Skip to main content

“Qizaloq, qiz, ayol” kitobining muallifi Mark Barton Toshkentga tashrif buyurdi. Mashhur rossiyalik psixolog Markaziy Osiyo universiteti (CAU)da shaxsiy rivojlanish mavzusida ochiq ma’ruza o‘tkazdi va o‘zining zich jadvalidan 7LADIES bilan suhbat uchun vaqt ajratdi. Barton o‘quvchilarning savollariga javob berdi hamda sevish qobiliyati munosabatlarni qanday sog‘lomlashtirishi haqida so‘zlab berdi..

Aralash nikoh yuqori mas’uliyat

Mark, sizda O‘zbekistonlik mijozlar va o‘quvchilar bor ekan. Aytingchi, mintaqamiz muammolari boshqalarnikidan qanday farq qiladi?

Rossiyadagi ayollar muammolari O‘zbekistondagilarnikidan uncha farq qilmaydi. Odatda, ular oilaviy va bolalar bilan bo‘ladigan munosabatlarga taalluqli. Biroq, O‘zbekistonning o‘ziga xos xususiyatlari bor, chunki bu yerda ming yillar davomida endogam madaniyat shakllanib kelgan.

Men shunday holatlarga duch kelganmanki, an’anaviy musulmon oila a’zolari to‘satdan g‘arb liberal qadriyatlari bo‘yicha yashay boshlaydi. Bu ularning yaqinlariga yoqmaydi va muammolar kelib chiqadi.

Bugun hamma tomondan shaxsiy chegara haqida baqirishmoqda: “Sen mening chegaralarimni buzmoqdasan!” Mana bu tendensiyaning aksi: erkakning oilasida uning ota-onasi boshqaradigan tizim shakllangan. Xotini uyga kirib, o‘z huquq va chegaralarini himoya qilganda, oldingi tartibni hisobga olmay, nizo paydo bo‘ladi.

Ko‘pincha O‘zbekistonda ulg‘aygan erkaklar mahalliy urf-odatlar va mentalitetga yot bo‘lgan boshqa madaniyatdagi ayollarga uylanadi. Bunday nikoh ekzogam nikoh deyiladi. Bu bir tomondan genetik fondni kuchaytiradi, demografik rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqadi va mamlakatni boyitadi, boshqa tomondan esa qiyinchiliklar tug‘diradi. Aralash nikohda yuqori darajadagi mas’uliyat talab etiladi: men xotinimning madaniyatini o‘rganishim, xotinim esa menikini o‘rganishi kerak. Aks holda, biz munosabatlarimizni rivojlantirmasligimiz, aksincha, bir madaniyat doirasidagi endogamiya – nikoh tarafdori bo‘lishimiz kerak.

“”Psixologga murojaat qilish mukammal emasligingiz tan olish degani emas””

Koinot muammolarni eshitmaydi

Psixologga murojaat qilishning haqiqiy zarurati paydo bo‘lganini qanday anglash mumkin?

Mezonlar ko‘p. Masalan, hayotdagi salbiy, takrorlanuvchi holatlar: ayol erkak bilan munosabat o‘rnata olmaydi, unga doim bir xil tipdagi – yetilmagan, muammolarga ega erkaklar duch keladi.

Ba’zan inson nimani xohlayotganini, chinakam istaklari nimada ekanligini, o‘zini va hayotiy imkoniyatlarini qanday his qilishi, o‘zidagi yashirin kuchlarni qanday uyg‘otishi mumkinligini tushunmay qoladi.

Psixologga murojaat qilish – bu o‘zining ojizligini tan olish degani emas. Aksincha, men hayotingizning eng baxtli damlarida psixologga borishni tavsiya qilaman. Bu holatni ushlab qolish, u bilan uyg‘unlashish va uni yo‘qotmaslik uchun zarur ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida. Bu juda muhim.

“Hayotingizning eng baxtli onlarida psixologga borishni tavsiya qilaman”

Odamlar psixologga xuddi cherkov yoki masjidga borgandek boradi – faqat qiyinchilik tug‘ilgandagina. “Ber. Yordam qil. Menga zarur.” Shu sababli Koinot ularning muammolarini eshitmaydi. U boshqa narsani – bizning rivojlanishga bo‘lgan xohishimizni, sevgimizni kutadi. Bular eshitilishi mumkin. Va psixologlar bunda yordam bera oladi.

Ayollar erkaklarga nisbatan psixologlarni kamroq tinglaydi

Bir necha yil oldin sizning “Qizaloq. Qiz. Ayol” kitobingiz nashr etilgan edi. Mijozlaringizning aksariyati nafosat ahli vakillari. Ayting-chi, nima uchun o‘zingizni ayollar bilimdoni deb hisoblaysiz?

O‘zimni faqat ayollarni yaxshi biluvchi deb hisoblamayman. Men o‘zimni ham ayollar, ham erkaklar bilimdoni deb bilaman. Shunchaki ayollar menga ko‘proq murojaat qilishadi.

Menimcha, ko‘pchilik ayollar erkak kishining yelkasini qidirishga moyil, shuning uchun ular meni o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladigan, ba’zida hatto “sehrli turtki” bera oladigan, hushiga keltira oladigan va ongli hayotga yo‘llay oladigan katta aka yoki ota sifatida qabul qilishadi. Men bilan ishlaydigan erkaklar ham ko‘p!

“90 foiz erkaklar psixologlardan olingan bilimlarni amalda qo‘llaydi, ayollar orasida esa – atigi 10 foizi” 

Bizning statistik ma’lumotlarimizga ko‘ra, psixolog bilan ishlaydigan ayollarning atigi 10 foizi o‘zlashtirilgan bilimlarini real hayotda qo‘llaydi. Erkaklarda esa vaziyat butunlay teskari: 90 foizi olgan bilimlarini amalda qo‘llasa, faqat 10 foizigina qo‘llamaydi.

Hayratlanarli!

Erkaklar psixologik yordamga kamroq murojaat qilsalar-da, ular ancha intizomli bo‘lishadi. Ayol mijozlar ming barobar ko‘p bo‘lsa-da, ularning intizomi oqsaydi.

Baxt psixologiyasi: inqirozlar bo‘yicha maslahatchi Mark Barton bilan intervyu, 7ladies.uz

Yetuklik – bu sensiz baxtli bo‘la olishim, lekin buni istamasligim

Samarali natijaga erishish uchun seanslarga juft bo‘lib kelgan ma’qulmi?

Har doim emas. Oilaviy terapiya haqida gapiradigan bo‘lsak, u juda murakkab jarayon. Unda eng muhimi – o‘z ustida shaxsan ishlashdir. Oilaviy juftlik maslahatlashuvida men ko‘pincha sherikni ayblashga urinishni kuzataman: “U meni baxtli qilishga qodir emas.”

Bu xato. Oila qurishdan oldin ham erkak, ham ayol o‘zlari bilan yolg‘iz qolganda mustaqil baxt holatiga erishishlari kerak.

“Er-xotin o‘zi bilan yolg‘iz qolganda mustaqil baxt holatiga erishishi lozim”

“Faqat sen bilan baxtli bo‘la olaman”, “Sensiz yashay olmayman” – bu psixologik yetuksizlikni ko‘rsatadigan keng tarqalgan iboralardir.

Bir sherik boshqasidan: “Mensiz ham yashay olasanmi?” deb so‘rasa va javobida: “Ha, yashay olaman” degan so‘zlarni eshitsa, bu so‘rayotgan odam uchun ruhiy jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Vaholanki, bunday javob yetuk hisoblanadi.

“Demak, men sen uchun unchalik muhim emas ekanman-da? Sen mensiz boshqa ayol bilan uchrashib, u bilan munosabat qura olasan?”

Mantiqqa ko‘ra, yetuk inson shunday javob beradi: “Ha, qila olaman, lekin xohlamayman, chunki men seni sevaman. Agar vaziyat shunday tus olsa-yu, biz birga bo‘lolmasak, men baribir baxtli bo‘lishga harakat qilaman”.

Shu sababli, oilaviy maslahat berish psixologik faoliyatning juda mas’uliyatli sohasi hisoblanadi.

Ayni paytda ajralishlar soni ham ortib bormoqda. Hozirgi zamon erkak va ayollarining nimasi o‘zgargan? Buni global miqyosda tuzatish mumkinmi?

Agar biz sevishni o‘rgansak, global tuzatishimiz mumkin. Bizda esa munosabatlarning aksariyati qo‘rquvga asoslanadi. Sevgini tan olishning o‘zi qo‘rquvga asoslanadi. To‘satdan erkak kishiga muhabbat izhor qilsangiz-u, u sizga javob qaytarmasa. Nima paydo bo‘ladi? Qo‘rquv. Bordi-yu, siz iqror bo‘lsangiz-u, u sizga javob qaytarsa, unda yana qo‘rquv paydo bo‘ladi. Chunki siz bu muhabbatni yo‘qotishdan qo‘rqasiz.

“Sevgi – barqarorlik keltira oladigan yagona holatdir”

Bu holatlarni aralashtirganimizda, “bilganimcha sevaman” deymiz.

Bu xato. Muhabbatning mukammalligiga intilishimiz lozim. Yaratgan bizni mukammal mavjudot qilib yaratgan. Muhabbat – barqarorlik keltira oladigan yagona holat. Siz tillarni, o‘ta muhim bilimlarni bilmasligingiz mumkin, ammo sevgi har doim sizga sherigingiz bilan yaqin bo‘lish imkoniyatini beradi. Bu oson emas. Biroq, bu holat aynan ichki dunyomizda shakllanadi. O‘zimga, hayotimga bo‘lgan muhabbatimni o‘stirganimda, fikrlashimda, odatlarimda, nutqimda, dunyoqarashimda tartib o‘rnatganimda. Tartibli tizim xuddi shunday tartibli tizimga olib keladi.

Xiyonat – bu shunchaki chetdagi jinsiy munosabatlar emas

Sizda “Xiyonatlar psixologiyasi” nomli kursingiz bor. Ajrashishlar hududimiz uchun juda murakkab bir mavzu… Shunday bo‘lsa-da, nima deb o‘ylaysiz, sizga xiyonat qilgan erkakdan ayrilish kerakmi yoki uni kechirishmi?

Xiyonat— bu shunchaki chetdagi jinsiy munosabatlar emas.

“Munosabatlarning oltin qoidasi quyidagicha: Men sening yoningda o‘zligimcha qola olaman” 

Erkak va ayol o‘rtasida juda yaqin hissiy aloqa bo‘lishi, ular yozishib turishi, qo‘ng‘iroqlashishi, bir-biriga yashirincha rasmlar yuborishi, sirlarini baham ko‘rishi – bu mental xiyonatdir. Buni ham xiyonat deb hisoblash mumkin.

Jismoniy yaqinlik – bu holatga olib kelgan voqealar zanjirining so‘nggi bo‘g‘inidir. Menimcha, xiyonat har ikki sherik o‘rtasidagi buzg‘unchi munosabatlar natijasi hisoblanadi.

Agar xiyonat aniqlansa va ikkala sherikda ham munosabatlarni saqlab qolish istagi bo‘lsa, ular ongli ravishda bu ustida ishlashni boshlaydilar va psixologdan yordam so‘raydilar. Keyingi munosabatlarda xiyonat bo‘lmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Ehtimol, o‘zingizda nimanidir o‘zgartirish kerak – shunda salbiy ssenariylar takrorlanmaydi.

Men xiyonatga duch kelgan, psixologlar yordamida o‘z ustida ishlagan ko‘plab oilalarni bilaman va hozirda ularning ajoyib munosabatlari bor.

Текст:
Фото: