Skip to main content
Yilning sovuq fasli garderobingizda ranglar xilma-xilligidan voz kechish uchun sabab emas. Ayniqsa, joriy qish mavsumidagi trendga oid ranglar palitrasi yorqin, o‘ziga xos va bir vaqtning o‘zida nozikta’b bo‘lishni va’da qilayotganida. An’anaga muvofiq, Pantone instituti urfga oid bo‘yoqlar sur’atlarini belgilab bermoqda va 7LADIES tahririyati ham ortda qolmaslikka qaror qildi. Mazkur maqolamizda 2023-2024 qish mavsumining eng urfdagi ranglarini jamladik va ularni qanday moslashtirish haqida gapirib beramiz.

Pantone ranglarni ikki guruhga ajratdi – o‘nta urfdagi va beshta an’anaviy tus. Qayd etish kerakki, ularning aksariyati joriy mavsumga o‘tgan mavsumdan ko‘chib o‘tgan. Shu bois, trendga mos bo‘lish uchun butun garderobni o‘zgartirishga hojat yo‘q.

Rang trendlari, 7ladies.uz

Ranglar ketma-ketligini tender peach – nozik shaftolirang boshlab berdi. Har qanday nozik xilqatning kiyimlari orasidan ajoyib o‘rin oladigan tusni baza ranglar qatoriga kiritish mumkin.

Ro‘yxatni pushti va siyohrang aralashmasi – yorqin rose violet davom ettirdi. O‘tgan mavsumda fuksiya ko‘pchilikka manzur bo‘lgandi, bu rang esa tendensiya davomidir.

Viva magenta bu yilning eng urfbop rangi nomini oldi. Uning sovuq mavsum uchun ranglar ro‘yxatidan joy olgani hayratlanarli emas. Rezavorlarga xos qizil kiyim, aksessuar va poyabzal buyumlari rangi sifatida ajoyib uyg‘unlikni yaratadi.

Yorqin red orange hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi. U hammaga ham mos kelmasa-da, baribir e’tibor qaratish lozim: mana bu “panton” poyabzal yoki sumkaga juda mos keladi. 

Red dahlia, chamasi, mavsum palitrasidagi eng muhtasham ranglardan biri. Qimmatbaho sharob yoki saroylardagi baxmal rangi – “qizil georgin” aynan shu narsalarni eslatadi. Bu tus garderobingizda bashanglik, nozik didlik va o‘ziga ishonch hissini ulashadi.

Rang trendlari, 7ladies.uz

Pudrabop qizil-jigarrang sienna yilning istalgan davrida baza rangiga aylanishi mumkin. Undan kundalik hamda ishbilarmonlik uchrashuvlari yoki tantanalar uchun obrazlarda foydalanish mumkin.

Navbatdagi rang issiq yozni eslatadi va sizni shahardagi olomon orasida ajratib turadi. High visibility – o‘tkir, yorqin va to‘yingan sariq rang kayfiyatingiz tushishiga aslo yo‘l bermaydi.

Endi sovuq tuslar haqida gaplashamiz. Persian jewel bejizga “fors javohiri” deb nomlanmagan: bu yerda lojuvardga yaqqol havola ko‘rinib turibdi. Bu rang zerikarli obrazni jonlashtirishi mumkin va hech qachon jonga tegmaydi.

Sog‘lom turmush tarzi va tabiat bilan uyg‘unlashish odati Ranglar institutining tadqiqotiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Trenddagi palitra o‘ntaligiga yorqin kohlrabi yakun yasadi. Bu chiniqtiruvchi mashg‘ulotdan tortib ziyofatga tashrifgacha bo‘lgan hayotdagi turli holatlar uchun mos rang.

Rang trendlari, 7ladies.uz

Bu ketma-ketlikni coconut milk ochib berdi. Kokos suti kabi mayin oq rang turi qor kabi oppoq rangni xush ko‘rmaydiganlar uchun yaxshi tanlovga aylanadi. U zamsh, tvid yoki charmdan ishlangan ustki kiyimlar va ishbilarmon kostyumlarga mos keladi. Baza buyumlar ishqibozlari bu rangga e’tibor qaratishlari lozim.

Kuz-qish palitrasini kulrangsiz tasavvur qilish qiyin. Joriy yilda ekspertlar silver birch rangini tanladilar – och tusdagi, deyarli yarqirovchi rang istalgan rang mutanosibligiga baza sifatida mos tushadi.

An’anaviy ro‘yxat qoramtir tuslardan ham tanlov qilgan. Eclipse – qamrab oluvchi va chuqur rang odatiy qora o‘rniga da’vo qilmoqda. Ishbilarmonlik uchrashuvida bu rang orqali maqsadlar jiddiyligini namoyon etish, kechqurun esa obrazga sirlilik bag‘ishlash mumkin.

Hot fudge — hech kimni befarq qoldirmaydigan chuqur jigarrang. Iliq va qulay rang har qanday go‘zalning ajoyib “hamrohiga” aylanishi mumkin. U turli matolar mavjud obrazga ajoyib tarzda moslashadi.

Sovuq mavsumning baza ranglari ro‘yxatini sarg‘ish-jigarrang doe rangi yopadi. Jahon brendlari ko‘pincha bu rangdan o‘z to‘plamlarida foydalanadi. Shu bois u haqiqatdan ham e’tiboringizga loyiq. Bu rangdagi buyumlar har qanday garderobga yaxshi qo‘shimcha bo‘ladi.

Rang trendlari, 7ladies.uz

Qo‘shing, aralashtiring, moslashtiring 

Bu qism bir nechta rangdan iborat murakkab obrazlarni yoqtiradiganlarga bag‘ishlanadi. Biz turli hayotiy voqealar uchun Pantone trend bo‘yoqlarining eng omadli birikmalar tanlamasini yaratdik.

Rang trendlari, 7ladies.uzTantanavor kecha

Bu yilning asosiy rangi – viva magenta hamrohligida teatr, kechki taomlanish, uchrashuv yoki gilamli yo‘lakchaga tashrif aniq e’tiborsiz qolmaydi. Bu tusga bir qarashda qutbli ko‘ringan carnival glass, shuningdek red orange va high visibility ranglari mos keladi.

Qimmatbaho va bashang “qizil georgin” – har qanday tantana uchun yutuqli tanlov. Uning sarnival glass yoki high visibility ranglari bilan uyg‘unligi obrazga o‘ziga xoslik bag‘ishlashi mumkin. Buyumlar yoki aksessuarlarga tender peach rangini qo‘shish orqali qiyofaga noziklik berish mumkin.

Yorqin, to‘yingan va tabiiy “kolbri” rangi burnt sienna, rose violet va persian jewel ranglari bilan uyg‘unlikda kutilmagan, ammo yoqimli ko‘rinish hosil qiladi.

Kundalik obrazlar

Sovuq mavsumni aks ettiruvchi hot fudge rangi obrazda coconut milk, doe va tender peach ranglari bilan do‘stlashishi mumkin.

Tun kabi qorong‘i ko‘k rang coconut milk bilan ajoyib juftlikni yaratadi. Shuningdek, silver birch va doe tuslari eclipse rangidagi obrazga mayinlik va yengillik beradi.

Moda – muntazam ravishda shakllar va ranglar bilan tajriba qilishni nazarda tutadi. Shuning uchun obrazni to‘ldirishi hamda atrofdagilarni hayron qoldirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan boshqa ranglar haqida ham unutmaslik zarur. Bunda omadsiz aralashmalarni doim yodda tutish kerak. Masalan, pushti va qizil bir-biri bilan faol bahslashishi mumkin. Shu sababli bunday yonma-yonlikka e’tiborliroq bo‘lish zarur. Shuningdek, ko‘k va och yashil, yashil va qizil, to‘q chuqur ranglar va qora birikmalari ustida yaxshiroq o‘ylab ko‘rgan ma’qul.