Mening kichkina qizim biz boshqa shaharga ko‘chib o‘tganimizdan so‘ng borishga majbur bo‘lgan yangi bog‘chani juda ham yomon ko‘rardi. U bolalar bir-birini allaqachon yaxshi bilgan guruhga keldi. Uzoq vaqt jamoaga qo‘shila olmadi, boshqa bolalar bilan o‘ynamas edi, deyarli hech kim bilan gaplashmas edi ham. Bog‘chada o‘tkazgan har kuni qizim uchun bir sinovdek edi. Ertalablari yig‘lab, uni uyda qoldirishimni iltimos qilar edi. Bolaga bunday stress yetkazmaslik uchun biror enaga ham yollamoqchi bo‘ldik, ammo bir kuni barchasi o‘zgardi. Qizimning aytishicha, u tushlik paytida yonidagi qizning o‘zining sevimli multfilmi haqida gapirayotganini eshitib qoldi. Bizning qizimiz ham uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgisi keldi. Natijada ular do‘stlashib, ajralmas do‘stlarga aylanib qoldi.
Lekin afsuski hammada ham bunday baxtli yakunlar bo‘lmaydi. Ayrim bolalar boshqa bolalar bilan muloqot qila olmaydi, chetlashib qoladi, bog‘chada yoki maktabda boshqalar tomonidan ta’qib qilinadi. Ba’zi hollarda bu kabi “bulling” (masxaralash, mazah qilish) nihoyatda achinarli oqibatlarga olib kelib, bolada jiddiy psixologik muammolar boshlanishi mumkin.
Boshqa insonlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lish, muloqot qilish va munosabatlar qurish qobiliyati – bular bolaga faqatgina bog‘chada yoki maktabda emas, balki hayoti davomida yordamga keladigan eng muhim ko‘nikmalar. Shaxsning shakllanishi ko‘p tomonlama shunga bog‘liq bo‘ladi: tengdoshlari bilan muloqot qilishda muammolar borligi o‘ziga o‘zi baho berishda aks etishi, o‘z kuchiga ishonchsizlik, xafagarchilik va hattoki agressiyani vujudga keltirishi mumkin. Va aksincha, agarda bola ijtimoiy aloqalarni shakllantirishni o‘rgansa, bu unga istalgan jamoada o‘zini ishonchli his etishga yordam beradi.
Ota-onalar, tabiiyki, bunda o‘z yordamlarini berishlari mumkin. Birinchidan, diqqat bilan kuzatib borish va o‘z vaqtida muammolarni aniqlash kerak. Ikkinchidan, bola tengdoshlari bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi, muloqot qilishi uchun imkoniyatga ega bo‘ladigan sharoitlarni yaratish.
Bolaning qo‘rquvlarini bartaraf etish va kirishimli bo‘lishga o‘rgatish uchun 10 maslahat
- Bola bir necha qahramonlarni o‘ynashi va unga muloqotdagi qo‘rquv va xijolatni yengib o‘tish mumkinligini tushunishga yordam beruvchi turli xil vaziyatlarga tushish imkoniyatini beradigan rolli o‘yinni taklif qiling.
- Bolalar o‘z hissiyotlarini ijod orqali ifodalay oladigan va erkin muhitda qo‘rquvlarini muhokama qiladigan rasm chizish yoki yasash bo‘yicha mahorat darsini o‘tkazing.
- Ular bir biriga turli topshiriqlarni yechishga yordam beradigan va birgalikda maqsad sari harakatlanadigan bir necha bolalar ishtirokidagi kvest o‘yini ham juda foydali bo‘ladi.
- Bolalar jamoaga birlashib biron nima bajarishlari uchun ko‘chada yoki xonada tez-tez o‘yinlar o‘tkazib turing.
- Bolalar tengdoshlari oldida chiqib, o‘zlarining aktyorlik mahorati ko‘nikmalarini namoyish qiladigan qo‘g‘irchoqlar teatri yoki teatrlashtirilgan namoyishni tashkil qiling. Bu ularga ommaviy chiqishlar oldidagi qo‘rquv hissini yengib o‘tishga yordam beradi.
- Bolalar yangi joylarni va vaziyatlarni o‘rganib chiqishlari uchun tabiat qo‘yniga yurishlarga chiqing. Bu ularning dunyoqarashini kengaytiradi va atrofdagi dunyo bir qarashda tuyulganidek unchalik qo‘rqinchli emasligini namoyish etadi.
- O‘yin markazlariga boring yoki shunchaki, farzandlari bor oilalar bilan uchrashib turing. O‘yin — bola uning yordamida muloqot qilishni, o‘rtoqlashishni, o‘z navbatini kutishni, qoidalarga amal qilishni, nizolarni hal qilishni va hamkorlik qilishni o‘rganadigan asosiy usul.
- Bolangizni ijodiy to‘garaklarga yoki rivojlantiradigan mashg‘ulotlarga yozing – imkoni boricha aynan uning o‘zi uchun qiziqarli bo‘lganlariga.
- Farzandingizning yaxshi, ijobiy xulqini rag‘batlantiring va ular sodir bo‘lgan holda salbiy vaziyatlarga to‘g‘ri munosabat bildiring, — baqir-chaqir qilmasdan va janjallarsiz, ular albatta bolaning xotirasida muhrlanib qoladi.
- Bolangizga do‘stlari haqida savollar bering. Aloqalarni o‘rnatishga, o‘zini namoyish etishga va his-tuyg‘ularini ifodalashga urinishlarishi qo‘llab-quvvatlang, boshqa bolalar bilan til topishishga yordamlashing.
Bolada aloqalar o‘rnatish borasida muammolari borligini qanday tushunish mumkin
Bolalar har doim ham muloqotda duch kelgan muammolari haqida ochiq gapirmaydi. Biron nima noto‘g‘ri ketayotgan bo‘lsa, buni vaqtida payqash juda muhim. Farzandingiz atrofdagilar bilan qanday o‘zaro muloqot qilayotganini ko‘proq kuzatib boring.
Bolaning xulq-atvorida e’tibor qaratish joiz bo‘lgan belgilar:
- boshqa bolalar bilan aloqa qilmaslikka intiladi, yolg‘iz o‘ynashni afzal ko‘radi;
- sinfdoshlari yoki tengdoshlari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishni yoki qo‘llab-quvvatlashni bilmaydi;
- muloqot qilishda qiyinchiliklar his etadi, suhbat olib borishga, o‘z fikrlarini va tuyg‘ularini ifodalashga qiynaladi;
- nizoli vaziyatlarga tez-tez tushib turadi yoki boshqa bolalar tomonidan salbiy munosabat bildirilishiga duch keladi;
- jamoaviy faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildirmaydi;
- ommaviy tadbirlar yoki ijtimoiy faollikka nisbatan qat’iyatsizlik, qo‘rquvni his qiladi.
Sizda bolada muammolar borligi bilan bog‘liq shubhalar paydo bo‘lishida u bilan ochiqchasiga suhbatlashib ko‘rishga, hammasi joyida ekanligini aniqlashga harakat qilib ko‘ring. Agarda u bu mavzuni muhokama qilishni istamasa, ammo uni baribir biron narsa bezovta qilayotgan bo‘lsa, yordam uchun o‘qituvchiga yoki psixologga murojaat qiling.
Farzandingiz uchun eng asosiy namuna – bu siz o‘zingiz ekanligini ham unutmang. Siz qanday muloqot qilishingiz, qarorlar qabul qilishingiz, o‘z tuyg‘ularingiz va hissiyotlaringizni ifodalashingiz — bolangiz bularning barchasini beiixtiyor takrorlaydi va bunga taqlid qiladi. Unga eng yaxshi o‘rnak bo‘ling. Atrofdagilarga qo‘pollik qilmang, boshqalarni orqasidan urushmang, yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qiling, bolangizga nizolarni hal qilishni va murosaga kelishni o‘rgating. Ehtimol, farzandlaringizni o‘rgatish jarayonida siz o‘zingizda mavjud kamchiliklarga ham e’tibor berasiz va biroz yaxshi tarafga o‘zgarasiz.
Matn: Lyudmila Shugurova