Skip to main content
Mashxur aktrisa kabi nafis ko‘rinishni juda istayman! Lekin ish shunaqa ko‘pki, bu haqda faqat orzu qilish mumkin. Ham oila, ham karyera qurishni talab qilayotgan bugungi kunda bu zarurmi? Hozirgi kunda jamiyatda o‘zini ko‘rsatish qobiliyati ayniqsa muhim, deydi ijtimoiy etiket bo‘yicha mutaxassis Katerina Andronova. U 7LADIES uchun maxsus foydali maslahatlar bilan o‘rtoqlashdi va qo‘rqmay tenglashish mumkin bo‘lgan ayollarga misollar keltirdi.

“Nafislik” – deganda odatda, yuqori martabali odamlar yoki moda jurnallari muqovalaridagi yulduzlar ko‘z oldimizga keladi. Ular faqat hashamatli liboslarda kameralar oldida suratga tushishadi va ko‘pchilikning haqiqiy hayotiga hech qanday aloqasi yo‘q. Oddiy ayollarning mashxurlarga xos yurish-turishlar uchun vaqti yo‘q. Shundaymi? Albatta yo‘q. O‘zini ko‘rsatish qobiliyati haqiqatan ham muhim mahorat bo‘lib, ba’zan oilada ham, ishda ham muvaffaqiyatga olib keladi, – deydi Katerina Andronova, ijtimoiy va ovqatlanish odobi bo‘yicha mutaxassis, Sankt-Peterburgdagi Avstriya oliy odob-axloq maktabi bitiruvchisi. U Toshkentda “21-asr xonimi” loyihasiga asos solgan va ayollar uchun odob-axloq qoidalari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazadi.

Biz u bilan bugungi kunda nega o‘z-o‘zini taqdim etish juda muhimligi va ham ko‘p ishlash, ham oila bekasi bo‘lish talab qilinayotgan bir paytda nafis bo‘lib qolish mumkinmi yoki yo‘qligi haqida suhbatlashdik.

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Nafislik keng qamrovli tushunchadir. Sizningcha, u birinchi navbatda nimadan iborat? XXI-asrda yaxshi xulq-atvor namunasi qanday?

XXI-asr etiketi “monarxiya davri”dan ko‘ra muhim. Bu kelishmovchiliklardan uzoqroq bo‘lish va muloqot samaradorligini oshirishga yordam beruvchi vositadir. Ya’ni, sizning turmush o‘rtoq sifatida baxtliroq bo‘lishingizni va xodim yoki ishbilarmon ayol sifatida muvaffaqiyat qozonishingizni anglatadi.

Agar nazariya haqida gapiradigan bo‘lsak, nafislik ham estetik, ham axloqiy me’yorlarga ta’sir qiladi. Bashang ayolning ba’zi xususiyatlari sof estetik vazifani bajaradi. Qad-qomat, yurish, dasturxon odobi kabi. Boshqalari sizning xushmuomalaligingiz va nazokatliligingizni nutq, qo‘l siqish, suhbat qura olish va biznes etikasi orqali ifodalaydi. Men ro‘yxatni ancha qisqartirdim, lekin menimcha, ma’no aniqroq bo‘ldi.

Agar siz nafislikka yo‘lni boshlashga qaror qilgan bo‘lsangiz va siz “birinchi navbatda nima qilish kerak” degan savolga duch kelsangiz, unda mening javobim: bir vaqtning o‘zida hamma narsadan ozgina. Faqat kiyimni almashtirishning o‘zi yetarli emas. Ayniqsa, agar sizning ichki holatingiz tashqi ko‘rinishizga mos kelmasa.

Birinchi o‘rinda nima – nafis kiyimmi yoki yaxshi xulq-atvormi? Va nima uchun?

Birinchi o‘rinda – o‘rinli libos va o‘rinli xulq-atvor. Tasavvur qiling, piknikka kokteyl kiyimida kelib, ideal holatni egallab, burger yeyish uchun qoshiq-sanchqi qidirish juda g‘alati. Yoki aksincha, teatrdagi opera namoyishiga jinsida va sport poyabzalida kelish, antrakt vaqtida o‘zi bilan olib kelgan chipslarni yeyishi ham g‘alati. Menga ishoning, men ikkala holatni ham ko‘rganman.

Ko‘pgina qizlar nazokatli bo‘lish – trendlar orqasidan quvish deb o‘ylashadi. Bu haqiqatda shundaymi? Moda ixlosmandlari nafis kiyimlar tanlashda qanday qo‘pol xatoliklar qilishadi?

Nafis ko‘rinish tananing ma’lum darajada yopiqligi va o‘ta yopishib turmasligini anglatadi. Ba’zan nazokatli ko‘rinish uchun qizlar shaffof yoki kalta toplar trendda deb hisoblab, biroz yengiltaknamo ko‘rinib qolishadi.

Ammo nafis xonim trendlarga amal qilishi kerak emas, retro-estetika uslubiga rioya qilish afzal degan fikr ham yanglishdir. Ha, hamma trenddagi kiyimlarni ham nafislikka moslab bo‘lmaydi, biroq urfni ham kuzatib borish muhim, aks holda ko‘rinishingiz eskicha bo‘lib qoladi.

Umuman olganda, gap ust-bosh tanlash haqida borar ekan, birinchi o‘ringa men o‘z uslubini topib olishni qo‘ygan bo‘lardim. Shundagina moda tendensiyalarida adashib qolmaysiz. Siz shunchaki, sizga nima to‘g‘ri kelishi, nima esa yo‘qligini yaxshi bilasiz. Shaxsiy uslubingizni yaratish uchun professionallarga murojaat qilgan ma’qul, chunki biz o‘zimizni chetdan baholay olmaymiz.

 “Karyera” va “nafislik” tushunchalari uyg‘unlashishi mumkinmi? Agar karyeraga yana oila tashvishlari va bolalar ham qo‘shilsa – ayol kishi jozibasini qanday saqlab qolishi mumkin?

Aytganimdek, nafislik doim yordam beradi. Oilada ham, ishda ham. Eng muhimi – muvozanatni saqlash. Ishda siz xushmuomalasiz, va shu bilan birga talabchan ham. Libos sizning statusingizni aks ettiradi: rahbar rahbar kabi, dizayner dizayner kabi, uslubchi uslubchi kabi va hokazo. 

Oilada siz turmush o‘rtoq, ona, qizsiz. Ammo to‘zigan, osilgan kiyimlarni kiyib yurmang. Aynan uyingizda sevimli insonlaringiz yashaydi, va aynan ular uchun go‘zal bo‘lishimiz arziydi. Uyda va uyquga yotganingizda kiyish uchun chiroyli va qulay kiyimingiz bo‘lgani afzal. Ko‘chaga kiyilishga yaroqsiz holga kelgan kiyimlarni uy kiyimlariga aylantirmang.

Nafislik va bodipozitiv – o‘zaro mos tushunchalarmi?

So‘zsiz ha! Qoidalar hamma uchun bir xil. Agar nostandart qomatga ega ayol o‘zini qanday taqdim etishni bilsa, har qanday tadbirga mos libos tanlaydi, ijtimoiy davrada suhbat qila oladi, va siz uni albatta eslab qolasiz.

Yetuk yoshda ham nafis bo‘la olish mumkinmi yoki yaxshi xulq-atvor faqat bolalik yoki yoshlikda o‘zlashtiriladimi?

Nafislikka ega bo‘lish uchun aslo kech bo‘lmaydi. Misol uchun, biznes sohasida odob-axloq qoidalarini bilish kerakligi ayol yuqori lavozimni egallaganida bilinadi. Va bu xato, chunki, bunga oldindan tayyorlanish afzal bo‘lardi.

Shu bilan birga, nafislik qoidalarini bolalikdan o‘zlashtirish uchun faqatgina oilangizda kimdir sizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Bolalarni ota-onadan alohida o‘rgatib bo‘lmaydi, chunki bola katta bo‘lgunicha oila qonunlari bilan yashaydi. 

Sovetdan keyingi davrda biz yetuk yoshga yetibgina etiket haqidagi tushunchalarni qayta tiklashni boshlamoqdamiz. Men o‘zim bunga misolman. Nafislik – shunday ko‘nikmaki, uni ham xuddi intizomdek rivojlantirish mumkin. Toshkentda, xayriyatki, buni hatto oflayn rejimda ham o‘rganish imkoniyati bor.

Sizningcha, bizning zamondoshlarimizdan qaysi biri nafis uslubga namuna bo‘la oladi?

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Shayxa Moza bint Nasser al-Missned – Qatarning uchinchi amiri shayx Hamad bin Xalifa-al-Tanining uch xotinidan ikkinchisi. U ajoyib ko‘rinishga va har qanday muhitda o‘zini yaxshi namoyon eta olishga muvaffaq bo‘ladi. Birinchi xonim sifatida Shayxa Moza qat’iy me’yor doirasida o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan esda qolarli ko‘rinishlarni yaratadi.

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Viktoria Bekxem — britaniyalik xonanda, model, aktrisa, dizayner va tadbirkor. 1990-yillarning afsonaviy Spice Girls pop-guruhidagi Posh Spice, keyinchalik u yakkaxon karyerasini davom ettirib, o‘zining kiyim-kechak liniyasini va moda olamiga eng ko‘p sotilgan qo‘llanmani chiqargan. Pop-diva bo‘lgan chog‘larda u dadil va ko‘zga yaqqol tashlanib turuvchi ko‘rinishga ega edi. Devid Bekxemning rafiqasi va to‘rt farzandning onasi sifatida u mashxurlar tadbirlariga mezbonlik qilgan va shunga yarasha kiyingan. Biznes bilan shug‘ullana boshlagach esa, u ishbilarmonlarga xos, vazmin va nafis ko‘rinishni egalladi.

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Renata Litvinova – rus teatr va kino aktrisasi, kino rejissyori, ssenariynavis va teleboshlovchi. Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, Davlat mukofoti laureati, ikki karra “Kinotavr” mukofoti laureati. U bejirim va nafis uslub timsoli hisoblanadi. Litvinova retro estetika va moda trendlarini uyg‘unlashtirgan holda, o‘ziga xos tabiiy va zamonaviy ko‘rinishni ifodalaydi.

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Gvinet Peltrou – amerikalik aktrisa, ishbilarmon ayol, xonanda va yozuvchi. “Oskar”, “Oltin globus” va “Emmi” mukofotlari sovrindori, ehtimol, siz uni Marvel kino olami filmlari yoki “Oshiq Shekspir”dagi “Oskar” keltirgan roli orqali eslasangiz kerak. Gvinet Peltrou minimal, nafis ko‘rinishlarni yarata oladi. Uning uslubi yorqin naqshlarsiz yoki ko‘plab aksessuarlarsiz oddiy, tabiiy kiyimlardir.

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Tilda Suinton — dunyoning eng yirik kinofestivallarining ko‘plab mukofotlarini to‘plagan britaniyalik aktrisa, “Oskar” va BAFTA mukofotlari sovrindori, qadimgi Shotlandiya aristokratlar oilasining avlodi. Uni bir marta ko‘rgach, eslab qolishingiz aniq. Jamiyatda nazokatli hisoblanmaydigan o‘zgacha, nostandart ko‘rinishga ega bo‘lgan Tilda Suinton nafislikni saqlagan holda, o‘z qarashlariga sodiqdir.

XXI asr xonimi, 7ladies.uz

Megan Markl — Sasseks gertsoginyasi, amerikalik aktrisa va foto model, britaniyalik shahzoda Garri bilan turmush qurganidan so‘ng, mashxurlikka erishdi. 2018-yilda Time jurnali Marklni “Jahonning 100 ta nufuzli kishilari” ro‘yxatiga kiritdi, Vogue esa uni Buyuk Britaniyaning eng nufuzli ayollaridan biri deya e’tirof etdi. U turmushga chiqqunicha ham va turmushi davomida ham o‘z uslubiga sodiq. Megan o‘zining tabiatiga va o‘ziga xosligiga xiyonat qilmagan holda, qirollik dasturlariga osonlik bilan moslashdi.

Yaxshi xulq-atvor me’yorlarini o‘rganishni xoxlovchi ayollarga odatiy bo‘lmagan 3-5 ta tavsiyalar bera olasizmi?

Birinchisi – odatiy, ammo negizini yaratuvchi maslahat – bukchayishni bas qiling.

Ikkinchisi – barcha odamlarni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qiling va seving. Bu sizning yuz ifodalaringizga katta ta’sir qiladi.

Insonlar bilan ko‘rishganda chin dildan tabassum qiling. Shuningdek, suhbatdoshingiz nima deyayotgani bilan qiziqib tinglang. 

Sokin bo‘ling, tashvishlanaverishni va uch yuzta ishni bir kunda bitirish uchun tipirchilashni bas qiling. Osoyishta, bir ma’romda ham ancha ishga ulgurish mumkin.

Va nihoyat, biror kim bilan dasturxon ustida suhbatlashayotganingizda telefoningizni sumkangizga solib qo‘ying.

Ushbu kichkina qoidachalarga barcha ayollar amal qila olishini yodda tuting. Muhimi – o‘zingizga biroz ko‘proq vaqt ajrating. O‘zingizni taqdim qila olishdagi muvaffaqiyatlar sizni o‘zgarishlarga yetaklaydi va ko‘pgina maqsadlarga tezroq erishishingizga yordam beradi.