasi uchun kelishga tayyor.
Film jarohat, oilaviy rishtalar va muqarrarlikka yuz tutish haqida. Ba’zi sahnalardagi xira sariq rang sxemasi kino ishqibozlarini cho‘chitib yuborishi mumkin, lekin aftidan, “bu atay shuning uchun mo‘ljallangan” va kinematograf Alvin X. Kyuxler Xelenning olis bolaligidagi xotiralari haqida aynan shunday so‘zlagan bo‘lardi, ehtimol.
«Keyingi qurbon»
Janubiy Koreya kinosi haqida alohida kitob yozishga arziydi. Original syujetlar, ikir-chikir detallarga e’tibor, tahsinga loyiq operatorlik ishi va bugungi kun uchun dolzarblik – bularning barchasi “Keyingi qurbon”da mujassam. 75-Kann kinofestivalida film yetti daqiqalik olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Tirishqoq talaba Kim So Xi yirik kompaniyaning koll-markazida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, lekin u bu yerda qancha uzoq ishlasa, shunchalik ishtiyoq o‘rnini tasvirlab bo‘lmas qayg‘u va darmonsizlik egallab oladi. Rahbarlar uni ishga ko‘mib tashlaydilar va aql bovar qilmas samaradorlik ko‘rsatkichlarini talab qiladilar, keyin esa qizning hayotida mutlaqo dahshatli voqealar sodir bo‘ladi.
Filmni shartli ravishda ikki qismga bo‘lish mumkin va ssenariy muallifi va rejissyor Chon Ju-ri o‘z xizmatlari – mukammal va izchil syujet uchun tahsinga sazovor. Kartina shunday yaratilgan ediki, titrlardan so‘ng tomoshabin o‘ziga savol beradi: bundan qutulishning qanday imkoni bor edi? Unga yirik kompaniyalarning zamonaviy KPI ko‘rsatkichlari ustidan qilingan zaharxanda kinoyani qo‘shsangiz – qarabsizki, qayta ko‘rish istagi aniq tug‘iladigan ajabtovur triller shundoq ko‘z o‘ngingizda.
«Falokat»
Fransuz rejissyori Jyust Filipponing ikkinchi to‘liq metrajli filmi bir vaqtning o‘zida bir nechta mavzularni qamrab oladi: global isish va atrof-muhit muammolari, muayyan jamiyatdagi favqulodda vaziyatlar doirasidagi munosabatlar va oilaviy aloqalar. Syujet markazida – o‘n besh yoshli Selma va uning otasi turadi, ular bir-biri bilan teng sharoitlarda arang muloqot qilishlari mumkin. Yaqinlar orasidagi unchalik iliq bo‘lmagan munosabatlar kislotali yomg‘ir bilan yanada “tozalanadi”: bosh qahramonlar kataklizm tahdid solib, yo‘lida uchragan hamma narsani yoqib yuboradi. Selma va uning ota-onasi doimo yugurib, mash’um bulutlarga qarab, xavf-xatardan aqldan ozgan odamlar va beomon ofat o‘rtasida oqimga qarshi harakat qilishlariga to‘g‘ri keladi.
G‘arb senzurachilari, kartina – Stiven Spilbergning noahil oilaning tizginsiz va bundan-da qudratliroq yovuz kuchdan omon qolganligi haqida hikoya qiluvchi fantastik jangari janrdagi “Dunyolar janggi” asariga oz byudjetli fleshbek sifatida ishlayotganini ta’kidlab o‘tishgan. Savol tug‘iladi: nima, bu muammomi? Ilmiy fantastika va apokalipsisdan avvalgi va keyingi sharotlarda tirik qolish janri ixlosmandlariga “Falokat” – og‘izda eriydigan sariyog‘dek manzur bo‘ladi. Jo‘shqin, uzuq-yuluq montaj zeriktirib qo ‘ymaydi, hammayoqda kislotali yomg‘irning tabiiymonand shitirlaydigan tovushlari esa beixtiyor etni junjiktirib yuboradi.
«Poltergeyst»
“Qahramon qandaydir dahshatli voqea sodir bo‘lgan uyga qaytadigan” mashhur syujetsiz qanday horror bo ‘lishi mumkin? Rejissyor Lourens Fauler ko‘ngilni aynitadigan syujetni spiritik seans, kam byudjetli syomka va siyqasi chiqqan skrimerlar orqali tasvirlaydi. Film 20 yil ilgari singlisi vafot etgan uyiga qaytgan Margo haqida hikoya qiladi. Uning o‘limi sababini aniqlash maqsadida paranormal hodisalarga murojaat qiladi va “ko‘ngilxushliklar” ana shundan keyin boshlanadi.
Film o‘z janrida inqilob yasagan qo‘rqinchli film nomiga da’vogarlik qilmaydi (Faulerning oldingi ikkita qo‘rqinchli filmlari singari bunisi ham G‘arb matbuotidagi o‘rtacha reyting 10 balldan 5 ballni tashkil etadi), biroq aktyorlarning unchalik ham mohirona bo‘lmagan ijrosini ermak qilib, skrimerlardan sapchib tushishdek maroqli jarayondan bahramand bo‘lgan holda “Poltergeyst” ni yaxshi jamoa hamrohligida tomosha qilishga nima to‘sqinlik qiladi?
«Mening yalqovgina qotilim»
Noyabr oyidagi telbalikning haddi a’losi – bu qo‘rqinchli komediya …(ha, bu matbaa xatosi emas) himoyasiz talaba qizlarni burda-burda qiladigan yalqov hayvoni haqida.
Sutemizuvchining hikoyasi haqiqatdan ham fojiali: qo‘lga o‘rgatilgan yalqov talabalar hamjamiyatiga rahbarlikni ko‘zlab yurgan faol Emili uchun dardisarga aylanadi. Xo’ jayini jonivorni ko‘chaga tashlab ketadi va hech narsadan gumonsiramagan holda o‘z maqsadlari tomon harakatlanadi – bu xotirjamlik universitet kampusida qonli xunrezliklar yuz bermaguniga qadar davom etadi. Toping-chi, bularning ortida kim turibti?
93 daqiqalik qora komediya, bir vaqtning o‘zida bema’ni va shafqatsiz. Rejissyor Mettyu Gudxyu an’anaviy horrorning barcha klishelari bilan mohirona o‘yin ko‘rsatgan. Ayniqsa qotil-yalqov qochib ketayotgan qurbonini chaqmoq vaqtida quvib ketayotganida, har chaqmoq chaqqanida uning goh u bu yerda, goh boshqa yerda paydo bo‘lib qoladigan sahnalari ichak uzdi darajada kulgili chiqqan.