Skip to main content
Tilshunoslar tortning vatani sifatida Italiyani tilga oladilar va “torta” so‘zini Dante tilidan “dumaloq non” sifatida tarjima qiladilar. “Har kim suygan oshini ichadi” maqolasi ham italyancha talqinda “Har kim suygan tortini yeydi” ma’nosini oladi va bu shirinlikning xillari serobiligidan darak beradi. Hozirda tort albatta shirin bo‘lishi shart emas. Uni shakarsiz, tuzlangan baliq, jigar yoki mayonezdan tayyorlaydilar. Shu tariqa, zamonaviy tort deganda uning an’anaviy tarkibi emas, balki shirinlikning doirasimon shakli nazarda tutiladi.

Noyabr bejizga yilning qosh qorayish vaqti, deb atalmaydi. Bu anchagina qorong‘i, uzun tunlar va achchiq shamollar davri. Rostini aytsak, kuz oxirida hattoki iliq mamlakatlarda yashovchilar ham g‘amginlik girdobiga asir tushadi. Biroq, kayfiyatni tushirishga o‘rin yo‘q, zero yil oxiriga quvonchli va shirin tus berish imkoniyati o‘zimizning qo‘limizda.

O‘sha o‘zimiz sevgan, ammo yangicha ijroda taqdim etilgan tort kuzgi tushkunlikka qarshi kurashda yordam beradi. Qator mamlakatlarda 26-noyabrni Tort kuni sifatida nishonlash (iyuldagi xalqaro bayramga qo‘shimcha ravishda) bekorga o‘ylab topilmagan bo‘lsa kerak – albatta, o‘zing va yaqinlaring kayfiyatini ko‘tarish uchun!

Sizlarga sevimli insonlar va mazali shirinliklar hamrohligida tantanaga qo‘shilishni hamda tashvish va dardlardan chalg‘ishni taklif qilamiz. Qomatingizga zarar yetmaydi: zamonaviy “tort” sog‘lom va past kaloriyali bo‘lishi mumkin ekan.

Hamma dardga davo – tort, 7ladies.uz

Stakan ichidagi “Napoleon”

“Napoleon” yoki mille-feuille “mingta varaq” torti original ko‘rinishida Fransiyada kashf etilgan. Hozir shirinlik shu qadar ommalashgan-ki, uning muqobil ko‘rinishlari ko‘plab davlatlarda pishiriladi. Hattoki, Yaponiya, Kanada, Avstraliya va Afrikada ham tortning o‘ziga xos shakllari mavjud.

Bu orada, bilag‘onlar shu paytgacha “Napoleon”ni to‘g‘ri yeyish ustida bosh qotiradilar. Ayrimlar pishiriladigan tortlar xuddi non kabi faqat qo‘l bilan yeyilishini ta’kidlaydi. Odob-ahloq bo‘yicha mutaxassislar esa stol oldida noqulay vaziyatga tushmaslik uchun pichoq va sanchqidan foydalanishni taklif qiladi. Alohida ishqibozlar shirinlikni qavatlarga ajratib iste’mol qiladi. Stakan ichidagi “Napoleon” bilan qiyinchilik yuzaga kelmaydi – shirinlikdan ko‘proq olish uchun desert qoshig‘ini tanlang.

Kerakli mahsulotlar:

  • Lavash — 200 g
  • Tuxum — 2 dona
  • Makkajo‘xori kraxmali — 26 g
  • Sut — 400 ml
  • Qulupnay — 4 dona yirik rezavor
  • Ta’bga ko‘ra shakar o‘rnini bosuvchi kukun
  • Bir siqim sevimli rezavorlar

Tayyorlanish usuli.

  1. Chuqurroq tovada sut, tuxum, 1 g shakar o‘rnini bosuvchi kukun va 20 g makkajo‘xori kraxmalini aralashtiring. Past olovda to‘xtovsiz aralashtirgan holda qaynaguncha pishiring. Krem quyuq holga kelganidan so‘ng bir oz sovitish uchun chetga qo‘ying.
  2. Qulupnayni kubiklar shaklida to‘g‘rang, 1-3 g shakar o‘rnini bosuvchi kukun va qolgan kraxmalni qo‘shing. Rezavorlarning bir oz ezing va quyuqlashguncha past olovda tuting.
  3. Lavashni kvadratlar shaklida to‘g‘rang va tovada qarsildoq holatgacha qovuring. Quruq lavashni stakan ichiga uvalang. Ustidan bir qavat krem va bir boshiq qulupnay soling. So‘ngra yana lavash va krem. Stakandagi joy yoki mahsulotlar tugagunicha qavatlarni ketma-ket yig‘ing.
  4. “Napoleon”ni olti soatga sovutgichga qo‘ying. Shirinlikni sevimli rezavorlaringiz bilan bezating.

Hamma dardga davo – tort, 7ladies.uz

“Vau-tiramisu”

“Tiramisu” torti – shirinliklar olamida haqiqiy quvvat bombasi. Italyancha shirinlikning nomi ham o‘zi uchun javob beradi: erkin tarjimada “tiramisu” so‘zi “meni tetiklantir” yoki “meni osmonga olib chiq” ma’nosini anglatadi. Past kaloriyali variant jo‘shqinligi bo‘yicha asl tortdan ortda qolmaydi!

Pechenye uchun kerakli mahsulotlar:

  • Tuxum — 3 dona (3ta oqi, 2ta sarig‘i)
  • Guruch uni — 3,5 osh qoshiq
  • Achchiq qahva — 1 finjon
  • Achchiq shokolad — 1 plitka
  • Ta’bga ko‘ra shirinlik

Krem uchun kerakli mahsulotlar:

  • Yog‘siz yumshoq tvorog — 400 g
  • Tabiiy yogurt — 170 ml
  • Jelatin — 5 g
  • Sut yoki suv — 30 ml
  • Istalgan shirinlik ta’mini beruvchi kukun

Tayyorlanish usuli

Pechenyeni tayyorlaymiz. 

  1. Alohida idishda tuxum sariqlarini un va shirinlik ta’mini beruvchi kukunlar bilan aralashtiring, so‘ngra ohistalik bilan tuxum oqlarini qo‘shing.
  2. Xamirni shaklga quying, bunda tort yoki pirojnoye sifatida pishirish mumkin. Gaz pechida 180 haroratda 20 daqiqa atrofida pishiring.

Kremni tayyorlaymiz. 

  1. Jelatinni sovuq suv yoki sutda 30 daqiqa aralashtirib qoldiring, so‘ngra aralashtirgan holda suv hammomida eriting. Unutmang: jelatin massasi qaynashi kerak emas!
  2. Tvorog, yogurt, shirinlik ta’mini beruvchi kukun blenderda aralashtirib, unga hosil bo‘lgan jelatinni qo‘shing.

Yig‘amiz. 

Shirinlikka singdirish uchun achchiq qahva tayyorlang (pecheneni ichimlik ichiga bir necha soniyaga tushirish kifoya). Navbati bilan pechenye – bir qavat krem – pechenye – krem ketma-ketligida terib chiqing. Ustidan maydalangan shokolad sepib, olti soatga sovutgichga qo‘ying.

Hamma dardga davo – tort, 7ladies.uz

“Shumtaka panakota”

Asl ko‘rinishida mutlaqo tort hisoblanmaydigan yana bir italyancha shirinlik. Biroq, “panakota” muxlislari ham ortda qolishni istamadilar va taom bilan tajriba o‘tkazgach, an’anaviy “pishgan qaymoq” muqobilini yaratishga erishdilar. Qolaversa, ortiqcha kilogrammlardan qochish uchun tort g‘oyasidan chetlashib, o‘zingizni bokal ichidagi olchali “panakota” bilan erkalatib ko‘rishingizni tavsiya qilamiz.

Kerakli mahsulotlar:

  • Yumshoq tvorog — 400 g
  • Olcha — 200 g
  • Suv — 100 ml
  • Jelatin — 2 ta 15 grammli xaltacha
  • Shakar — 2 osh qoshiq
  • Vanilinli shakar— 1 choy qoshiq
  • Bezatish uchun istalgan rezavorlar

Tayyorlanish usuli

  1. Bir xaltacha jelatinni 50 ml suvga soling. Massa ishib chiqishi bilan uni suv hammomida eriting. Jelatin to‘liq erigunicha aralashtirishdan to‘xtamang. Suyuqlik qaynashiga yo‘l qo‘ymang!
  2. Bosh idishda tvorog, oddiy va vanilinli shakarni aralashtiring. Suyuq jelatinni darhol tvorog massasiga quying, hosil bo‘lgan aralashmani bokallarga qo‘yib (taxminan yarmigacha), sovitish uchun sovutgichga qo‘ying.
  3. Tvorog soviganidan keyin blenderda olchani maydalang. Jelatinning ikkinchi qismini eritib, rezavorlar massasiga aralashtiring. Hosil bo‘lgan aralashmani tvorog ustidan bokallarga quyib chiqing. “Shumtaka panakota”ni bir-ikki soatga sovutgichga qo‘ying, rezavorlar bilan bezating va mehnatingiz natijasida bahramand bo‘ling.

Hamma dardga davo – tort, 7ladies.uz

“Antiqa chizkeyk”

Pirog muxlislari qovoq va apelsinning kutilmagan ta’m birikmasiga munosib baho beradilar. Qizig‘i, bunday “chizkeyk” na pishloq, na tvorogni talab qilmaydi.

20 sm shakl uchun kerakli mahsulotlar:

  • Guruch uni — 100 g
  • Suli uni — 80 g
  • Tuxum — 1 dona
  • Suv — 110 ml
  • Shakar o‘rnini bosuvchi kukun — 15 g
  • Vanilin ekstrakti — 5 tomchi 
  • Tuz — ¼ choy qoshiq
  • Zaytun moyi — 1 osh qoshiq

Quyma uchun kerakli mahsulotlar:

  • Qovoq — 400 g
  • Tuxum — 3 dona
  • Guruch uni — 1 osh qoshiq
  • Shakar o‘rnini bosuvchi kukun — 30 g
  • Vanilin ekstrakti — 6 tomchi
  • Koritsa — ⅓ choy qoshiq
  • Apelsin — 1 dona (qobig‘i va sharbati)

Tayyorlanish usuli

  1. Qovoqni to‘g‘rang, ustidan folga bilan yopib, 200 haroratda 30-40 daqiqa pishiring.
  2. Asos uchun barcha quruq mahsulotlarni aralashtiring, yog‘, tuxum, suv, vanilin ekstraktini qo‘shing. Xamirni xaltachaga solib, 25 daqiqaga sovutgichga olib qo‘ying.
  3. Pishgan qovoqni blenderda maydalang, quyma uchun qolgan mahsulotlarni qo‘shing va mikser bilan aralashtiring.

Sovutgichdan olingan xamirga shakl bering, pirog chetlarini ko‘taring va gaz pechida 180 darajada 25 daqiqa pishiring. Qovoqli pyureni qo‘shing va pirogni gaz pechidagi suv hammomiga bir soatga qo‘ying, haroratni 200 gacha pasaytiring. Stolga tortishdan avval shirinlikni soviting.

Hamma dardga davo – tort, 7ladies.uz

“Alvido biqinlar” jelesi

Yorqin ranglar, jonli ta’mlar va vitaminlar – ko‘tarinki kayfiyat va nekbinlikni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan hammasi “Alvido biqinlar” jeleli tortida mujassam bo‘lgan. Uning retsepti shu qadar oson-ki, o‘zingizni xotirjam qo‘yib, tasavvurni ishga solishingiz mumkin.

Sizga turli rangdagi jele uchun kukun kerak bo‘ladi. Ularning miqdori faqatgina qanchalik kattalikdagi tortni yeyishni istashingizga bog‘liq. Va mevalar. Bunda uzum va qulupnayga urg‘u bering. Va anjir, yangi ananas, papaya, mango, guava, kividan voz keching. Ularning tarkibidagi mikroelementlar jelatin qotishiga yo‘l bermaydi.

  1. Mevalarni to‘g‘rang. Tort uchun shakl tubiga “vitaminlarning” birinchi porsiyasini soling.
  2. Jele xaltachasini eriting. Bunda yo‘riqnomada yozilganidan 100 ml kamroq suv ishlating. Shunda shirinlik yanada to‘yingan va o‘tkir bo‘ladi. Eritilgan jeleni shaklga quyib, qotishi uchun sovutgichga qo‘ying.
  3. Jele qotganidan keyin ustidan navbatdagi mevalar qatorini soling va yangi eritilgan jele xaltachasini qo‘shing. Qotishi uchun sovutgichga qo‘ying. Algoritmni takrorlang, qavatlar soni faqat sizning istagingizga bog‘liq.

Jeleni issiq pichoq bilan bo‘laklarga kesib, mehmonlarga desert qoshig‘i bilan birga taqdim etgan ma’qul.

Vazifangiz – hayratga solish bo‘lsa, tortning an’anaviy bezatilishi zerikarli ko‘rinishi mumkin, bu orada mevali savatchalardagi jele mehmonlarni lol qoldiradi. Apelsinlar va limonlarni teng yarmidan kesing, etini olib tashlang. Hosil bo‘lgan savatchalarga meva bo‘lakchalari va suyuq jeleni soling. Shirinlik qotishini kuting, so‘ngra g‘ayrioddiy taom bilan mehmonlarga hayron qoldiring.

Kuzda shirinliklardan zavqlanish istagidan o‘zingizni tiymang. Me’yorida iste’mol qilingan foydali shirinliklar sizga kuch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Aytishlaricha, taomni pishirish vaqtida yaxshi narsalar haqida o‘ylansa, u yanada mazaliroq bo‘lar ekan. Yana tabassum ham qilsangiz bormi, natija siz kutgandan ham ortiq bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Yoqimli ishtaha!

Текст: