Skip to main content

So‘nggi paytlarda Keyt Middlton ommaviy axborot vositalari e’tiborini har doimgidan ham ko‘proq jalb qilmoqda. Endi u bo‘lajak qirolicha – omma oldida chiqishlar bilan birga qilinadigan ishlar ham ko‘paydi. Kichik shahardan chiqqan oddiy kamtarin qizaloq qirollikning hurmatli kishisiga aylanib, Britaniya toji fuqarolarining qalbini zabt etadi, deb kim ham o‘ylabdi deysiz!

Oddiy qizaloq

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Keyt Middltonning ota-onasi o‘rtasidagi munosabatlarini “ishdagi ishq” deb atash mumkin: uchuvchi va styuardessa bir-birlariga ko‘ngil qo‘yishadi, ingliz cherkovida nikohdan o‘tishadi, ikki yil o‘tib esa ularning oialsida taqdiriga qirollikning muhtarama xonimi bo‘lish bitilgan katta qizi dunyoga keladi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Keyt hayotining dastlabki yillarini Tumanli Albionda o‘tkazadi. Middltonlar oilasi 2 yil Iordaniyada yashashganini ko‘pchilik bilmaydi. Angliyaga qaytgacha, ota-ona qizchani xususiy maktabga berishadi, o‘zlari esa tadbirlarni tashkillashtirish bo‘yicha millionlab foyda keltirayotgan bizneslarini faol rivojlantirib borishadi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Shu vaqtning o‘zida qizaloqdagi san’at va sportga chin dildan muhabbat o‘zini namoyon qila boshlaydi. U tennis, xokkey, netbol, yengil atletika bilan shug‘ullanadi va o‘qishda yaxshi natijalar ko‘rsatadi. Malboro kollejida Keyt Edinburg gersogi (qirolicha Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i) dasturini eng yuqori oltin daraja bilan yakunlaydi va Vindzorlar oilasi bilan “uchrashuv” bo‘lib o‘tadi.  

Kollejni tamomlash Keytni hanuzgacha savollar ostida qolayotgan qarorga undaydi. Nahotki u buni atay qilgan bo‘lsa?

“Shahzodaga tashlangan qarmoq”

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

1990-yillarning oxiri – 2000-yillarning boshi universitet oldidan o‘qish ta’tili (gap year) olish urfga kirgan davrlar edi. Keyt Middlton ham shunday qildi. Qizaloq hayotda nima bilan shug‘ullanishni xohlashini tushunib olmoqchi edi. Bu vaqt ichida u Italiya va Chilida bo‘ldi. Florensiyada Keyt italyan tilini faol mashq qila boshladi, suratkashlik qildi va tarixdan ma’ruzalar tingladi. Ehtimol, aynan o‘sha lahzada suratkashlik va san’at uning jon-u dili ekanini  tushunib yetdi. (Keyinroq u qirollik oilasi a’zolarining ko‘plab suratlarini oladi, suratlar turli jurnal sahifalarida va ijtimoiy tarmoqlarda chop etiladi). Italiyadan so‘ng u Chiliga yo‘l oladi va xayriya loyihasida ishtirok etadi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Nima uchun gap year olish qarori mush-mishlarga sabab bo‘ldi? Keyt shahzoda Uilyamga “qarmoq tashlaganlikda” ayblanadi. Axir u o‘qishdan ta’til olmaganida, u bo‘lajak turmush o‘rtog‘idan bir kurs yuqorida o‘qigan bo‘lardi. Shunda ular uchrashgan bo‘lisharmidi? Bir nima deyolmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, merosxo‘rning  o‘zi ham universitetga kirishdan avval xayriya ishi bilan shug‘ullanishga qaror qilgan. Nima, bu tasodifmi?

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Sent-Endryu universitetida Keyt asosiy yo ‘nalish sifatida san’at tarixini tanladi. Xuddi shu fan uning b‘lajak turmush o‘rtog‘ining dasturidagi eng asosiysi bo‘lgan. Hech qanaqa munosabatlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi, chunki qizning bunga vaqti yo‘q edi. To‘g‘ri, Uilyamga talaba qizlarning e’tiborini tortish yoqardi, biroq bularning barini bir moda namoyishi o‘zgartirib yubordi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

2002-yili Keyt xayriya yo‘lakchasida chiqishga qaror qiladi, u yerda podium bo‘ylab nihoyatda ochiq ko‘ylakda ko‘rinish berishi lozim edi. Mish-mishlarga qaraganda, uni bu ko‘rinishda ko‘rgan Uilyam do‘stiga shunday deb pichirlagan: “Vau, Keyt – juda ketvorgan qiz-da!” bir necha oy o‘tgach, ularning o‘rtasida nimadir bor, biroq saroy buni rad etgan, degan ovoza tarqaldi. 2004-yildagina barini inkor qilish befoyda bo‘lib qoldi, axir, juftlik alohida kottejni ijaraga olishgandi. Shu daqiqadan boshlab Buyuk Britaniyadagi barcha paparatsi kameralari qizga qaratildi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Waity Katie

Jurnalistlarni hech narsa to‘xtata olmasdi. Ular oshiq shahzoda Uilyamni hamma yerda ta’qib etishardi: do‘konlarda, uydan chiqaverishda, mashinani to‘xtatayotganida, ishda. Hatto foromuxbirlar shaxsiy hududga bostirib kirgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Bunday bosim munosabatlar foydasiga ishlashi dargumon edi, buning ustiga, taxt vorisi umuman harbiylik kasbini tanlashga va uchuvchilar maktabida ta’lim olishga qaror qildi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Keyt barchasini nazorat ostida ushlashga harakat qildi. OAV da uni bekorchilikda ayblashdi – u ishga kirdi, o‘ta kalta yubkasi uchun tanqid qilishdi – obrazini o‘zgartirdi. Biroq unga Waity Katie (kutuvchi Katie) tamg‘asini bosishganida uning qo‘lidan hech narsa kelmadi. Shahzoda uning qo‘lini so‘rashga shoshilmadi. Ular ko ‘p vaqtini alohida o ‘tkazishdi, keyinchalik, 2007-yilda esa, Uilyamning klubdan quchog‘ida ikki qiz bilan chiqayotgani aks etgan suratlari tarqaldi.

Bo ‘lajak gersoginya favqulodda kutilmagan fe’l-atvorini namoyon qildi. U sevgilisi bilan aloqani uzdi va matbuotdan yashirinishni bas qildi. Keyt imkon qadar ko‘proq vaqtini ko‘chada, ziyofatlarda o‘tkazdi. Asosiysi – uslubini o‘zgartirdi. Sipo ko‘rinishdagi klassik universitet talabasidan asar ham qolmadi. Endi faqat kokteyl liboslarga o‘tildi. Paparatsi hayratda qolgandi, omma esa Keytni qo‘llab-quvvatladi – uning jasurligini olqishlashdi. Juftlik malika Diana  xotirasiga o‘tkazilgan konsertda munosabatlarini qayta tikladi. Kamera obyektivi qarshisida sobiq yigitingizga orqa o‘girib o‘tirishni tasavvur qilib ko‘ring-a. Biroq, aytishlaricha, ayan shu uchrashuv ularning munosabatlarini qayta tiklagan.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Tez orada saroy Keyt va Uilyamning yana birga ekanliklarini tasdiqladi. 2010-yilda ularning unashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bo‘lajak qirollik muhtaramasi bilan urfga kirgan “hodisa” – “Keyt effekti” sodir bo‘ldi. U nima kiymasin, sotuvda unga talab nihoyatda oshib ketardi. U nikoh marosimiga kiygan Issa brendining ko‘k rangli ko‘ylagi shunchalik zo‘r muvaffaqiyati bilan hayratda qoldirdiki, uni “kichik ko‘k libos” deya nom berishdi (“Chanel kichik qora libosi”ga o‘xshatma qilgan holda). 

Keti faol tarzda tantanaga faol tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Butun Angliya hayajonda edi. Marosim ipidan tortib ignasigacha – mehmonlar ro‘yxatidan tortib gulchi ayollarning guldastasigacha muhokama qilindi. 2011-yilning 29-aprelida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida kelinchak McQueen libosidagi bekamu-ko‘st obrazda namoyon bo‘ldi. Uning nikoh libosidagi hatto kashtasining ham ma’nosi bor edi: qushqo‘nmas, beda guli, atirgul va nargiz gullari – Birlashgan Qirollikning bosh ramzlari hisoblanadi. Keyt britaniyaliklarning qalbini zabt etdi. Biroq u shahzoda uchun yaxshi rafiqa, eng asosiysi, gersogina bo‘la oladimi?

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Kembridj gersoginyasi 

Bugungi kunda Keyt hammasini a’lo darajada yengib o‘tdi. Avvaliga hech kim Keytga mulozamat qilishga tayyor emasdi. Ustiga-ustak Kembrij gersoginyasining o‘zi tajribasizlik sabab ketma-ket xatolarga yo‘l qo‘ygan. Hammasi asal oyi davrida, juftlik yaxtada suratga tushganlaridan so‘ng boshlandi. Bugun o‘sha suratlarni topish mushkul. Shahzoda Uilyam sevgilisini himoya qildi va qirollik muhtaramasining kiyimsiz tushgan barcha kadrlar olib tashlandi. 

Navbatdagisi esa rasmiy tadbirlar mobaynida Kembrij gersoginyasini “Merilin Monro” uslubidagi yarashmagan libos kiyib chiqqani bo‘ldi: sal esgan shamolda ham uning etaklari yuqoriga ko‘tarilib ketardi. Taniqli shaxs uchun bu arzimas narsadir, biroq qirollik oilasi a’zosi uchun emas. Bunday xatolar shahzodaning rafiqasi uchun nojozi sanaladi, shu sabab ham Keyt bundan o‘ziga xulosa chiqarib olishiga to‘g‘ri keldi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Keyingi rasmiy tadbirlarda paydo bo‘lgan va xayriya loyihalarini yo‘lga qo‘ygan paytda gersoginya bekam-u ko‘st edi: ortiqcha gap-so‘zlarsiz, tag ma’noli imo-ishoralarsiz. Shahzoda bilan uchrasha boshlagan paytlaridanoq Keytni tinimsiz malika Diana bilan solishtirishar edi. Biroq biroz vaqt o‘tgach, qirollik oilasi Kembrij gersoginyasi ancha bosiq degan xulosaga kelishdi. Keyt o‘ziga hech qanday mojaroning unga ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymadi, bu esa uning foydasiga ishlaydigan ustunligi edi. Biroq saroy, albatta, fitnalarsiz bo ‘lmaydi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Keytning hayotining eng muhim bosqichi – farzandlarini dunyoga keltirishi bo‘ldi. 2012-yilda u homilador bo‘ldi. Britaniyaliklar bu lahzani qanchalik intiqlik bilan kutishganini so‘z bilan ta’riflash amrimahol. 2013-yilning 22-iyulida, hozirda Britaniya taxtiga ikkinchi da’vogar bo‘lmish shahzoda Jorj dunyoga keldi. Bir yil o‘tgach, Keytning ikkinchi marta homilador bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqni katta buvisi va buvisi sharafiga – Sharlota Yelizaveta Diana deb ism qo‘yishdi. 2018-yilda juftlik uchinchi farzandi, barchaning suyuklisi va memlarning ilhom manbai – shahzoda Luini qo‘liga oldi.

Aftidan, Ketrinda hammasi risoladagidek: u ajoyib ona, mehribon rafiqa, mukammal gersoginya. U faqat bir narsa – kelinoyisi Megan Markl bilan til topisha olmadi. Munosabatlarda aynan nima xató ketgani hech kimga ma’lum emas. Katta ehtimol bilan, ayollar o‘rtasidagi do‘stlikka (agar u bo‘lgan bo‘lsa) arzimas voqealar sabab ast-sekinlik bilan darz keta bordi. Boshqalardan yarq etib ajralib turuvchi va faol Megan saroy ko‘z oldida go‘yo inqilob qilmoqchi bo‘ldi. Keyt an’analarga sodiq, fe’l-atvorini tiyishga va turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini olishga harakat qilardi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Gersoginyalar o‘rtasidagi munosabatlardagi mayda ixtiloflar Megan Markl va shahzoda Garrining qirollik majburiyatlaridan iste’foga chiqqanidan keyin nashr etilgan ko‘plab intervyulari tufayli ma’lum bo‘ldi. Kim haq, kim nohaq ekani haqida ancha tortishish mumkin edi. Sasseks gersoginyasining so‘zlariga qaraganda, munosabatlarning malika Sharlottaning libosi va matbuot anjumani uchun olib turilgan lab bo‘yog‘i sabab bo‘lgan. Keyt bu borada hech qachon og‘iz ochmagan, har holda uning fikrini eshitish ancha qiziq bo‘lardi.

Bo‘lajak qirolicha

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Aytish mumkinmi, biz hozirda Keyt Middlton hayotidagi eng qiziqarli bosqichni kuzatib turibmiz. Qirolicha Yelizaveta II ning o‘limidan so‘ng, u Uels malikasi unvonini oldi. Bundan avval bu unvon faqat malika Dianaga tegishli edi (texnik jihatdan olib qaraganda bu faxriy nom qirolicha Kamillaga tegishli edi, biroq u unvonni rad etishni ma’qul ko‘rgan).

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Endilikda Keyt Buyuk Britaniya qirolichasiga aylanishga yaqin yo‘lda turibdi. Imidjini o‘zgartirganiga qaraganda, Uels malikasi kelajakka jiddiy yondashuvga kirishganga o‘xshaydi. Ta’kidlash joizki, u bir necha marotaba uslubini o‘zgartirdi. Birinchi martasiga, uning shahzoda bilan munosabatlari jiddiyligi hammaga tushunarli bo‘lgandi. Uning garderobi qirollik hashami aks etgan sipo kiyimlar bilan to‘ldi. Ikkinchi martasiga esa – endi u Uilyamning bo‘lajak rafiqasi edi. Gersoginya garderobida tartib-intizomga to‘la mos keladigan ko‘ylak-palto paydo bo‘ldi. Yelizaveta II dress-kodga rioya etish masalasida juda nozik tabiatli inson edi. Keyt o‘z liboslari bilan urfga rioya qilgan holda qirolichani ranjitmaslikning uddasidan chiqdi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Yangi, uchinchi bosqichda esa malika shimli kostyumlarga o‘tdi va garderobida power dressing dan faol foydalanmoqda. Stilistlar Keytning obraziga smart casual elementlarini uyg‘unlashtirib boradilar, bu esa jamoatchilikka qirollik muhtaramasini oddiy britaniya fuqarosi bilan birdam ekanligini bildirib turadi. U hozir, to‘g‘risi, avvalgidek iltifotli ona obrazidan ko‘ra ko‘proq biznesvumenga o‘xshaydi. Farzandlari ulg‘aygani sari Keyt obrazini o‘zgartirishi mutlaqo ehtimoliy hodisa. Endi u marosim va tadbirlarda shahzoda Uilyamsiz o‘zi ko‘rinish bera oladi. Saroy uning qirolichalik roliga faol tayyorgarlik ko‘rayotganligi turgan gap. Homiylik va tadbirlar soni ko‘paydi. Kayfiyatning ham o‘zgarganligi kishini quvontiradi. Endi Keyt o ‘ziga quvonishga, hazillashish va shunchaki o‘zi bo‘lishga imkon bera oladi.

Mukammal Keyt, 7ladies.uz

Kelajakda Keyt Middlton qirolichaga aylanganida, uning yana bir qiyofasini ko‘rish oldimizda turibdi. Shahzodaga ko‘ngil qo‘ygan va butun mamlakatni qoyil qoldirishning uddasidan chiqqan oddiy qizaloqning hikoyasi hali nihoyasiga yetgani yo‘q

Текст: