Skip to main content

Sahifamiz qahramoni Dinara Ibragimova – O‘zbekiston sinxron suzish bo‘yicha terma jamoasi bosh murabbiyi, xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyo chempionati sovrindori, jahon chempionati finalisti, Chekhov Sport Club tarmog‘i top-menejeri, model. Hozirda Dinara aralash juftliklarga muvaffaqiyatli murabbiylikni amalga oshiradi hamda yaqindan beri artistik deb nomlanayotgan sinxron suzish yangi paradigmasi ichida o‘zini qulay his qiladi.

Dinara 7LADIES tahririyati bilan ochiq muloqotda bolaligi, o‘zini yengib o‘tish davri, birinchi zafari, dunyoqarashini o‘zgartirgan yulduzlari, hayotiy vazifasi sifatidagi murabbiyligi, oddiy insoniy qadriyatlar va oila qurish orzusi haqida so‘zlab berdi.

  • Dinara, oddiy odamlarga sinxron va artistik suzish o‘rtasidagi farqni tushuntirib bersangiz?

Sinxron suzish o‘zining taraqqiyot bosqichidan o‘tmoqda – bu tomoshabinlar uchun mazkur sport turini yanada tushunarli qilish maqsadida amalga oshirilgan rebrending va reneyming.

Yangi talablarga ko‘ra musobaqada chiqish – e’lon qilingan murakkablik elementlari bajariladigan kompozitsiyadan iborat. Artistik suzish faqatgina ayollar sport turi bo‘lmay qoldi. Bugungi kunda erkaklar solosi, aralash guruhlar ham mavjud. Fikrimcha, bu mutlaqo to‘g‘ri qaror: axir hech bir klassik raqs turi erkak va ayol partiyasisiz o‘tmaydi.

Biz yangi sharoitlarga moslashdik: O‘zbekiston artistik suzish bo‘yicha jahon tendensiyalariga amal qilib, yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

Masalan, 2017-yilda men rahbarligimga olgan yosh yigit bugun nomdor sportchiga aylangan. Biz birgalikdagi faoliyatimizda muvaffaqiyatga erishib, jahon chempionati finaligacha yetib bordik hamda mamlakatimiz nomini sharaflagan holda, o‘zimizni namoyon etdik va O‘zbekistonda jiddiy darajadagi aralash juftlik borligini ko‘rsatdik.

  • Siz qachon va nima sababdan sinxron suzishga kirib kelganingiz haqida so‘zlab bersangiz?

Men giperfaol bola bo‘lganman, onam va buvim doim sport mening tabiatimga xos ekanligiga ishonishgan. Biroq, uch farzand – men, ukam va singlim bo‘lishimizga qaramay, oilada bironta ham sportchi yo‘q.

Onam sinxron suzish seksiyasiga tanlov ketayotganligini ko‘rib, meni o‘sha yerga yetaklab borganlar, chunki men suvni yomon ko‘rardim va undan juda qo‘rqardim.

Buvim bilan onam aql bovar qilmas ishni qilib, meni mashg‘ulotlarga olib kelishgan! Men suvdan juda qo‘rqardim, birinchi ko‘rikda esa meni olishni istashmagan: egiluvchanlik bilan qiyinchiliklar bo‘lgan va umuman menda zarur qobiliyatlar bo‘lmagan. Biroq, qizlar suv uzra “uchayotganini” ko‘rgach, men ularga o‘xshashni istadim va sinxron suzishni sevib qoldim.

  • Boshlayotgan sinxron suzuvchida qanday qobiliyatlar bo‘lishi kerak?

Mushaklar harakatchan, bo‘g‘imlar esa egiluvchan bo‘lishi kerak. Avvaliga juda qiynalganman, ammo qaysarligim tutib, atigi sakkiz yoshda bo‘lishimga qaramay, maqsad sari qat’iy odimlaganman.

Suzishni o‘rganayotganimda bir necha bor cho‘kkanman, boshim bilan suv ostida kirib ketardim va har safar meni qutqarishardi. Bu qo‘rqinchli va odamlarda ko‘pincha kuzatiladigan holat – qo‘rqish, ketish, ammo mening holatimda sport ruhiyati ustun kelgan. Yarim yildan so‘ng yaxshi suzishni o‘rgandim.

Dinara Ibragimova: “Doim yanada yetuklikka intilganman”, 7ladies.uz

  • Nima uchun murabbiy bo‘lishga qaror qildingiz va birinchi marta bu rolni qachon ijro etgansiz?

Bir kuni jamoadagi qizlar bilan O‘zbekiston kattalar terma jamoasining mashg‘ulotiga borib qolganmiz. Milliy jamoaning bosh murabbiyi Tatyana Lixter menda unutilmas taassurot qoldirgan! U O‘zbekiston sport tarixining nomdor siymosi, uning xizmatlari haqida uzoq gapirish mumkin. U meni shu qadar ilhomlantirdi-ki, yetti yoshimda o‘zimga murabbiy bo‘lishni va’da qilganman. Va bugun orzular ushalishini tushunib turibman.

13-14 yoshimda sevimli murabbiyim Piontkovskaya Alina Nikolayevnaning yordamchisi sifatida bolalar bilan ishlashni boshlaganman, ular menga ishonardilar va hamma narsada ko‘maklashardilar. Biz birgalikda raqs dasturlarini ishlab chiqardik, kostyumlarni chizardik. 15 yoshimda esa “Oltiy vodiy” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida mustaqil murabbiyga aylandim.

  • Siz uchun murabbiylik nimani anglatadi?

Murabbiyning ishi serqirra. U ustoz, sportchi shaxsini “tarashlaydigan” va unga o‘z bilim va ko‘nikmalarini o‘tkazadigan “haykaltarosh”. Hattoki, sutkalab men bilan birga bo‘lgan bolalarda o‘z odatlarimni ham sezib qolaman!

Murabbiy juda katta ta’sir kuchiga ega va har bir shogirdi uchun mas’uliyatni his qilishi kerak. Mening tushunchamda murabbiy, bu – sportchi uchun butun odamni yaratadigan va uning eng yaxshi sifatlarini kashf etadigan odam.

Bir misol keltiraman. Ilk shogirdlarimdan biri bo‘lgan qizaloq bilan keyinchalik katta yutuqlarga erishganmiz: u Jahon kubogi bosqichlari chempioni, Osiyo chempionati sovrindori bo‘lgan. Biroq, birgalikda ish boshlaganimizda u hattoki o‘ziga ham yoqmasdi, o‘z iqtidorini tan olmasdi.

O‘shanda xonanda Sia juda mashhur payt edi. Uning Chandelier qo‘shig‘iga chiqqan klipi yordamida o‘sha qizaloq iqtidorini ochishga erishdik. Uning aynan shu kompozitsiya ostidagi chiqishi hayratlanarli edi, u o‘z raqsi bilan barcha hakamlarni lol qoldirgan, ularning biri esa hattoki ko‘ziga yosh ham olgan.

Shu voqeadan keyin shogirdim qanotlarini yozdi, sportdagi yutuqlari esa geometrik yo‘nalishda o‘sib bordi.

Bu mening vaziyatdan chiqish yechimim edi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirishga erishdik. Shu bois, biz, murabbiylar xuddi xaykaltaroshlar singari shaxsni shakllantirishimizni doim takrorlayman.

Men e’tibor topmagan, o‘ziga ishonmagan, hayotida imkoniyatlari bo‘lmagan bolalarga yordam bera olganim uchun o‘z kasbimni sevaman. Ular mening qo‘limdan tutib bu yo‘lni bosib o‘tishi, o‘zini kashf qilishi va o‘z “zafar daqiqasiga” ega bo‘lishi mumkin.

Mening vazifam – yonimga kelgan har bir bolaga yordam berish.

  • O‘zingizni ko‘proq kim sifatida his qilasiz – sportchimi yoki murabbiymi?

Ikkalasini ham yaxshi ko‘raman, ammo murabbiylik baribir tosh bosadi. Hozir mening vazifam – yonimga kelgan har bir bolaga yordam berishdan iboratligini tushunaman.

Ba’zan Instagram’dagi sahifamga yozib, mening murabbiyligim ostida shug‘ullanishni juda istashlarini, ammo bunday imkoniyatlari yo‘qligini yozishadi. Shunda men bu odamga qo‘ng‘iroq qilib, shaxsan taklif qilaman. Ko‘pincha ko‘chalarda ham yonimga kelishadi yoki men o‘zim tashabbus ko‘rsataman: agar 4-5 yoshdagi bolani ko‘rsam va salohiyatini his qilsam, uning yoniga borib, bepul sinov darsiga taklif qilishimga hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi.

Bugun o‘z murabbiylarim jamoasi va Art & Swim suzish maktabim mavjud. Shuningdek, biz ota-onalarga bolalar bilan o‘zaro muloqot qilishda yordam berib, ular turli sabablarga ko‘ra sezmaydigan muammolarni ko‘rsatamiz.

Dinara Ibragimova: “Doim yanada yetuklikka intilganman”, 7ladies.uz

  • Sizda qancha bola mashq qiladi?

Hozir yuzdan ortiq. Umuman olganda esa, Art & Swim maktabining 13 yillik faoliyati davomida o‘quvchilarimning umumiy soni bir yarim mingdan oshgan – shu sondan keyin sanashdan to‘xtaganman. Hisoblar va hujjatlardan ko‘ra, ko‘proq vaqtimni shogirdlarim bilan o‘tkazishni afzal bilaman. Yaxshisi ular bilan birga borib pitsa yeganim ma’qul!

  • O‘quvchilaringiz bilan birga pitsa yeysizmi?

Ha, shunaqasi ham bo‘ladi. Menda hissiyotlar junbushga kelishi zarur bo‘lgan shogirdlar bor. O‘smirlik davri o‘zgacha taassurotlarni talab qiladi, shu bois yaqinda straykbol o‘ynagandik. Bir safar esa bolalar o‘z maqsadi va yutuqlarga xuddi qoyadek tirmashib chiqish kerakligini tushunishlari uchun qoyaga chiqish mashqiga bordik.

Mening avlodim o‘z tanlovining to‘g‘riligini oxirigacha tushunib yetmasdan, maqsadga erishishga yanglish vaqt sarflagan. Shuning uchun men bolalar bilan tajribamni o‘rtoqlashaman va bolalar o‘zini yangi narsada sinab ko‘rishni istaganida yordam beraman. Ulardan biri o‘zini murabbiy rolida ko‘rayotgan bo‘lsa, buni menga yordamchi sifatida xotirjam amalga oshirishi mumkin. Men ularga o‘zini topishda, hayotda to‘g‘ri tanlov qilishda yordam beraman. Hamma o‘quvchilarim bilan munosabatim ishonchga asoslangan.

  • O‘zingizni qattiqqo‘l deya olasizmi?

Ha, men qattiqqo‘lman. Biroq, birinchi navbatda o‘zimga nisbatan. Sportchilar o‘yinning shu qoidalarini qabul qilishga majbur: o‘zimga qo‘yadigan talablar avtomatik tarzda ularga ham aks etadi.

Bu hislatni menda ustozlarim tarbiyalagan. Ular mening go‘yoki mayoqlarim edi: Lixsiyer Tatyana Anatolyevna murabbiy bo‘lishimga ilhomlantirgan bo‘lsa, Piontkovskaya Alina Nikolayevna ikkinchi onamga aylangan. Ular men uchun juda qadrli insonlar, ulardan cheksiz minnatdorman.

 

Men doim hozirgidan yetukroq darajaga erishishga intilaman. Menda xoreografiya bilan muammolar borligini tushunganimda, xoreografning oldiga borib o‘z ustimda ishlaganman. Raqslardan keyin menga artistlarga xos ustalik yetishmaganini tushundim – o‘shanda aktyorlik mahorati kurslariga yozilganman, so‘ngra raqqosa sifatida birinchi marta 5000ta odam oldida katta sahnaga chiqqanman. Meni qizlar yillar davomida navbatda turadigan xonanda Shaxzodaning oltin tarkibiga qabul qilganlar.

  • Musobaqalardagi eng esda qolgan voqeani aytib bera olasizmi?

Mening birinchi juftlikda chiqishim. O‘sha kuni bizni butun dunyo tomoshabinlari qo‘llab-quvvatlagandi, aynan o‘shanda men yo‘lni bekorga bosib o‘tmaganimni tushungandim: barcha mehnatim, nizolarim va boshqa qiyinchiliklar birgina lahza bilan butunlay oqlandi. Barcha mamlakatlarning bayroqlari ko‘tarilganida qalbim hissiyotlarga to‘lib toshgan edi. Darhaqiqat, bu sport faoliyatimdagi eng yorqin lahza edi.

 

Namoyishdan keyin Rossiya sinxron suzish bo‘yicha terma jamoasi bosh murabbiyi, mening yulduzim – Tatyana Pokrovskaya yonimga kelib, Moskva viloyatidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga taklif qilgan. Men joyimda qotib qolgandim va bunga ishongim kelmasdi.

Oldimda qiyin tanlov yuzaga kelgandi. Uyda, O‘zbekistonda, hamma narsa, jumladan ish, sport – ko‘p taklif va muvaffaqiyat bor edi. U yerda meni nima kutyapti – noma’lum, axir o‘sha vaqtda katta yoshga yetgan sportchi va shakllangan murabbiy edim,

Biroq, men qaror qildim. Shu safar uchun hattoki qarz olishimga to‘g‘ri kelgan. Rossiyaga yetib borgach, mutlaqo boshqa hayotga guvoh bo‘ldim. Keyinchalik men uchun bu tasavvurimni butkul o‘zgartirib yuborgan juda muhim va oqlangan qadam bo‘lganini anglab yetdim!

Dinara Ibragimova: “Doim yanada yetuklikka intilganman”, 7ladies.uz

  • Bu qanday bo‘lgan?

Rossiya terma jamoasi tarkibida o‘tkazgan vaqtimda hayotimni qaytadan tushunib yetdim. O‘shanda menda o‘ziga xos yulduzlik kasalligi bo‘lgan, ammo bazada shunchaki ko‘pchilikning bittasiga aylandim. U yerda meni birinchi kundan yaxshi qarshi olishmadi. Hech kim Tatyana Nikolayevnadan taklif olganimni bilmasdi. Birinchi mashg‘ulot uchun zalga kirganimda, murrabiy menga “Zalda senga joy yo‘q” degan.

O‘shanda ko‘ngimdan nimalar o‘tganini tasavvur qila olasizmi? Men orzuimga erishish va bu yerga kelish uchun oxirgi pullarimni sarflagandim, meni esa bunday kutib olishdi.

Mashg‘ulotlar men uchun jahannamga aylangan – u yerda olimpiya chempionlari darajasi. Avvaliga bu sportchilar bilan shunchaki raqobatlasha olmasdim. Birinchi sinovda boshqa sportchilardan yuz metrga ortda qolib, eng yomon natijani ko‘rsatganman.

Biroq, yetti kundan keyin boshqa sportchilarga yeta boshladim, uchinchi haftada esa avval mendan o‘zganlar bilan tenglashdim.

Men hafta sayin shunchaki jon saqlashga harakat qilardim. Faqat men bunchalik qiymalmaganman, bunday zo‘riqishga dosh berolmaganlar ham ko‘p bo‘lgan. Oxirgi mashg‘ulotga yig‘inga kelgan 30ta sportchidan 11 nafari chiqqan. Ko‘pchilik chiday olmagandi. Men qattiq qiynalganman, ammo buni ko‘rsatmasdim va umidimni yo‘qotmasdim.

Natijada, meni sovuq qarshi olgan umumiy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy birdan fikrini keskin o‘zgartirib, hammaning oldida mendan uzr so‘ragan.

O‘zbekistonga mutlaqo boshqa odam bo‘lib qaytdim. Shikoyat qilishni, o‘zimni oqlashni to‘xtatdim.

  • Kelajakka rejalaringiz qanday?

Bolalar sportini rivojlantirishni, kadr zaxiralari bilan shug‘ullarishni, murabbiylar uchun kurslar tashkil qilishni istayman. Sinxron suzish katta moddiy imkoniyatlar bilan maqtana olmaydi va undan yaxshi foyda kelmaydi. Hozir klub shaklidagi tizimni ishga tushirish jarayonidaman, yana yiliga bir marta Iste’dodlar festivalini o‘tkazishga harakat qilaman. Bu tadbir tashkilotchiligini boshlaganimda bizda hamma ko‘rishi va bilishi kerak bo‘lgan hech kim bilmaydigan iqtidor egalari ko‘pligiga ishonch hosil qildim.

Dinara Ibragimova: “Doim yanada yetuklikka intilganman”, 7ladies.uz

  • Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi: sportchilar suv ostida sinxronlikni saqlagan holda, bir-birini qanday qilib sezishi va ko‘rishi mumkin?

Bizda hammasi, joylashuvdan tortib eshish kuchigacha avtomat darajasiga yetkazilgan. Aslida bu yaxlit bir jarayon.

Ko‘zoynaklarni yechganimizda organizm stress holatida bo‘ladi, ko‘zlar hech narsani ko‘rmaydi, shu bois o‘z hislaringga tayana boshlaysan. Sinxron suzuvchi tajribasi davomida boshqa sportchi qayerdaligini his qilishni va boshqalarni o‘rganadi. Bularning barchasini suv dinamikasi, yoningdagi eshish kuchi, hattoki sherining xarakteri bo‘yicha aniqlash mumkin.

Sinxron suzish menga doim odamlar bilan muloqotda yordam bergan. Basseyndagi zaif ko‘rish holati aslida haqiqiy hayot uchun ajoyib mashq hisoblanadi. Sinxron suzish – faqat go‘zallik degani emas, bu yetuk sport turi. Agar prognoz qila olmasang, taktika qobiliyatiga ega bo‘lmasang, sportning bu turida omadga erishishda imkoniyating juda kam.

  • Siz yana model bo‘lib ham ishlaysiz. Kamerani yaxshi ko‘rasizmi?

Rostini aytsam, bolaligimdan kamerani yoqtirmayman. Yodimda, bir safar raqs mashg‘ulotlariga kelganimda, kamerani menga qaratib qo‘yishgan. O‘shanda qayerga yashirinishni bilmagandim. Kamera qarshisida bo‘lish yoqmaydi, suratga tushishni ham yomon ko‘raman. O‘zimga nisbatan juda tanqidiy qarayman.

 

O‘zimni hech qachon bloger hisoblamaganman, ammo men ishtirok etadigan barcha reklama integratsiyalari menga kayfiyati bilan yaqin. Menga yoqmaydigan nimanidir reklama qilmayman. Hamkorlik uchun o‘rtada qandaydir aloqa yuzaga kelishi kerak. Men haqiqiy bo‘lishni istayman. 7SABER bilan ham shunday bo‘ldi.

Dinara Ibragimova: “Doim yanada yetuklikka intilganman”, 7ladies.uz

  • Bir marta intervyu chog‘ida Siz ishingiz bilan “turmush qurganingizni” aytgandingiz. Hozir ham shundaymi?

Ha, hammasi xuddi shunday. To‘g‘risi, hozir menda o‘zim uchun vaqt topishni istaydigan davr boshlandi. Faqat buni faoliyatimga zarar yetkazmagan holda qanday amalga oshirishni bilolmayapman. To‘xtashdan, vaqtimni yo‘qotishdan, lahzani boy berishdan, foyda keltirmay qolishdan qo‘rqaman.

Men uchun oila bu katta va yetuk odamlarning ittifoqi. Oilam paydo bo‘lganida unga nimadir bera olishim haqida doim orzu qilganman va men moddiy emas, ma’naviy narsalarni nazarda tutyapman.

Albatta, bu orzuim amalga oshishini istayman. Men hech qanday harakat qilmayman – hammasini Borliq hukmiga qoldirganman. U meni yaxshi ko‘radi, shu bois hammasi qanday belgilangan bo‘lsa, shunday bo‘ladi, degan fikrdaman.

  • Oila qurishga tayyormisiz?

Menimcha, ha. Biroq, aksariyat tashqi ko‘rinishim va yutuqlarim tufayli meni o‘lja sifatida qabul qiladi. Yoshim kattalashgani sari odamlarni va ularning istaklarini ko‘proq tushuna boshladim. Meni ko‘p sonli va qadrdon sportchi oilam bilan birga qabul qiladigan erkak kerak!

Bilasizmi, men shogirdlarim tanlagan juftlarga ham o‘ta talabchanman. Biron nojo‘yalikni ko‘rsam, bu masalani hal qilishga urinaman. Agar yigitning niyati jiddiy bo‘lsa, men bilan suhbatlashish uchun kelishini so‘rayman. Men o‘quvchilarimga faqat yaxshisini berishni istayman. Har bir shogirdimga chin qalbimdan samimiy baxt tilayman!

Текст:
Фото: ,