Charos, siz ko‘plar bolaligida orzu qilgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanasiz. Qandolatchi-texnolog bo‘lish qarorini qanday qabul qilgansiz?
Oshxonaga bo‘lgan muhabbatim menga onamdan meros bo‘lib qolgan. Oshpazlik mahorati alomatlari bolalik paytimdayoq ko‘zga tashlangan: o‘smirlik paytimda piroglar, kekslar, tortlar va pirojniylar tayyorlashni boshlaganman. Birinchisi odatda doim o‘xshamay qoladi, lekin oshpazlik qalbimdan juda chuqur joy egallagan edi, doim yangi biron narsa tayyorlardim, tajribalar qilardim. Yaqinlarim, tanishlarim va qo‘shnilarim uchun pishirardim. Oziq-ovqat ishlab chiqarishi texnologi mutaxassisligiga o‘qib, keyin ushbu yo‘nalishda ishlashni boshlaganman. 2012-yildan MAGNUM savdo tarmog‘ida non va qandolatchilik mahsulotlari bo‘yicha texnolog bo‘lib ishlab kelyapman.
Yangi pishiriqlar va desertlar qanday dunyoga keladi? Sexda o‘z shaxsiy ilhomingizga ham joy bormi?
Biz pishiriqlar olamidagi eng asosiy trendlarga qarab ish tutamiz, xaridorlarda yuqori talabga ega bo‘ladigan mahsulotni yaratish biz uchun birinchi o‘rinda turadi. Retseptni ishlab chiqamiz, eng sara mahsulotlarni tanlab olamiz, ishlab chiqaramiz va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazamiz. Bu qanday amalga oshiriladi: retseptni mukammal darajagacha yetkazish uchun men birinchi namunani shaxsan o‘zim tatib ko‘raman, undan so‘ng esa mahsulotni texnologlar bo‘limi degustatsiya qiladi. Sifat nazorati o‘tkaziladi, keyin esa biz mahsulotning qadog‘i, tashqi ko‘rinishi va uning samaradorligi ustida ish olib boramiz.
Yakuniy tasdiqlash bosqichidan so‘ng desert ishlab chiqarishga, keyin esa – sotuvga yuboriladi. Tayyor mahsulot uning tashqi ko‘rinishi, tuzilishi, hidi va ta’mi bo‘yicha baholanadi. Men uchun shuningdek shirinlikni kesganda uning chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishi ham katta ahamiyatga ega. Jarayon qanday yo‘lga qo‘yilgani menga yoqadi, ish joyida ilhomlanish va o‘ylaganimni tezda hayotga tatbiq etish uchun barchasi mujassam.
G‘oyaning paydo bo‘lishidan boshlab ro‘yobga chiqarilishigacha odatda qancha vaqt o‘tadi?
Ba’zan yarim yilgacha vaqt oladi, undan ham uzoq vaqt olishi mumkin. Ba’zan esa bir hafta ham yetarli. Ko‘p narsa insonning o‘ziga bog‘liq: kimdir birinchi omadsizliklardan keyin darhol taslim bo‘ladi, boshqalar esa aksincha, barkamollikka yetmagunlaricha harakat qilishdan to‘xtamaydi.
Misol uchun, men kruassanlar ustida yarim yildan ortiq vaqt mobaynida ishladim, toki o‘zim hoxlagan natijaga erishmagunimcha. Bunday sinchkovlik va benuqsonlik o‘zini to‘liq oqladi: bugungi kunda mehmonlarimiz kruassanlarning aniq pishish vaqtini bilib olishgan va ularni xarid qilish uchun muntazam kelishadi. O‘z mehnating mevalarini ko‘rish nihoyatda ilhomlantiradi!
Xomashyoni, va tegishli ravishda ta’minotchilarni tanlash jarayoni haqida gapirib bersangiz?
Xomashyoni tanlash jarayoni nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u bevosita pishiriqlar sifatiga va ta’miga ta’sir qiladi. Men aynan shuning uchun sinalgan ta’minotchilarga murojaat qilishga harakat qilaman. Mahsulot tarkibini o‘rganib chiqish, uning tabiiyligiga ishonch hosil qilish muhim. Xomashyoni ishlab chiqarishda to‘g‘ri saqlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Magnum’da keng assortimentda ishlab chiqaruvchilar taqdim etilgan. Aynan sizning pishiriqlaringiz va desertlaringizning o‘ziga xos jihati nimada?
Juda to‘g‘ri gapirdingiz, tarmog‘imizda pishiriqlar va shirinliklarning tanlovi juda katta. Turli savdo belgilariga oid mahsulotlarning xilma-xilligi va mavjudligi muhim ahamiyatga ega: axir ular ustida ham go‘zallikni o‘zgacha idrok qiluvchi professionallar ishlaydi. Biroq, eng yangi pishgan va tabiiy mahsulotlar ortidan quvayotgan haqiqiy shinavandalar ko‘pincha bizga murojaat qiladi. Biz esa, o‘z navbatida, mehmonlarimizning istaklarini doim inobatga olishga harakat qilib kelganmiz va davom etmoqdamiz.
Mijozlarning ko‘proq nima afzal ko‘rishlarini qanday tahlil qilasiz?
Biz pishiriqlar va desertlarning sotilishi dinamikasini har tomonlama o‘rganib chiqamiz. Bu shubhasiz: talab qanchalik yuqori bo‘lsa, mahsulot shu darajada afzalliklarga mos keladi. Sotuvlar bo‘yicha “etishmovchilik” kuzatilayotgan joylarda esa biz tuzatishlar kiritamiz: ustida qo‘shimcha ishlaymiz yoki u katta talabga ega bo‘lishini ta’minlash uchun mahsulotni o‘zgartiramiz.
Xaridor uchun keng tanlov sharoitida yuqori talabni nima hisobiga saqlab turishga erishiladi?
O‘ylaymanki, hamma gap narx va sifatning to‘g‘ri nisbatida. Shu bilan birga, bizning ishlab chiqarishimiz savdo majmuasi ichida joylashgan — mahsulot tayyorlanishidan boshlab iste’molchilar dasturxonigacha minimal yo‘lni bosib o‘tadi. Bu raqobatbardosh bo‘lishimizni ta’minlovchi ustunligimiz.
Sizning eng sevimli pishirig‘ingiz qaysi?
Kruassan. U ko‘p kuchimni, vaqtimni va sabrimni olgan. Ehtimol shuning uchun bo‘lsa kerak, uni juda yaxshi ko‘raman!
Desert-chi?
“Pavlova” deserti — yangi uzilgan mevalar bilan bezatilgan yengil beze.
Pishiriqlarning jahon bo‘ylab poytaxti qaysi ekanligini ayta olasizmi?
Bitta nom aytadigan bo‘lsam brend-sheflar mening adabimni berishadiku! Aytish qiyin, axir har bir pishiriqning o‘z poytaxti bor. Kruassan yoki bagetniki — Parij, pitssaniki — Rim, xachapuri esa — Tbilisida dunyoga kelgan. Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Gastronomiyani umuman qilib oladigan bo‘lsak, siz sevgan TOP-3 dunyo oshxonalarini ayting.
Fransuz, yapon va italyan oshxonasini yaxshi ko‘raman.
Qandolatchilik hunariga shuncha vaqt sarflagan holda, ishdan dam olish kerakligi haqida ham o‘ylab turasizmi?
Ha, albatta! O‘z vaqtida “tormozni bosmagan” taqdirda shunchaki hissiy toliqishga duch kelish mumkin. Ammo ta’tilga chiqqanimda ikkinchi kuniyoq oshxonamni va uning betakror muhitini sog‘inishni boshlayman. Dam olish zarur, lekin menga buning uchun ko‘p vaqt kerak.
Qarindoshlaringiz va yaqinlaringiz uchun tez-tez tayyorlab turasizmi?
Ularni iloji boricha tez-tez xursand qilib turishga harakat qilaman. Lekin ba’zida bu oyda bir marotaba sodir bo‘ladi.
Matn: Anora Surayeva
Foto: Ruslan Mardanov