Modaga tobora universal shakl berayotgan madaniy globallashuvga qaramay, har bir mamlakatning o‘z uslubi shakllanmoqda. Bu faqat odamlarning turli trendlarga mehri tufayli yuz berayotgani yo‘q: kiyim tanloviga iqlim, mentalitet, turmush darajasi va boshqa omillar ta’sir ko‘rsatadi. Munosib ravishda zamonaviy moda asoschilari sifatida e’tirof etilgan mamlakatlardagi tendensiyalar hamda eng ishqiboz fashionistas’ning uslub qoidalari haqida gaplashamiz.
Fransuzcha garderob
Fransiyada kiyinish uslubi – qulaylik va erkinlik uyg‘unligidir. Parijdagi moda uylari xalqaro fashion-sanoati qoidalarini belgilab berishiga qaramay, mamlakatda trendlarga moslashish odati mavjud emas. Qizlar kiyinish uslubini tanlashda o‘z latofati va nozik didiga urg‘u beradi. Fransiyada kiyimdagi oddiy asosiy ranglar ko‘zga tashlanuvchan va yorqin aksessuarlar bilan moslashtiriladi. Beretlar, poshnasiz poyabzal, ko‘ylaklar, yubkalar va uzun ustki kiyim – fransiyalik ayollarning “DNK”iga singib ketgan. Odatda ular kundalik qiyofasini shoshilinchda yaratadi, biroq tadbirlarga obraz ustida sinchkovlik bilan o‘ylanadi. Soddalik va minimalizm – Fransiyada liboslar tanlovida qo‘llaniladigan asosiy tamoyillardir. Aksariyat fransiyalik xonimlar o‘zining nozikligi va ayollik nafosatiga urg‘u berish uchun oversize uslubida erkin ko‘ylaklar va kardiganlarda yuradi.
Fransuz xonimlarining kiyinish uslubi qoidalari:
- Kundalik (baza) kiyimlar – haqiqiy must have, chunki ular har doim kerak;
- Neytral tusdagi kiyimlarni xarid qiling va obrazlarni yorqin aksessuarlar bilan to‘ldiring;
- Faqat sifatli kiyimlarni xarid qiling;
- Aksessuarlardan minimal miqdorda foydalaning;
- Qomatingizga oro beradigan va yarashadigan kiyim kiying.
Italyancha hashamat
Italiya, bu – g‘oyatda go‘zal me’morchilik, mazali taomlar va kiyim tanlovidagi mukammal uslub. Milan podiumlari butun dunyoda fashion-ritmni belgilab beradi: italiyalik dizayn daholari obrazlarda bir vaqtning o‘zida ixchamlik, orastalik, bashanglik, qulaylik va o‘ziga xoslikni uyg‘unlashtirish mumkinligini isbotlay olgan. Italiyalik ayollar, necha yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar, moda trendlariga sodiq qoladi va mahalliy dizaynerlarga tegishli brendlarni faxr bilan kiyadilar. Italyancha uslubning asosiy jihati – vaqt hukmiga tobe bo‘lmagan yuqori sifatli kiyimlar va aksessuarlardir. Ko‘ylak va yubkalarni tanlashda italiyalik go‘zallar an’anaviy andozalar va oddiy ixcham shakllarni afzal ko‘radilar. Turli fasonlardagi klassik shimlar va nimchalar – har bir qizning garderobida bo‘lishi shart. Aksessuarlar – italyancha uslubning deyarli asosiy xususiyati. Bular ro‘mollar, shlyapalar, turli hajmdagi sumkalar, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar va, albatta, taqinchoqlar. Yorqin ranglar va printlar serobligi – mahalliy dizaynerlarning tashrif qog‘ozi deyish mumkin, ammo kundalik turmushda italiyalik xonimlar obraz yaratishda sokin ranglarni hush ko‘radilar.
Italiyalik xonimlarning kiyinish uslubi qoidalari:
- Har bir libos akssesuarlar bilan to‘ldirilishini kerak;
- Qimmatbaho nasliy taqinchoqlarni arzon bijuteriya bilan moslashtirish kerak;
- Qora rangni sevish;
- Poyabzal chiroyli, qulay va yaxshi sifatli bo‘lishi kerak;
- To‘q rangdagi tirnoq bo‘yoqlarini tanlash.
K-fashion
Koreys taomlari, musiqasi, pardoz vositalari va kiyimlari butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning qalbidan o‘rin olgan. Muxbirlar allaqachon Seulni yangi moda poytaxti deya nomlamoqda, chunki mamlakatda go‘zallikka sig‘inish holati yuzaga kelgan. Janubiy koreyaliklar o‘z tashqi ko‘rinishiga qattiq e’tibor beradi va hammasida, jumladan eng kichik narsalarda ham mukammallikka intiladi. Qizlar va yosh yigitlar o‘z obrazlari ustida yaxshigina bosh qotiradi.
G‘arb madaniyatining ta’siri sababli Janubiy Koreyada juda mardonavor yechimlarni ko‘rish mumkin: to‘rli paypoqlar yoki mini-yubkalar – megapolis ko‘chalaridagi odatiy ko‘rinish. Biroq, koreyscha uslub g‘arbning mutlaqo aksidir, zero ta’sirchanlik, soddalik va qulaylikka asoslangan. Koreyalik ayollar qiyofa qanchalik sodda va nozikta’b bo‘lsa, shunchalik yaxshi ko‘rinishiga ishonadilar. Oversayz-kardiganlar, keng plashlar, katta xudilar va poshnasiz poyabzal – qizlarning sevimli kiyimlari. Osiyoda yoshlik go‘zallik qatorida qadrlanadi, shu bois obrazlarda ko‘pincha bolalarga xos printlar, burmalar, bezaklar va momiq matolar uchraydi.
Koreyalik xonimlarning kiyinish uslubi qoidalari:
- Kamarlar yoki beli baland shimlar yordamida belingizni ajratib ko‘rsating;
- Ko‘p qavatlilik olqishlanadi, ammo tanaga eng yaqin kiyim yupqa, qalin bo‘lmagan matodan bo‘lishi kerak;
- Odatda aralashtirish mumkin bo‘lmagan narsalarni aralashtirish mumkin: ofis kiyimini norasmiy va erkin liboslar bilan, mumtoz kiyimlarni eng antiqa trendlar bilan;
- Yelka bog‘li toplar yoki boshqa dekolteli kiyimlarni kiyish mumkin emas;
- Yorqin sumkani (yoki aksessuarni) tanlashda uning obrazdagi bosh urg‘u bo‘lishiga imkon bering.