Qizg‘inlik girdobi
Maroqli Vyetnam
Bepoyon yashil landshaftlar, tropik iqlim va top-toza suvli plyajlar – bu Vyetnam sayyohlarga taklif qilishi mumkin bo‘lgan go‘zalliklarning bir qismi xolos. Shuningdek, Vyetnamga attraksionlar va hayratomuz ko‘ngixushliklar uchun ham mehmonga boradilar. Masalan, VinWonders hiyoboniga.
Umumiy brend ostida mujassam bo‘lgan mavzuga doir lokatsiyalar tarmog‘i butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Fukuok orolida tashkil topgan davridan boshlab Yevropa bo‘ylab sayr qilish mumkin. Renessans arxitekturasi bilan tanishgach, janglar va sirlarga boy jasur vikinglar yoki mayya qabilalari davriga o‘tasiz. So‘ngra hiyobonning tropik hududida qalbingiz va tanangiz tinish oladi.
Xuddi shu orolda dengiz ustidan o‘tgan eng uzun kanat yo‘li boshlanadi. Deyarli 8 km masofaga tortilgan yo‘l Fukuokni Xon Dua, Xon Lo va Xon Txom orollari bilan tutashtiradi.
Nyachangdagi VinWonders hiyoboni mehmonlarini o‘tkir hissiyotlar qarshi oladi. Undagi arg‘imchoqlar ommaviyligi bo‘yicha chuchuk suv bilan to‘ldirilgan ulkan akvaparkdan ortda qolmaydi.
Shuningdek, Danang atrofidagi Sun World tarmog‘iga mansub Ba Na Hills hiyoboni nisbatan sokin, ammo juda manzarali hordiq g‘oyasiga mos keladi.
«Ba Na Hills majmui o‘z o‘lchamlari bilan kishini hayratga soladi. Zero, u bejizga Vyetnamdagi Disneylend deb nomlanmaydi! Ulkan kirish joyi, ko‘p sonli eskalatorlar – kanat yo‘liga yetib borish uchun ana shu eskalartorlarning o‘zida 10 daqiqa yurish kerak. Bu mamlakatdagi eng baland va uzun ko‘tarilishlardan biri: 5042 metrli kanat yo‘li o‘tkir qoyalar, yovvoyi changalzorlar, sharsharalar ustidan o‘tadi. Qaysidir lahzada kabinka bulutlar orasidan yuradi va bir necha daqiqadan so‘ng o‘rta asrlarga xos fransuzcha qasrni ko‘rasan. Butun bir qishloq va hazilakam temir yo‘l bu yerda qanday paydo bo‘lib qolgani tushunarsiz?!
Qasrning o‘zi faqat tashqaridan o‘rta asrlarni eslatadi. Haqiqatda esa bu ko‘ngilochar attraksionlardan iborat uch qavatli bino bo‘lib, unga tutash hududda ekoyo‘lakli labirintlar va sokinlik burchaklari yaratilgan. Biroq, Ba Na Hills hiyobonida asosiysi qasr, jonli labirintlar emas, balki Oltin ko‘prikdir. Uni jarlik ustida Tangri qo‘llari deb nomlanadigan ikki qo‘l tutib turadi. Bu yo‘l go‘yoki bulutlar oralab o‘tgandek tasavvur uyg‘otadi”, – deya taassurotlarini o‘rtoqlashdi Mixail.
Tashrif uchun eng maqbul vaqt — fevral va mart.
Singapurning yovvoyi tarafi
Izg‘irin qishdan qaynoq, yam-yashil Singapurda dam olishga qaror qilgan bo‘lsangiz, chemodaningizda cho‘milish kiyimlari bilan birga tungi safari uchun yopiq kiyimlarni ham olishni unutmang. BMT ma’lumotiga muvofiq, sayyoradagi eng xavfsiz makonlar o‘ntaligidan joy olgan mamlakatda yovvoyi hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Manday ekokurorti o‘zida hayvonot bog‘i, tungi safari, “Parrandalar jannati” hamda “Daryo mo‘‘jizalari”ni qamrab olgan. Bu shunchaki jirafalar saqlanadigan volerlar bo‘ylab sayr emas, balki Tasmaniya, Amazoniya, Afrika jonzotlarining hayot tarziga mutimediyali hamrohlikda haqiqatda guvoh bo‘lishdir.
Tashrif buyuruvchilarga karkidonni ovqatlantirish, sherlar, surikatlar bilan interaktiv mashg‘ulotlarni tomosha qilish, Kongo daryosini o‘rganish, Amazonka o‘rmoni suv bosishini ko‘rish, lamantinlar bilan ikki kunli glempingga qolish taklif etiladi – barchasi tabiat ifloslanishiga qarshi kurashish loyihalari doirasida.
Eng mashhur sayyohlik xizmatlaridan biri – tungi safari hisoblanadi. Tashkilotchilar tramvayda yovvoyi hududgacha yetib olishni, so‘ngra gid hamrohligida ko‘l qirg‘og‘idagi pana joyga borishni taklif qiladilar. Yulduzli osmon ostidagi kechki taom sayohatga yakun yasaydi.
Tashrif buyurish uchun eng yaxshi vaqt — fevral.
Kariblarga xos shijoat bilan
Yamayka eng mashhur dam olish maskanlaridan biri maqomini o‘nlab yilliklar davomida oqlab keladi. Orolda tropik o‘rmonlarning yam-yashil o‘tloqlari Moviy tog‘lar, marjon plyajlar va feruzarang qirg‘oqlarga tutashib ketgan. Kunduzi reggi uslubidagi bamaylixotir, serquyosh hayot hamda tunda jozibali ritmlar va qaynoq raqslar mujassamligi – bu Karib dengizi qirg‘og‘idagi hordiq.
Gidlarning tavsiyalari:
- Negril dam olish maskanidagi Seven Mile plyaji – ajoyib quyosh botishi, rang-barang marjon qoyalari va ot ustida sayrlar;
- Ocho-Rios shahri plyajlari – tubi shishadan ishlangan baydarka va qayiqlarda sayr qilish imkoniyati;
- Doctor’s Cave plyaji – musaffo suvi hamda Montego-Beydagi suvning shifobaxsh xususiyatlari;
- Portlendddagi Fransuz ko‘rfazi – bu yerda okean daryo hamda yovvoyi o‘rmon manzaralari bilan to‘qnashadi.
Sevishganlar uchun ommabop yo‘nalish – Port-Antoniodagi Moviy laguna. Bu yerda salqin chuchuk chashmalar iliq dengiz suvi bilan aralashgani bois, ko‘rfaz rangi kun davomida o‘zgarib turadi.
Va albatta, mahalliy flora olami bilan tanishish uchun must visit – Rich sharsharasi. Yurak shaklidagi “jakuzida” zavq olayotgan chog‘ingizda sharshara suvi yelkalaringizni uqalab qo‘yadi.
Eng quyoshli oylar — yanvar–mart.
Shovqindan uzoqda
Ko‘zdan yiroq Sokotra
Sokotrada shovqin-surondan dam olish va o‘zligingizni izlash uchun hammasi mujassam. Rasman orol Yamanga tegishli hisoblanadi, ammo aslida, mahalliy aholining aytishicha, orol bosh mintaqaga deyarli aloqador emas. O‘ziga xoslik har qadamda seziladi – turmush tarzi, kiyimlardan tortib tabiatgacha. Sayyohlar Sokotrani hazil tariqasida odamsiz orol yoki tamaddun yetib kelmagan orol sifatida ta’riflaydilar. Zamonaviy sayyohlar baxtiga bu yerda besh yulduzli mehmonxonalar bo‘lmasa-da, yashash uchun sharoitlar mavjud.
“Bu yerga chiniqqan sayyohlar tashrif buyuradi, chunki orol ko‘pchilikka noma’lum va yetib borish qiyin bo‘lgan joy. Ya’ni, yovvoyi olam bilan yolg‘iz qolishni, balandroqqa ko‘tarilishni, uzoqroqqa borishni, chuqurroq sho‘ng‘ishni orzu qiladigan odamlar. Shuningdek, birgalikda yolg‘iz vaqt o‘tkazish zarur bo‘lgan juftliklar.
Sokotraning yovvoyi va xilma-xil tabiati menda katta taassurot qoldirdi. Sen har kuni yangi joyda tunaysan va u avvalgi joydan tubdan farq qiladi. Bu yerda yolg‘iz, aborigen, inson oyog‘i yetmagan tabiat hamrohligidagi yovvoyi ekanliging hissi seni hech ham tark etmaydi. Haqiqatda ham deyarli shunday.
Oroldagi sayyohlar soni nazorat ostida, samolyot haftasiga bir marta uchib keladi. Bu yerga boshqacha yo‘l bilan kelish imkonsiz – faqat turagent orqali. Bu sayohatning noyobligini oshiradi. Orolga yetib kelganingda hammani jiplar olib ketadi va kichik guruhlar tarkibida turli joylarga yetkazadi.
Manzillar haqida gapiradigan bo‘lsak, orolning tashrif qog‘oziga aylangan – ajrar daraxtlari hayratga soladi. Keyin oq barxanlarni qayd etish mumkin: ularning ustiga chiqib, okeanga qaragan holda quyosh chiqishi va botishini kuzatishing mumkin. Zo‘r!
“Kivman” (caveman) maskaniga mehonga borish ham qiziq. “G‘or odami” sayyohlarni butun laguna bo‘ylab aylantirib, dengiz jonzotlarini ko‘rsatadi va hattoki ularni tutib beradi. Boshqa hech bir hududda igna qorinli baliqlarni yaqindan ko‘ra olmaysan, bu yodda qoladi!” – deya hikoya qildi o‘z sayohatini Yana.
Fevral oyida baxmal mavsum yakunlanib, ajdar daraxtlarining faol gullashi boshlanadi.
O‘zgacha Madeyra
Issiq haroratda va ortiqcha nigohlardan chetda tin olish uchun mos yana bir joy – Madeyra. Portugaliyaning ushbu oroli Yevropaga nisbatan ko‘proq Afrikaga yaqinroq joylashgan bo‘lib, bu maskan piyoda sayrlar, tog‘ manzaralari, doim yashil ko‘klam va fud-turizm havaskorlarini yaxshi ko‘radiganlar uchun haqiqiy jannat hisoblanadi. Aynan iqlim sharoitlari tufayli Madeyraga yanvar oyida borgan ma’qul. Issiq mavsum hali boshlanmagan, havo issiqligi me’yorida, odamlar kamroq, narxlar esa arzonroq.
Piyoda sayyohlik orol bilan tanishuv uchun juda qulay. Vereda-du-Jardim-du-Mar oddiy yo‘nalishi mehmonlarni bir qishloqdan boshqasiga, okeanga qarab turgan eski suv charxpalagi yonidan yetaklab boradi. Jismonan baqquvat sayyohlar Piko-du-Ariyeyru yo‘lidan xuddi shu nomdagi cho‘qqiga besh soatli ko‘tarilishni uddalashi mumkin. Manzara o‘rmonlar va fermalardan tortib okeangacha turlanadi.
Oroldagi qishloq xo‘jaligining “yopiq” tomoni azaldan sayyohlarni qiziqtirib keladi. XVI asrda barpo etilgan levadalar hozirda yog‘ingarchilik taqsimoti uchun qo‘llanilmaydi, ammo tog‘li o‘rmon oralab manzarali sayrlar uchun xizmat qiladi. Toshli qoyalar, sharsharalar, okean, an’anaviy fermerlik maydonlari va taomlar sayyohlarga bironta so‘zsiz Madeyra tarixini hikoya qilib berishi mumkin.
Qish issiq bo‘lmagan yozni xush ko‘ruvchilar uchun mos keladi.
Har qanday mamlakatni yaxshi o‘rganishning ajoyib usuli ekskursiyalar bilan bir qatorda mahalliy aholi bilan ovqatlanishdir. Bir finjon choy ustida hamsuhbatingiz an’anaviy oshxona xususiyatlari haqida so‘zlab berishdan tashqari, borish uchun manzarali joylarni tavsiya qilishi mumkin. Ularni faqat yodda saqlab qolish, yegulikdan zavqlanish hamda keyingi kun uchun reja tuzish qoladi xolos.
Matn: Alyona Kryuchenkova