Badavlat ingliz oilasidan chiqqan qiz oqsuyak xonimcha yoki fan va san’at homiysi bo‘lishi mumkin edi, ammo u uchun dahshatli va sirli hikoyalar to‘qish ko‘proq qiziq edi. Agata Kristi detektiv janrining eng taniqli muallifiga aylandi. Uning ijodi o‘tgan asrda “charaqlab” chiqqan bo‘lsa-da, ko‘pgina ijod namunalari bugungi kungacha dolzarbdir: sentabr oyida “Xellouin bazmi” asarining ekranlashtirilgan “Venetsiya arvohlari” filmi chiqdi, kelgusi yilning boshlarida esa “O‘ldirish oson” detektiv asari asosida xuddi shu nomdagi mini-serialni suratga olish kutilmoqda. Buyuk Britaniyaning milliy faxriga aylangan buyuk yozuvchi Agata Kristining hayot yo‘llari haqida gapirib beramiz.
Opasi bilan taqdirini belgilagan bahslashuv
Agata Meri Klarissa Miller 1890-yilning 15-sentabr kuni dunyoga keldi. Ota-onasi o‘ziga to‘q insonlar edi, va shu sabab qizaloq hech narsaga zoriqmadi. Ammo shunga qaramay, Agataga nimadir yetishmasdi. Zerikkanidan besh yoshligida o‘qishni o‘rgandi va bolaligidan mavjud bo‘lmagan olamlarni o‘ylab topardi, to‘qima do‘stlar bilan suhbatlashardi. Baxtga qarshi, bunday tashvishsiz hayot uzoqqa cho‘zilmadi.
Agata olti yoshligida otasi moliyaviy muammolarni ko‘tara olmay, yurak xurujidan vafot etdi. Onasi chuqur qayg‘uga botdi, pullari tezda tugay boshladi. Qizaloq onasiga tayanch bo‘lish uchun o‘zida kuch topardi, mashxur pianinochi bo‘lish umidida fortepiano chalishdan mashg‘ulotlarga qatnadi, Birinchi jahon urishi boshlangach esa, harbiy gospitalda hamshira bo‘lib ishladi.
1914-yilda Agata turmushga chiqdi – polkovnik Archibald Kristi uning turmush o‘rtog‘iga aylandi. Biroq ularning oilaviy hayoti urush tugagachgina boshlandi. 1919-yilda juftlikning qizi Rozalinda dunyoga keldi. Aynan o‘sha vaqtda Agata yozuvchi bo‘lishga ahd qildi.
Hayotini burib yuborgan onga adabiyotshunos opasi turtki bo‘ldi. Agata chop etishga munosib asar yoza olishiga bahs boyladi. Ilk detektiv asari “Staylzdagi sirli voqealar” deb nom oldi, u uchun gonorar esa 25 funt sterlingga teng topildi. Shu tarzda dunyodagi ko‘plab chop etiluvchi asarlar yozuvchisi Agata Kristining ijodiy yo‘li boshlandi (“Injil” va Shekspirdan keyin).
Xiyonat uchun qoyilmaqom intiqom hikoyasi
«Aqlli insonlar xafa bo‘lmaydi, aksincha, xulosa qiladi». – Agata Kritsi
Birinchi detektiv romani chiqqanidan keyin Kristi yiliga bittadan roman yozdi.Uning hayotini o‘zgartirgan burilish 1926-yil 3-dekabrda, yozuvchi g‘oyib bo‘lganida sodir bo‘ldi.
Agataning eri o‘z xiyonatini tan oldi. U nafaqat ishqiy munosabatlari haqida ochiqchasiga gapirdi, balki ajrim haqida ham og‘iz ochdi. Janjal natijasida Agata qizini xizmatkorga qoldirdi, kotibga Yorkshirga borish rejasi haqida xat yozib, g‘oyib bo‘ldi. Uni o‘n bir kun davomida qidirishdi.
Qidiruvlar jarayonida yozuvchining chiroqlari yoniq holdagi avtomobili va ichidagi po‘stinini yo‘l chetidan topishdi. O‘sha davrlarda allaqachon taniqli bo‘lgan Agata Kristining g‘oyib bo‘lishi uning muxlislarini larzaga keltirdi. Aksariyat odamlar erini aybdor deb hisoblashdi. Axir ayolga biror kor-xol bo‘lsa, birinchi navbatda eri gumondor shaxs hisoblanadi. Matbuotga barchasi – Archibaldning ishqiy munosabatlari, janjal va xat ma’lum bo‘ldi. Erini odam o‘ldirishda gumon qilib, ortidan politsiya kuzatishni boshladi, uyi esa matbuot xodimlari va bekorchilar bilan doim o‘ralgan edi.
Mana shu bir necha kun Archi uchun jahannamga aylandi. Keyinchalik do‘stlarining yodga olishicha, u vaziyatni o‘zgartira olmadi va “ko‘z oldida cho‘ka boshladi”. Xotini yo‘qolib qolganidan bir necha kun o‘tgach, u matbuotga intervyu berdi va ayoli barchasini uyushtirganini taxmin qildi. O‘sha paytda sodir bo‘lgan voqeaga bir nechta taxminlar bor edi. Politsiyaning taxmin qilishicha, yozuvchi mashinani urib olgan, va o‘zini qasd qilish maqsadida o‘rmonga kirib adashib qolgan. Erining taxmini ham istisno qilinmadi: Agata endigina reklamaga muhtoj yangi detektivni yozib chiqargan edi. “Agar istaganida zahar ichgan bo‘lardi. U doim o‘zi istagan narsalarga erishgan”, – dedi Archibald.
Agata Kristining eri bergan intervyudan so‘ng, ikki mingdan o‘n mingacha ko‘ngillilar va yuzta politsiya xodimlari uni izlashni boshladi. Va natijada uni topishga muvaffaq bo‘lishdi. 14-dekabr kuni yozuvchini spa-mehmonxonada gazeta o‘qib o‘tirgan joyida topib olishdi. Ro‘yxatdan o‘tishda u erining jazmani, ya’ni Tereza Nil ismini ko‘rsatgan. Agata g‘oyib bo‘lish sabablarini tushuntirib o‘tirmadi, o‘zini hech narsani eslay olmayotgandek tutdi. Bu voqea hozirgacha eng rasmiy ma’lumot hisoblanadi. Aslida nima bo‘lgani haligacha ma’lum emas.
Keyin nima bo‘ldi? Kristining detektiv asarlari sotuvi oshib ketdi. Yozuvchi turmush o‘rtog‘i bilan ajrashdi. Eri esa o‘zi istaganidek, sevgilisiga uylandi.
Haqiqiy baxt
Kamdan-kam odam Agata Kristi sayohatlarni xush ko‘rishidan xabardor. Dunyo bo‘ylab ilk sayohatini u 1922-yilda amalga oshirgan. 1929-yildagi Kanar orollariga safari esa ajrim sabab bo‘lgan “yaralariga” malham bo‘ldi. Keyinchalik, Iroq davlatiga qilgan sayohatida u arxeolog Maks Mallouen bilan tanishdi, va u bilan ikkinchi bor turmush qurdi. Maks Agatadan 14 yoshga kichik edi.
“Arxeolog – ayollarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi er. Ayolning yoshi qancha ulug‘lashgani sayin, arxeolog erning qiziqishi unga tobora ortib boradi”. (Ushbu iqtibos Agata Kristiga mansub deb hisoblanadi.)
Ular yozuvchining vafotiga qadar birgalikda juda baxtli umr kechirishdi. Kristi hatto eri bilan Suriya va Iroqqa ekspeditsiyalarga borar edi. Sayohatlar yozuvchining hayotida muhim o‘rin egallagan va uning detektiv asarlarida o‘z aksini topgan. Misol uchun, “Sharqiy ekspressdagi qotillik” romani Istambulda yozilgan.
Agata sobiq eri bilan ajrimidan so‘ng ko‘p asarlar yoza boshladi: yiliga bir nechta romanlar va detektiv hikoyalar chiqardi, Erkyul Puaro qahramonini o‘ylab topdi, hikoyalarni qismlar bilan birlashtirdi. Kristining mashhurligi, boyligi kabi oshib bordi. Agata hayotidagi voqealardan dars olishga muvaffaq bo‘lardi. Hayot esa unga erkaklar jazmani yoniga ketib qolishi mumkinligiga o‘rgatdi. Yozuvchining ikkinchi eri o‘ziga to‘q bo‘lishiga qaramay, u moliyaviy erkin bo‘lishga ahd qildi.
Agata kristi katta pul evaziga nashriyotlar bilan shartnoma tuza boshladi va daromad imtiyoziga (kitob savdosidan ulush) ega bo‘lish imkoniyatidan faol foydalandi. Yozuvchining boyligini baholash mushkul edi. O‘zining asarlaridan qancha daromad topgani haqida hanuzgacha bahs-munozaralar davom etmoqda. 1976-yilda Kristi vafot etgach, uning umumiy daromadi 14,8 million funt sterlinga (bugungi kundagi 127 millionga teng miqdor) baholandi).
Erkyul Puaro va Marpl xonim
«O‘zimning detektiv asarlarim uchun voqeliklar idish yuvayotganimda hayolimga keladi. Bu shunday ahmoqona ishki, beixtiyor qotillik haqida fikrlar kela boshlaydi». (Agata Kristi)
Adabiyotda allaqachon hamma narsa bor deb hisoblanadi. Agata Kristi yozuvchilikdagi imkoniyatlari cheklanganini va shunga qaramay boshqa mualliflarning ishlarini ko‘chira olmasligini tushunardi. O‘zining 1965-yilda yozib tugatgan avtobiografiyasida yozuvchi ajib fikrni aytgan: uning doim yozilgan asardan ko‘ngli to‘lmasdi, ammo, agarda uning qalami ostidan haqiqatda yomon asar chiqadigan bo‘lsa, bu asar dunyo yuzini ko‘rmasligi aniq edi.
Agata Kristi asarlaridagi voqeliklar dunyoga kelishiga noodatiy tarzda yondashgan. Qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, hayolan keyin asarining tafsilotlarini o‘ylab yurar edi. Yozuv mashinasi qarshisiga, faqatgina asar syujeti boshdan oxirigacha tayyor bo‘lgachgina o‘tiradi.
Ikkinchi jahon urushi davrida yozuvchi nabirali bo‘ldi va qiziga farzand parvarishida yordam berdi. Nabirasi Metyu bugungi kunda Agata Kristining bir nechta kitoblariga egalik huquqiga ega va Agatha Christie Limited jamg‘armasini boshqaradi.
Urushdan keyin Kristi detektiv asarlar ustida ko‘p ishlashda va eri bilan qazilmalarda qatnashishda davom etdi. Uning mashhurligi tadqiqotlarni moliyalashda as qotdi, yozuvchining o‘zi ham jarayonlarga shu qadar ishtiyoqli ediki, hatto eriga topilmalarga ishlov berishda yordam berardi.
Ammo rohatli hayot uzoq davom eta olmasdi. 1971-yil “detektivlar qirolichasi”ning salomatligi yomonlasha boshladi. Yozuvchi ijodining tadqiqotchilari unda Altsgeymer kasalligining barcha alomatlari bo‘lganiga ishonishadi. To‘rt yil o‘tib u yanada zaiflashdi. Eng mashhur “Qopqon” pyesasiga egalik huquqini nabirasiga berib, o‘zi ishdan chetlashdi. 85 yoshida Agata Kristi shamollash asoratlari oqibatida vafot etdi.
«Men ortga qaramaslik kerakligini, hatto qarashga harakat ham qilmaslik kerakligini tushundim. Hayot – bu bir tomonlama harakatlanuvchi yo‘l». (Аgata Kristi)
“10 ta negr bolasi” – Agata Kristi ushbu asarni o‘zining eng yaxshi kitobi deb hisoblaydi
Agata Kristi haqida uning eng taniqli qahramonlari – Erkyul Puaro va Marpl xonimni tilga olmay turib gapirish mumkin emas.
Erkyul Puaro Sherlok Xolmsning o‘ziga xos mualliflik versiyasiga aylandi. Qahramon 1920-yilda paydo bo‘ldi, shundan so‘ng uzoq vaqtga yozuvchining 33 ta roman, 54 ta hikoya va bitta pyesadan iborat asarlarida o‘rnashdi.
Artur Konan Doyl o‘zining Sherlok qahramonidan zerikkandek, Agata Kristi ham endi kulgili belgiyalik ziyoli qahramon haqida yoza olmasligini tushundi. Ammo shunga qaramay, hamkasbidan farqli o‘laroq yozuvchi o‘z qahramoniga vaqtincha hayot berib turdi. Yozuvchining vafotidan bir yil oldin Puaro “biografiya”siga yakun yasovchi “Pardalar tushiriladi” romani chiqdi.
Haqiqiy ingliz xonimi, xuddi buvisi kabi aqlli va dono ayol – Marpl xonimni o‘zining eng sevimli qahramoni deb bilardi. Yozuvchi detektivlar qahramonini “beg‘araz inson” deb hisoblab: “u barcha narsadan eng yomonini kutardi, va dahshatli ketma-ketlikda uning shubhalari o‘zini oqlardi”, – degan edi. Biroq erta yo kech eng sevimli qahramon ham zeriktirishi mumkin, Marpl xonim ham biroz muddatga o‘z muallifi tomonidan chetlatildi. 1940-yilda Kristi mazkur qahramon uchun so‘ngi hikoya – “Unutilgan qotillik” romanini yozdi, va bu roman yozuvchining vafotidan keyingina chop etildi.
Kristining ijodiy kasbi davomida barchasi silliq kechmadi. Hayotlik chog‘ida tez-tez tanqidlarga uchrab turardi. Uning detektiv asarlarini be’maza, siyqasi chiqqan, eng qiziqarli qismi – yakuni deb tanqid qilishar edi. Ammo bugungi kunda o‘sha tanqidlarni hech kim eslamaydi. O‘sha davrda Agata Kristi asarlari eng ko‘p chop etiluvchi va tarjima qilinuvchi yozuvchiga aylangan edi.
Agata Kristining asarlari asosida XXI asrdagi eng muvaffaqiyatli ekranlashtirilgan detektiv filmlar:
- “Puaroning muvaffaqiyatsizligi”, 2002-yil
- “Katta dalil”, 2008-yil
- “Ayblovdagi guvoh”, 2016-yil
- “Egri uycha”, 2017-yil
- “Sharqiy ekspressdagi qotillik”, 2017-yil
- «Aybsizlik sinovlari», 2018-yil
- “Tussiz tulpor”, 2020-yil
- “Nildagi ajal”, 2022-yil
- “Venetsiya arvohlari”, 2023-yil