Skip to main content

Qizlar jumboqlar bilan gapirishni yaxshi ko‘radilar – erkaklar suyukli yorlaridan: shatush, tint yoki mist kabi tushunarsiz so‘zlarni eshitganlarida aynan shunday deb o‘ylaydilar. Ammo agar siz ulardan har kuni foydalansangiz, yanada yaxshirog‘i esa – parvarishning besh bosqichli tizimiga amal qilsangiz, go‘zallik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi bloggerlarni kuzatib borsangiz va marketpleyslarda “go‘zallik uchun” bo‘limlarida soatlab o‘tirsangiz, bunday ayollar narsalarini tushunish qiyin emas. Biroq, aziz ayollar, biz sizlarni ajablantirishga qaror qildik hamda go‘zallik borasidagi bir xillikka xilma-xillik kirita oladigan eng noodatiy va ilg‘or kosmetik vositalar haqida ma’lumotlarni to‘pladik.

Aker Fassi berber lab bo‘yog‘i

Ayollarning go‘zallik olamidan ajoyib mahsulotlar, 7ladies.uz

Zamonaviy moda yo‘nalishidagi trendlarning cho‘qqisi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri Marokashdan keltirilgan lab bo‘yog‘i. Bu tatuaj effektiga ega bo‘lgan an’anaviy tabiiy mahsulot, uning tarkibiga qizil oxra, anor po‘stlog‘i va ko‘knor barglari kiradi. Rang beruvchi pigment sopol idishchaga surtiladi va keyin kuydiruvchi quyosh nurlari ostida kuydiriladi.

Bunday lab bo‘yog’ini lablarga oldindan suv bilan namlangan cho‘tka yordamida surtiladi. Rangi och pushtidan to‘q qizil ranggacha bo‘ladi: namlik qanchalik kam bo‘lsa, rangi shunchalik yorqinroq bo‘ladi. Qurigandan so‘ng, lablar jilolanishi uchun lab bo‘yog‘i ustiga balzam surtishingiz mumkin.

Aker Fassi mahsuloti yana sof shaklida rumyana (yonoqlarni qizartiruvchi vosita) sifatida ishlatiladi. Barmoq bilan surtishni tavsiya etmaymiz, chunki pigmentning teridan yuvilishi qiyin.

Yuzni tozalash uchun ipak qurti pillalari

Ayollarning go‘zallik olamidan ajoyib mahsulotlar, 7ladies.uz

Osiyoda tayyorlangan yana bir tabiiy vosita – bu teri parvarishi uchun mo‘ljallangan ipak qurti pillalari. Tabiiy ipak yostiqchalari o‘lchamiga ko‘ra barmoqga kiyish uchun ideal ravishda mos keladi. Ular yengil polirovka (sayqallash), tekislash, yuzni nozik uqalash va teri poralarini tozalash uchun ishlatiladi.

Pillalar 97 foizga oqsildan tarkib topib, teri hujayralariga namlikni saqlashda yordam beradi, shuningdek, kollagen ishlab chiqishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ipak sharchalar paxta disklar va pardozni tozalash uchun sponjlarning tabiiy o‘rindoshi bo‘lishi mumkin.

Qog‘oz lab bo‘yog‘i

Ayollarning go‘zallik olamidan ajoyib mahsulotlar, 7ladies.uz

Bu yil blogerlar kichik qog‘oz bo‘lagiga o‘xshash xitoy lab bo‘yog‘ini faol sinovdan o‘tkazmoqdalar. Uni labga surtish uchun siz faqat lablarni namlash va qog‘ozni tishlash kerak. Ta’kidlanishicha, ushbu noyob kosmetik vositadan qadimgi Xitoyda foydalanilgan. U qog‘ozni turli pigmentlar bilan bo‘yash va xushbo‘y iforlar qo‘shish orqali yaratilgan.

TEARandGo stiker lab bo‘yog‘i

Ayollarning go‘zallik olamidan ajoyib mahsulotlar, 7ladies.uz

Xitoy lab bo‘yog‘ining asosiy afzalligi – sumkangizda juda kam joy egallashi. Ehtimol, zamonaviy kosmetologlar aynan shu haqida o‘ylab, yassi stiker lab bo‘yog‘ini ishlab chiqqanlar. TEARandGo – hamyoningiz, cho‘ntagingiz va, hatto, telefoningizni g‘ilofiga sig‘adigan lab bo‘yog‘i. Lablarni bo‘yash uchun aplikatorning bir qismini yirtib tashlab, uni barmog‘ingizga kiygizish, himoyalovchi plyonkani olib tashlash va lab bo‘yoqni qo‘llash lozim. Bunday vosita yordamida istalgan vaqtda va istalgan joyda lablaringizni bo‘yash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, to‘plam “barcha vaziyatlar uchun” mos bo‘lgan to‘rt xil rangni o‘z ichiga oladi.

Mystery Blush transformer-rumyanalari

Ayollarning go‘zallik olamidan ajoyib mahsulotlar, 7ladies.uz

Krem shaklidagi transformer rumyanalar (yonoqlarni qizartirish uchun vositalar) qo‘llashdan so‘ng, mo‘’jizaviy tarzda rangini ko‘k yoki qora rangdan pushti rangga o‘zgartiradi. “Aqlli” formula tufayli teri bilan aloqaga kirganda “sirli rumyana” individual pH darajasiga moslashadi va aynan sizga yarashadigan nozik tusga kiradi. Mystery Blush rang ohangini va intensivligini mustaqil ravishda aniqlashga qodir, shuning uchun bunday vositani qo‘llaganda, uni haddan tashqari oshirib yuborishning iloji yo‘q. Izohlarda aytilishicha, rumyana chindan ham rangini o‘zgartiradi, ammo bunga ishonch hosil qilish uchun mahsulotni o‘zingizda sinab ko‘rganingiz yaxshi. Bu vositani yana lab uchun yaltiroq tint sifatida ham ishlatish mumkin.

Yuz terisi uchun magnit niqob

Ayollarning go‘zallik olamidan ajoyib mahsulotlar, 7ladies.uz

Siz ushbu vosita haqida, ehtimol, eshitgandirsiz, lekin hali sinab ko‘rishga jur’at qilmagandirsiz. Bekor qilgansiz, hech bo‘lmaganda g‘ayrioddiy tarzda o‘chirish tufayli. Maxsus krem shaklidagi ​​tarkibi yuzga surtiladi, bir necha daqiqadan so‘ng esa siz magnitni yuzingiz atrofida yurgizasiz  – shunda niqobning o‘zi teridan “tushadi”.

Tarkibida temir bo‘lgan niqoblar teridagi poralar (teshiklar)ni toraytiradi, ifloslanishlar va o‘lik hujayralarni olib tashlashga yordam beradi, shuningdek qora nuqtalardan xalos bo‘lishga ko‘maklashadi. Go‘zallik yo‘nalishida faoliyat yurgizadigan blogerlarning ta’kidlashicha, bu mahsulot haqiqatan ham yuzdan ortiqcha yog‘ni olib tashlashga yordam beradi. Bundan tashqari, magnit niqoblar yog‘lar va ekstraktlar bilan boyitilgan bo‘lib, shuning uchun protseduradan keyin terida yog‘li plyonka qoladi, uni suv bilan yuvish kerak emas, faqatgina salfetka bilan artish kifoya.