Skip to main content
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ga tegishli Markaziy klinik shifoxonasining ginekologiya bo‘limida konservativ va jarrohlik muolajalari amalga oshirilmoqda, shu jumladan, zamonaviy laporoskopiya – kesishlarsiz jarrohlik usuli qo‘llanilmoqda. Amaliyot laparoskop yordamida kindik sohasida ochilgan kichik teshiklar orqali kiritib amalga oshiriladi. Laparoskopiya va shunday jarrohlik amaliyotlarining afzalliklari haqida shifokor akusher-ginekolog Shaxnoza Shukurlayeva batafsilroq gapirib berdi.

Qanday ginekologik kasalliklar ko‘proq laparoskopiya amaliyotini talab qiladi?

Laparoskopiya jarrohligi genekologiyada keng tarqalgan. U shoshilinch yoki rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Amaliyotning o‘zi faqatgina jirrohlik yo‘li bilan davolashga qaratilmagan. Aksariyat hollarda ginekologik kasalliklarni diagnostika qilish maqsadida magnitli rezonans tomografiya va ultratovush tekshiruvlar yetarlicha xulosalarni bermayotganida ham unga murojaat qilishadi. Agar diagnostika qilish jarayonida shifokor patologik o‘zgarishlarni aniqlasa, shu zahotiyoq uni bartaraf etishadi. 

Laporoskopiya o‘tkazish uchun asosiy ko‘rsatmalar: 

  • kelib chiqishi noaniq bepushtlik;
  • endometrioz;
  • tuxumdonlarda kistalar va bezarar o‘simtalarning aniqlanishi;
  • bachadon naylarining berkilib qolishi;
  • kichik tos sohasi va jinsiy a’zolar yallig‘lanishi;
  • spayka patologiyasi;
  • atipiya ehtimoli;
  • bachadon miomasi;
  • bachadondan tashqi homiladorlik ehtimoli;
  • bachadon naylarining yorilishi;
  • tos sohasidagi surunkali og‘riqlar sindromi;
  • ichki qon ketishi.

Ginekologiyada mazkur jarrohlik usulining afzalliklari nimada?

Laparoskopiyani oddiy laporotomiya amaliyoti bilan solishtirilgan afzalliklari shundaki, unda jarohat olish va qon yo‘qotish kamroq kechadi. Ushbu usul bemordagi jarrohlikdan keyingi og‘riqlarni minimallashtirishga va tiklanish davrini qisqartirishga imkon beradi. 

Laparoskopiya o‘tkazish oldidan qanday tahlillar zarur?

Barcha bemorlar zaruriy tahlillardan o‘tishlari kerak. Jarroqlikdan oldin quyidagi tahlil va tekshiruvlar amalga oshiriladi:

  • umumiy qon tahlili;
  • koagulogramma;
  • VICh, sifilis va gepatit tahlillari;
  • laboratoriya peshob tahlili;
  • elektrokardiogramma;
  • oyoqlar quyi tomirlarining ultratovush dopplerografiyasi;
  • kichik tos sohasida UTT tekshiruvi.

Bunday amaliyotlar o‘rtacha qancha vaqt davom etadi va laparoskopiya o‘tkazishda og‘riqlar seziladimi?

Barchasi jarrohlik aralashuv hajmiga bog‘liq. Amaliyot o‘rtacha 30 daqiqadan bir yarim soatgacha davom etadi. Jarrohlik vaqtida og‘riqlar juda oz bo‘ladi, chunki unda narkoz yoki anesteziyadan foydalaniladi.   

Laparoskopiyadan qancha vaqt o‘tib bemor odatiy hayotga qaytishi mumkin?

Mazkur jarrohlik usuli jarrohlikdan keyingi og‘ir tiklanish davridan ozod qiladi: tiklanish uchun 7 kundan 14 kungacha vaqt zarur bo‘ladi. Bundan tashqari, laparoskopiyadan keyin terida sezilmas iz qoladi: laparoskop asbobi orqali ochilgan teshiklar bir necha kunda bitib ketadi. Keyinchalik esa deyarli sezilmaydigan chandiqlar qoladi.   

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ga tegishli Markaziy klinik shifoxonasining ginekologiya bo‘limida amalga oshirilayotgan davolash usullari haqida batafsil ma’lumotni jd-klinika.uz veb-saytidan topish mumkin. Shuningdek, (99871) 299-60-83 raqamiga murojaat qilish mumkin.