San’at o‘z qoidalarini belgilaydi va zamonaviy rassomlarni ma’lum bir uslub va oqimga tegishliligi bo‘yicha bo‘lish odatiy holga aylandi, chunki har birining o‘ziga xos betakror uslubi bor. Biroq, rasmiyatchilikka qaramay, ijod did, yosh va hayot haqidagi tasavvurlardan qat’i nazar, istisnosiz barchani birlashtirishni to‘xtatmaydi. O‘zbekistonda bunday birlashma uchun maydonlardan biri Bonum Factum san’at makoni bo‘lib xizmat qiladi. Galereya bilan O‘zbekistonning taniqli san’atshunoslari, kolleksionerlari, dizaynerlari, fotograflari, tarixchilari va zamonaviy rassomlari hamkorlik qilmoqda.
“Tanqiddan qochmoqchi bo‘lsang, hech narsa qilma, hech narsa dema, hech kim bo‘lma”
Sardor Erkinov
Men uchun ijod – qalb kundaligi. Men madaniyatni targ‘ib qilaman, sharq miniatyurasini zamonaviy rangtasvir bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilaman. Mening bir nechta asarlarim bor va ularning har biri o‘z konsepsiyasi, she’riyati va texnikasi bilan ajralib turadi.
Van Gog, Anri Matiss va Frensis Bekon ijodini juda yaxshi ko‘raman. Barokko davrining klassiklaridan meni Karavajo va Diyego Velaskes ilhomlantiradi.
So‘nggi nafasimgacha ijod bilan shug‘ullanmoqchiman va o‘zimdan keyin ko‘plab mamlakatlar muzeylari va galereyalarini bezaydigan yangi avlod rasmlarini qoldirmoqchiman.
Bugun yosh rassomlarda katta salohiyat bor. Ular o‘z ishlarini ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilishlari va o‘z ijodlarini dunyoga namoyish etishlari mumkin. Agar xohish bo‘lsa, hamma narsaga erishish mumkin. Asosiysi – ishlash va maqsadga erishish.
“Atrofdagi hamma narsani chin dildan sevish, yangilik, tajriba va bilimga chanqoqlikni yo‘qotmaslik”
Zi Kahramonova
Bolaligimdan beri ijodkorlikka muhabbatim bor edi: bolalar kitoblaridagi rasmlarni va bo‘yash kitobchalardagi tasvirlarni qayta chizganim esimda. Meni rassomlik maktabiga yuborishdi, keyin kollejga o‘qishga kirdim, u yerda kitob grafikasi va butaforiya san’atini o‘rgandim. Institutda atigi bir yil tahsil oldim, o‘qishdan ketganimdan so‘ng esa haqiqiy ijod boshlandi: ko‘rgazmalar, san’at rezidentsiyalari va loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar.
Men o‘z san’atimni insonlarning tanasi, jinsi, mifologiyasi va makoni idrokini aks ettirish mavzulari atrofida quraman. Xayol va voqelikni uyg‘unlashtirishga, ko‘rinar hikoyalar yaratishga qiziqaman. Yapon gravyurasini, o‘rta asr grafikasini juda yaxshi ko‘raman va zamonaviy rassomlar P. Puck hamda Lou Beneschning ijodiga qoyil qolaman.
Ko‘pincha birinchi narsalar: birinchi illyustratsiya, animatsiya, installyatsiya, rassomlik ishi, birinchi ko‘cha-art loyihasi esda qoladi va yaqinligicha qoladi. Birinchi tajriba meni doim qiziqtiradi.
“Qandaydir ma’noda mening rasmlarim meni chuqur hayajonga solayotgan savollarga javoblardir”
Isomiddin Eshonkulov
Men o‘z asarlarimni “insonning ichki manzaralari” deb atayман. Menga irratsional ramzlar, materializmning teskari tomoni bo‘lgan irratsional mohiyat yoqadi. Syurrealist rassomlar yondashuviga ergashib, insonning ichki dunyosi, uning o‘tmishi va kelajagi, koinotdagi o‘rni haqida so‘zlash uchun ziddiyatli, ba’zida esa mantiqsiz obrazlardan foydalanishga intilaman. Asarlarimdagi shakllarning murakkab uyg‘unligi va g‘aroyib syujetlar bema’ni emas: tafsilotlar va ramzlar menga o‘z falsafiy qarashlarimni ifodalashga va inson haqida tushunganlarimni bayon etishga yordam beradi. Ranglar – odamlarning ichki “manzarasi”ni anglash kalitidir. Bu jumboq eshigini qanchalik keng ochsangiz, inson va uning o‘rni haqidagi haqiqat shunchalik oydinlashadi.
Rasmlarimda ko‘plab savollarga javob izlayman: inson dunyoda qanday o‘rin egallaydi, u qayerdan keladi va qayerga boradi, uning ilohiy vazifasi nima, u kim, men kimman, barchamiz kimmiz. Bu meni juda ilhomlantiradi, insonlar meni ilhomlantiradi – mutlaqo hamma. Qaysidir ma’noda, mening rasmlarim meni chuqur ta’sirlantiradigan bu savollarga javoblardir. Ehtimol, shu sababli men o‘z rasmlarimni emas, balki yaratish jarayonini sevaman. Mening sevimli yoki yoqtirmaydigan rasmlarim yo‘q – bular shunchaki mening ishlarim. Men o‘sishni, rivojlanishni va bir kun kelib tarixda iz qoldiradigan rasm yaratishni xohlayman.
Sanjar Jabbarov
“Uslub — juda muhim, uslub — bu sizning shaxsiyatingiz, sizning borlig‘ingiz”
Men mahallada oddiy oilada sho‘x bola bo‘lib o‘sganman, alohida ta’lim olmaganman. Ishonchim komilki, iste’dod tug‘ma bo‘ladi, chunki men bolaligimdan beri rasm chizib kelganman. Rassom ijodida ulkan mehnat, g‘oya, fikr va uslub mujassamlashgan deb hisoblayman.
Ko‘plab buyuk san’at arboblarining asarlaridan ilhom olaman. Ulardan biri mening zamondoshim – yaponiyalik rassom Tenki Xiramatsu.
O‘z asarlari orasida murakkab texnikada yozilgan “Shokoladli pirog bo‘lagi” kartinasi alohida o‘rin tutadi. O‘z oldimga qiyin vazifalarni qo‘yishni yaxshi ko‘raman va “Mehnat, muhabbat, halollik” shiori bilan hayot yo‘lidan boraman.