Ayting-chi, hayotingizda qoyaga chiqish qanday paydo bo‘lgan?
Bu sport turiga qiziqishim bolaligimdan boshlangan. Otam doimo safarga chiqardi va men uni katta, gulxan hidi anqib turgan ryukzak va sarguzashtlari haqidagi hikoyalar bilan qaytganida xursandchilik bilan kutib olardim. O‘shanda bularning barchasiga erisha olmasdim, alpinistlar va qoyaga chiquvchilar esa menga superodamlar bo‘lib ko‘rinardi.
12 yoshimda ota-onamni meni qoyaga chiqish mashg‘ulotlariga qo‘yishga ko‘ndirdim. Shunday bo‘ldiki, menda bir vaqtning o‘zida ikkita murabbiy – er-xotin juftlik bor edi. Ajoyib odamlar va o‘z ishining ustalari. Men skladromda va tog‘da mashq qilishdan juda zavq olardim.
«Tog‘lar shafqatsiz va yurishdan oldin nimaga borayotganingni tushunasan»
Qoyalarga tirmashib chiqishda sizga eng ko‘p yoqadigan narsa nima?
Qoyaga ko‘tarilishda men uchun eng yoqimli narsa – bu jarayonga to‘liq e’tibor qaratish, avval miyada, fikrlarda, keyin esa amalda oldindagi marshrutni puxta ishlab chiqish. Yengil va silliq ko‘tarilish kerak va bu tanani juda chinaqtiradi.
Alpinizm bilan qachon shug‘ullanishga qaror qildingiz?
Bir necha yillik qoyaga tirmashib chiqish mashg‘ulotidan so‘ng, afsuski, mashg‘ulotlarni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Murabbiylarimning shaxsiy uchastkasida o‘z skalyodori bor edi, ammo ularning uyi ko‘chirilishga tushdi, shu sababli ular ko‘chishga va mashg‘ulot maydonchasini buzib tashlashga majbur bo‘lishdi.
Mashg‘ulotlar taxminan bir yilga to‘xtatildi va bu vaqt ichida tog‘siz menga juda qiyin ekanligini tushundim. O‘shanda men hozir ham a’zo bo‘lgan “Irbis” alp-klubga qo‘shildim.
Nima uchun deyarli har bir qoyaga chiquvchi alpinizm bilan shug‘ullanadi, har bir alpinist esa qoyaga chiqish bilan shug‘ullanadi? Ikkita yo‘nalishni ajralmas deb atash mumkinmi?
Ko‘pincha qoyaga chiqish va alpinizm o‘rtasidagi farq nimada degan savolni eshitaman. Darvoqe, har bir qoyaga chiquvchi alpinizm bilan shug‘ullanmaydi, lekin har bir alpinist qoyaga chiqish bilan shug‘ullanadi. Chalkash, lekin tushuntirishga harakat qilaman. Mana, masalan, bir tog‘ bor. Qoyaga chiquvchi bu tog‘dan birorta qoyani topib, unga tirmashib chiqadi, vassalom. Alpinist esa, albatta, cho‘qqigacha boradi, qoyalardan tashqari qor va muzlarni ham bosib o‘tadi. Shuning uchun alpinizmga albatta qoyaga chiqish kiradi, lekin aksincha emas.
O‘zbekistonda ushbu sport turlari bilan shug‘ullanish uchun infratuzilma va imkoniyatlarni qanday baholaysiz?
Mamlakatimiz maydonining qariyb 20 foizi tog‘lardir, bu esa juda ko‘p. Eng baland nuqtasi Hazrat Sulton cho‘qqisi, 4643 metr. Garchi yaqinda uning shundoqqina yonginasida 25 santimetr baland nuqta borligini aniqlagan ekspeditsiya bo‘lgan bo‘lsa ham. Bizda alpinizmni sport turi sifatida rivojlantirish uchun ko‘plab qiziqarli yo‘nalishlar va katta salohiyat mavjud.
«Cho‘qqi – uning balandligidan qat’iy nazar, har doim ta’riflab bo‘lmaydigan zavq»
Har qanday ko‘tarilishning yo‘ldoshlari bo‘lgan noqulayliklar, tabiiy ofatlar va xavf-xatarlarni yengish siz uchun qanchalik murakkab?
Rostini aytsam, ba’zan juda og‘ir bo‘ladi: yurasan, sovuqdan, charchaganingdan, mushaklaring qotib qolganidan azob chekasan va “toqqa boshqa oyoq bosmayman!” deb o‘ylaysan! Bu tabiiy hol: axir tog‘lar shavqatsiz, safardan oldin nimaga borayotganingni bilasan-ku.
Alpinistlarda hatto tog‘larning o‘z xohishi mavzusida hikoya ham bor. Masalan, siz safarga otlanmoqchisiz, cho‘qqida esa dahshatli ob-havo bo‘lib, ko‘tarilish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shunda biz: “Tog‘ kirgizmaydi,” deymiz. Agar ko‘tarilish oson kechgan bo‘lsa, aksincha bu “tog‘ bizni kirgizib yubordi” degani.
Ko‘tarilish paytida qanday tuyg‘ular, fikrlar bo‘ladi va ular u yerda, cho‘qqida qanday almashadi?
Tog‘lar hamisha ko‘ngilni tinchlantiradi. Ko‘tarilish paytida, odatda, shunchaki yurasan, indamaysan va o‘z-o‘zingcha hamma narsa haqida mulohaza yuritasan.
Qandaydir hayotiy muammolar haqida o‘ylar ekansan, to‘xtab qolasan va birdan atrofingdagi tog‘ ulug‘vorligiga qaraysan va darhol hayotda hamma narsa hal qilinishi mumkinligini tushunasan. Shuning uchun tog‘lar men uchun o‘ziga xos psixoterapiya.
Cho‘qqi… cho‘qqi esa, qanchalik baland ko‘tarilgan bo‘lmasin, har doim ta’riflab bo‘lmaydigan zavq-shavqdir. Cho‘qqida tog‘lar bilan, bu qudratli go‘zallik bilan birlikni his qilasan va bu haqiqatan ham qandaydir sehrli tuyg‘u.
Bu o‘rinda sovet alpinisti Anatoliy Bukreyevning: “Tog‘lar men o‘z ambitsiyalarimni qondiradigan stadionlar emas, ular mening dinimga e’tiqod qiladigan ibodatxonalardir,” degan so‘zlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi.
Alpinizm – aslaha-anjomlardan tortib, ko‘tarilish xarajatlarigacha bo‘lgan juda qimmat sport turi. Rostdan ham shundaymi?
Ha, juda qimmat, boshqa ko‘plab ekstremal sport turlari kabi, buni sir tutmayman. Ertami-kechmi shaxsiy aslaha-anjomga ega bo‘lishga to‘g‘ri keladi, bu esa, afsuski, arzon zavq emas.
Bu ishtiyoqni 5/2 grafikli odamlar bilan birlashtirsa bo‘ladimi?
O‘z tajribamdan bilamanki, bu qiyin, ammo mumkin. Bundan tashqari, alpinizm men uchun ko‘proq dam olish demakdir, shuning uchun har doim ish haftasining oxirida toqqa chiqib, o‘z dam olish dozamni olishdan mamnunman.
Siz zabt etgan oliy nuqta va zabt etishni orzu qilayotgan oliy nuqta?
Men zabt etgan eng baland nuqta O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi Adelunga tog‘i, 4301 metr. Kimdir bu juda baland emas, deydi, lekin mening alpinizmga boshqacha yondashuvim bor. Bu mening hayotimning ma’nosidir, shuning uchun men ko‘tarilishlarga mas’uliyat bilan qarayman.
Murakkab yo‘nalishlar va texnikani ishlab chiqishga katta e’tibor beraman. Alpinizmda xatoga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bundan tashqari, jamoada ishlash juda muhim, uni hech qachon qo‘ldan chiqarish mumkin emas, shuning uchun sifatli tayyorgarlik eng muhimi.
«Tog‘lar – bu birinchi navbatda ma’naviy-irodaviy fazilatlarning namlanishidir»
Balandlik qo‘rquvi qanday yengiladi?
Tog‘lar – bu, birinchi navbatda, ma’naviy-irodaviy fazilatlarning singdirishdir. U yerda u yoki bu tarzda nimanidir yengib o‘tasan: charchash, qulaylikning yo‘qligi, qandaydir shaxsiy xavotirlar. Menimcha, o‘z-o‘zidan oshib o‘tib, shunchaki davom etish to‘g‘ri bo‘ladi. Men o‘zim ba’zan marshrutda pastga qarayman va tushunaman: qo‘rqinchli, lekin ongimni o‘zgartiraman, qilayotgan ishimga e’tibor qaratishga harakat qilaman va qo‘rquvdan faqat yomonroq bo‘lishini takrorlayman.
Toshkentda qoyaga chiqish va alpinizm bilan shug‘ullanadigan qizlar ko‘pmi?
Ochig‘ini aytsam, kam. Ayni alpinizmda doimo ayollar yetishmovchiligi bo‘lgan, bu haqida turli alp klublaridagi bolalardan bir necha bor eshitganman.
Umuman olganda, alpinizmga kelganimda, instruktorlar bu sport turida jins yo‘qligini aytishdi. Marshrutda qo‘llanadigan “tushundingmi”, “jo‘na” kabi barcha buyruqlar aslida erkaklar uchun moslashtirilgan («понял», «пошёл»). Nega bunday bo‘lgan, degan savolga haligacha javobim yo‘q, axir ayollar alpinizm bilan erkaklar bilan bir vaqtda shug‘ullana boshlaganlar. Bundan tashqari, 19-asr arxivlari shuni ko‘rsatadiki, ayollar toqqa ko‘ylakda chiqishgan, chunki o‘sha paytda ular uchun hali sport shimi bo‘lmagan. Demak, alpinizmda go‘zal jinsga o‘rin bor!
Tog‘lardan yaxshiroq nima bo‘lishi mumkin?
Bu yerda faqat bitta javob bor. (Kuladi.) “Tog‘lardan faqatgina hali siz hech qachon bo‘lmagan tog‘lar yaxshiroq bo‘lishi mumkin”.
Matn: Darya Morozova
Foto: Ruslan Mardanov