Bolalar uy yumushlariga umuman qarashmaydi. Xonasini bazo‘r yig‘ishtiradi, ovqat pishirmaydi, hattoki axlatni olib chiqishga majbur qilolmaysan. Urishishga tiling aylanmaydi: axir maktabida juda ko‘p dars berishadi va har biri uch-to‘rttadan to‘garakka boradi. Lekin ular mustaqil bo‘lib o‘sishini juda xohlaysan... Tanish vaziyatmi? Ushbu maqolada oilada bolaning majburiyatlarini nimadan iborat bo‘lishi kerakligini hamda bolalik baxtiyorligicha qolishi uchun qaysi yoshdan u yoki bu vazifalarni topshirish mumkinligini muhokama qilamiz.
Yaqinda bolaga necha yoshdan uy yumushlaridan nimani ishonib topshirish mumkinligi yuzasidan tavsiyalarga ko‘zim tushdi. Maslahatlar meni hayratga soldi. Masalan, ikki-uy yoshdagi bolakayga o‘zidan keyin tuvakni yuvish va ovqatlanib bo‘lgach stolni yig‘ish, mahsulotlar solingan xaltalarni ajratish va axlatni saralash kabi ishlarni o‘rgatish taklif qilingan. O‘n yoshida esa bola kir yuvishi va tushlik tayyorlashi, har qanday ta’mirlash ishlariga yordam berishi, budjetni shakllantirishda ishtirok etishi va hattoki cho‘ntak pulini topish yo‘llarini izlashi kerak ekan. Miyamda darhol turmush o‘rtog‘im bilan nimanidir noto‘g‘ri qilayotganimiz va bolalarimizni “yo‘lga solish” vaqti kelganiga doir fikrlar paydo bo‘la boshladi. Biroq, onalik tuyg‘usi xulosalar bilan shoshilmaslikni va masalani chuqurroq o‘rganishni maslahat berdi.
Albatta, bolalarda mustaqillikni tarbiyalash muhim va zarur. Uy yumushlarini topshirish, rejalashni, maqsadlarga erishishni o‘rgatish ham. Bu qimmatli ko‘nikmalar katta hayotda juda qo‘l keladi. Lekin bunday ishlarda bo‘rttirib yubormaslik muhim, aks holda bolada yordam berish istagini yo‘qotish mumkin. Bundan tashqari, bugungi bolalarda ko‘p sonli qo‘shimcha darslar va to‘garaklardan keyin ko‘pam vaqt qolmaydi.
Internet va psixologlarning tavsiyalarini elakdan o‘tkazib, siz uchun farzandlaringiz bola bo‘lib qolishiga halaqit qilmagan holda, necha yoshda va qanday vazifalarni ularga yuklash mumkinligi yuzasidan foydali maslahatlar ro‘yxatini tuzdik.
Bolakaylar ishga kirishadi
3 – 5 yoshdagi bolajonlar uchun majburiyatlar
Bu yoshda bolalar atrofda yuz berayotgan hodisalarga qiziqish bildira boshlaydi. Bundan foydali odatlarni shakllantirish uchun foydalaning. Ularga oddiy kichik vazifalarni ishonib topshirish mumkin. Masalan, o‘yinchoqlarni yig‘ishni. Jarayonni o‘yinga aylantiring, bunda bolani sevimli quyonchalari va ayiqlarini qutilar yoki savatlarga solgani uchun rag‘batlantiring.
Yana bir qiyin bo‘lmagan, ammo mas’uliyatli ish – kiyinish va yechinish. Bolaga yordamlashing hamda biryo‘la motorikani rivojlantiruvchi mustaqilligi uchun maqtang.
O‘simliklarga suv quyish kichkintoy uchun qiziqarli mashg‘ulotga aylanishi mumkin. Unga yorqin rangdagi gulchelak olib bering va uning harakatlari evaziga paydo bo‘lgan yangi bargni ko‘rsating.
Bolalarni uy yumushlarini bajarganligi uchun maqtash juda muhim. Nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, buni sabr bilan tushuntirish kerak. Bola o‘zining ishtiroki qadrli ekanligini tushunishi kerak.
6 – 10 yosh
Qaror qabul qilishni o‘rganamiz
Bu yoshda bolalar zimmasiga nisbatan jiddiyroq vazifalarni olib, mas’uliyat va hamkorlikni o‘rganishi mumkin. Ularga oddiy qarorlar qabul qilish imkonini bering. Bu kiyim, o‘qish uchun kitob yoki nonushtaga taom tanlovi bo‘lishi mumkin. Bola vaziyatni tahlil qilishni o‘rganishi uchun bu tanlovni birgalikda muhokama qilganingiz ma’qul.
Xonani yig‘ish ham bu yoshga mos keladigan mashg‘ulot: u o‘z makoni uchun shaxsiy javobgarlik hissini rivojlantiradi.
Kechki taomni birgalikda tayyorlash ham unutilmas mahorat darsiga aylanishi mumkin, ayniqsa natija chiroyli va mazali chiqsa. Asosiysi – bolalarni vilka va pichoqlar bilan yolg‘iz, qarovsiz qoldirmang.
Agar oilada uy hayvoni bo‘lsa, bolalarni uni parvarishlashga jalb qiling. Ovqatlantirish, sayr qilish, tarash, idishini tozalash – bularning hammasi oson ish, ammo bolada javobgarlik hissini tarbiyalaydi hamda hayvonlar o‘yinchoq emasligini tushunishiga yordam beradi.
11 – 14 yosh
Dastlabki tashkiliy ko‘nikmalar
O‘smirlar allaqachon nisbatan murakkab vazifalarga tayyor. Tashkiliy ko‘nikmalar va rejalashtirish qobiliyatini rivojlantirish vaqti kelgan. Bola jadval tuzishga, vaqtni taqsimlashga, o‘z buyumlarini parvarishlashga o‘rganishi kerak.
Oshxonada o‘smirlarga oson taomlar tayyorlashni, albatta kattalar nazorati ostida, topshirish mumkin. Kir yuvish mashinasini o‘zlashtirish ham ortiqchalik qilmaydi: kirlarni mashinaga joylash va kukun sepishni ular aniq uddalaydilar.
Dalahovli yoki bog‘da ulardan gullar, gazon yoki polizdagi sabzavotlarni parvarishlashni so‘rash mumkin.
Bunda, bola qanchalik katta bo‘lsa, uning hayotida ishlar va bo‘sh vaqt orasidagi muvozanatga rioya qilish shunchalik muhimligini unutmang. Bolalarni uy majburiyatlarini bilan ko‘mib tashlash orqali ularda o‘smirlarga xos isyon ruhiyatini uyg‘otishingiz hamda yordam berish istagini yo‘qqa chiqarishingiz mumkin.
Va yana, istimos, urishmang. Hattoki bola nimanidir noto‘g‘ri qilganida ham. O‘zaro ishonchni yo‘oqtmaslik uchun barcha vaziyatlarni to‘g‘ri tushuntirish va birgalikda xotirjam hal qiling.
15+ yosh
Katta hayotga tayyorgarlik
Bu yoshda bolalar katta hayotga yaqinlashadi va topshiriqlar shunga muvofiq bo‘lishi kerak. Bular allaqachon mustaqil bajarilishi kerak bo‘lgan yig‘ishtirish, ovqat pishirish, kir yuvish va boshqa uy yumushlaridan tashqari, masalan, pul masalasi ham bo‘lishi mumkin.
Bolagv moliyaviy savodxonlikni o‘rgating: shaxsiy (cho‘ntak) budjetini hosil qilish, keyinchalik haqiqatdan qimmatli buyumni xarid qilish uchun mayda narsalarda tejamkorlikka amal qilish. Bolaga pul yig‘ishi uchun chiroyli g‘aladon sovg‘a qilish mumkin.
Bolalarga pul o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini va ularni ishlab topish kerakligini tushuntirish muhim. Qaysi uy ishlari uchun pul to‘lanishini belgilang va ular bajarilganida rag‘batlantiring. Uyni yig‘ishtirish yoki do‘konga borib-kelish ham mukofotga loyiq ishlar. Bolani unga yoqadigan vazifalarni bajarganligi uchun ham rag‘batlantirish foyda beradi. Shu tariqa uning ongida pullarni faqat qiyin va yoqimsiz ishlar uchun topish mumkin, degan fikr shakllanmaydi.
O‘smirda har qanday ishga nisbatan pul bilan bog‘liq munosabat yuzaga kelmasligi uchun, uni hayriya va ko‘ngillilar tadbirlariga jalb qiling. Birgalikda hayvonlar boshpanasiga boring, hiyobonda chiqindilarni to‘plash yoki daraxt ekish bo‘yicha aksiyalarda qatnashing. Shu asnoda bolada umumiy foyda keltirishga intilishdan tashqari, yaxshi ishlarga aloqadorlikdan quvonch hissi ham yuzaga keladi.
Bolaning qiziqishlarini inobatga oling
Bolalarni o‘z vazifalaringiz bilan ortiqcha yuklamang. Ularga o‘qish va rivojlanish uchun yetarli vaqt bering. Ularning qiziqishlariga hurmat ko‘rsating va hayotlaridagi barcha jihatlarni muvozanatga keltirishga harakat qiling.
Bolaga xobbi topishda yordam bering, o‘zi qiziqib boradigan to‘garaklarga yozdiring. O‘zingizning ulashmagan orzularingizni bolalarda qo‘llashga shoshilmang – ular qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘lgan shaxsiy qiziqishlariga ega bo‘lishlari mumkin. Bu ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch, maqsadlar belgilash va ularga erishishga intilish qobiliyatini rivojlantirish imkonini beradi.
Bolalarning xatti-harakatini rag‘batlantirish orqali oila ichida o‘zaro hamjihatlikning ijobiy tajribasini yaratishni unutmang. Bularning barchasi anchagina vaqt va sabr talab qiladi, ammo natijalar sizni uzoq yillar davomida hursand qiladi, zero bola sizga yordam berishga hamda har qanday turmush da’vatlarini yengishga tayyor bo‘lgan mustaqil va o‘ziga ishongan odam bo‘lib o‘sadi.