Ajoyib e’tirof
Washington Post’ning vorisi Edvard Bill Maklin XX asr boshlarida rafiqasini “Umid brillianti” (o‘sha paytda u 300 ming dollar turardi) bilan xursand qilishga qaror qildi. Ko‘k tosh Cartier do‘konidan yirik oq brilliantlar bilan qoplangan holda sotib olingan. Evelin Maklinning o‘limidan so‘ng, uning zargarlik kolleksiyasini Garri Uinston sotib oldi, buning natijasida olmos boshqa qimmatbaho toshlar qatorida butun dunyo yuzini ko‘rdi.
1958 yilda Uinston “Umid brillianti”ni Smitson milliy tabiiy tarix muzeyiga topshirdi, u yerda u hozirgacha saqlanadi. Tarmoqda yozilishicha, qimmatbaho buyum yuz million dollarga sug‘urtalangan.
O‘lchamlari va narxi bo‘yicha salmoqli uzukning yana bir sohibasi shahzoda Charlzning rafiqasi Diana Spenser edi. Bundan tashqari, u unashtiruv taqinchog‘ini o‘zi tanlagan, taqinchoq Garrard zargarlari tomonidan taklif qilingan yedi. Natijada, uning barmog‘ida Seylon sapfirini o‘rab turgan 14 ta brilliant bilan 18 karatlik oltin buyum paydo bo‘ldi. Endilikda uni shahzoda Uilyamning rafiqasi Keyt Middlton taqib yuradi.
Elizabet Teylor zargarlik taqinchoqlarining salmoqli kolleksiyasiga ega edi. “Yirik qizlarga yirik brilliantlar kerak” degan ibora aynan unga tegishli. Uning kolleksiyasidagi eng og‘ir va qimmatbaho brilliantlardan biri Richard Bartondan unashtiruvga sovg‘a sifatida olingan brilliant edi.
Shuningdek, u sevgilisiga 2011 yilda Rossiyadagi ko‘rgazmada 1-1,5 million dollarga baholangan yoqutli Van Cleef & Arpels brilliant uzugini taqdim etdi. 1971 yilda nabirasining tug‘ilishi munosabati bilan 39 yoshida buvi bo‘lgan sevgilisini yupatish uchun Barton unga xuddi shu brenddan sher boshli zirak va marjon sovg‘a qildi.
Teylor uchun birgalikdagi hayotning birinchi kunlarining ramzi “Iguana kechasi” to‘g‘nog‘ichi bo‘lib, uni suyukli eriga hamroh bo‘lib, xuddi shu nomdagi film premerasi uchun taqqan. Hozirda taqinchoq 200-300 ming dollarga baholanmoqda.
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp uchinchi qaylig‘i Melaniya Knaussga sovg‘a tanlashda maydalashmadi va unashtiruv marosimi uchun mashhur Graff zargarlik brendi uzugini sotib oldi. Qariyb 1,5 million dollarlik buyum o‘n yoki o‘n ikki karatlik brilliant bilan bezatilgan. Uzukning aniq narxi va modeli oshkor etilmagan.
Aytgancha, o‘n yillik birgalikdagi hayoti uchun Tramp rafiqasiga xuddi shu brendning boshqa uzugini sovg‘a qildi, ammo endi 25 karatlik tosh bilan, u uch million dollarga baholangan.
Rossiyalik oligarx Aleksey Shapovalov sovg‘a sifatida toshlarni yana bir qadrlovchisi bo‘ldi. Uning turmush o‘rtog‘i, model Kseniya Saritsin muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda ajoyib yangiliklar bilan maqtanardi. Uning kolleksiyasidagi eng qimmatlaridan biri 70 karatli uzuk bo‘ldi. 2017 yilda zargarlar uni 500 ming dollardan ortiq deb baholashgan. Kseniyaning nozik qo‘lida bu tosh nixoyatda ajoyib ko‘rinardi.
Baxt sari kalit
Har yili sayyoraning turli burchaklaridan millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan Toj Mahal Hindistonning tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Ta’rifga til ojiz bo‘lgan ushbu go‘zallik binosi 1632 yilda o‘sha paytda Buyuk Boburiylar sulolasining poytaxtida qurilgan. Uning qurilishi yigirma yil davom etgan. Bugungi kunda ushbu ob’ekt YuNYeSKO merosi hisoblanadi.
Toj Mahalni Shoh Jahon rafiqasi uchun qurdirgan. Biroq, Mumtoz Mahalning o‘zi binoning ulug‘vorligidan zavqlana olmadi, chunki u o‘limidan keyingi sovg‘aga aylandi. Maqbaraning balandligi 74 metrga yetadi va uning devorlari Makrandan olib kelingan silliqlangan marmar bilan qoplangan. Shuningdek, me’moriy yodgorlik turli mamlakatlardan yig‘ilgan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Toj Mahal atrofida esa ajoyib bog‘ yastanib yotadi.
O‘z ma’shuqasiga ko‘chmas mulk sovg‘a qilishga qaror qilgan odam Salvador Dali edi. Bir nechta muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng, rassom Figeras yaqinidagi XI asrga oid Pubol qal’asida to‘xtaldi. Xaroba va tashlandiqlik ijodkorni xijolatga solmadi, u ilhom bilan restavratsiya ishlariga kirishdi: ishlarga rahbarlik qildi, panno chizdi, mebellarning eskizlarini chizdi. Gala uzoq kutilgan sovg‘ani yetmishdan oshganida oldi. Bugun ilhom parisi uchun ijodkor yaratgan bu go‘zallikni har bir inson ko‘rishi mumkin.
Sevgi orollari
Yunonistonning Skorpios orolida ikki marta to‘y marosimi o‘tkazilgan, bir marta esa uning o‘zi sovg‘aga aylangan. Milliarder Aristotel Onassis 1962 yilda bu bir parcha yerni o‘sha paytda kulgili bo‘lgan 10 ming funt sterlingga sotib oldi. Olti yildan keyin esa uni qallig‘i Jaklin Kennediga sovg‘a qildi. Nikoh marosimi aynan shu orolda bo‘lib o‘tdi.
Orolni bir necha yil oldin rossiyalik milliarder Dmitriy Ribolovlev sotib olgan. Biroq bu safar summa ancha katta – 100 million funt sterling edi. Darvoqe, Skorpiose orolida uning qizi Yekaterinaning to‘yi bo‘lib o‘tdi.
Shuni ta’kidlash joizki, faqat erkaklargina sovg‘alarga saxiy emas. Boy xotinlar ham o‘z his-tuyg‘ularini namoyish qilmoqchi bo‘lganlarida ziqnalik qilmaydilar. 2013 yilda Anjelina Joli bilan turmushi mobaynida, gollivud aktyori Bred Pitt 50 yoshida ayolidan yurak shaklidagi kichik bir parcha yerni sovg‘a sifatida olgan. Taxminlarga ko‘ra, Nyu-Yorkdan 80 km uzoqlikda joylashgan Petra oroli Joliga 20 million dollarga tushgan.
Bebaho e’tibor
“Shamollarda qolgan hislarim” filmining yulduzi Viven Li bir kuni Uinston Cherchill tomonidan yaratilgan atirgullar suratini sovg‘a tariqasida oldi. O‘shanda u aktrisaga yaqin do‘stining esdalik sovg‘asi sifatida qadrli edi. Biroq bizning asrimizda uning qiymati taxminan yuz ming dollarga baholangan.
Yana bir oshiq erkak, Roman Abramovich, turmush o‘rtog‘i Darya Jukovaga sovg‘alar tanlashda pulni sanab o‘tirmasdi. Shu bilan birga, u ayoli juda qiziqqan san’at buyumlarini sotib olib, aniq maqsadga erishishga harakat qilardi. Uning kolleksiyasida o‘tgan asr o‘rtalarida Jakometti tomonidan yaratilgan “Venetsiya ayollari” seriyasidan bronza haykalcha paydo bo‘ldi. Xaridning taxminiy qiymati o‘sha paytda 15 million dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, juftlik Ilya Kabakovning rasmlari kolleksiyasini ham qo‘lga kiritgan, unga milliarder 60 million dollarga yaqin mablag‘ sarflagan. Ta’kidlash joizki, rassom vafotidan so‘ng uning asarlari narxi oshdi. Abramovichning art-auksionlardagi xaridlarini uzoq sanab o‘tirish mumkin, ularning umumiy miqdori esa har qanday odamni hayratga soladi.
1950 yillarning jinsiy timsoli bo‘lgan Merilin Monro ko‘plab erkaklarga yoqadigan ko‘zni qamashtiruvchi ayol edi. Unga hashamatli sovg‘alar berishardi, lekin ulardan biri eng qimmatlisi edi. Afsuski, bu uning vafotidan keyin bo‘lgan.
Uning turmush o‘rtoqlaridan biri, beysbolchi Jo Di Majo ajrashgandan keyin Monro bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Yulduz vafot etgach, sobiq eri uning qabriga olti dona qizil atirgul yubora boshladi. Floristlar bunday buyurtmani yigirma yil davomida haftasiga uch marta yig‘ishgan. Natijada, Monro 18 mingga yaqin gulni “oldi.” Di Majo bu sovg‘aga qancha pul sarflaganini hisoblashning xojati yo‘q, chunki uning qiymati sarflangan pul bilan o‘lchanmaydi.
Matn: Milana Shushkova