Manija “Armon” filmida suratga tushgani hamda hayotidagi eng murakkab sinov haqida
Xonanda Manija o‘zini yangi amplualarda sinab ko‘rmoqda. Shu yil yozda u farzandli bo‘ldi va oktabrda birinchi konsertini o‘tkazdi. Yana u BWG Production tomonidan suratga olingan jadidchilik tarixi haqidagi “Armon” hujjatli filmida suratga tushdi. Xonanda 7LADIES tahririyatiga bergan intervyusida tayyorlanayotgan premeraga doir sirlarni oshkor etib, qizi uchun ismni qanday tanlagani hamda yaqin orada qanday musiqani chiqarishni rejalashtirgani to‘g‘risida gapirib berdi.
Noyabr oyida O‘zbekiston ekranlarida BWG Production tomonidan 7SABER ko‘magida suratga olingan “Armon” filmi namoyish etiladi. Film ikki davr to‘qnashuvida mamlakatimizda ta’lim va madaniyat sohasida mislsiz hissa qo‘shgan taraqqiyotchilar – jadidlar haqida. BWG Production jamoasi O‘zbekistonning buyuk ma’rifatchilari va ularning fojiali taqdirlari to‘g‘risidagi hikoyani so‘zlab berish uchun yetakchi tarixchilar va jadidlarning avlodlari bilan muloqot qilishga erishdi.
Film “murakkab bog‘langan, nomuntazam, og‘riq bilan singdirilgan, xuddi davrning lakmus varag‘iga o‘xshab chiqdi”, – deya ta’rifladi tasma rejissyori Ruslan Saliyev.
Jadidchilik atrofida yuzaga kelgan chalkash afsonalar va uydirmalar labirintini yoyishda hamda o‘sha davr qahramonlarining yorqin qiyofalarini tiklashda unga zamonaviy madaniyatning ko‘plab mashhur arboblari yordam berdi. Rejissyor, jumladan Manijaga alohida minnatdorlik bildirdi.
Xonanda kartinada qanday rolni ijro etgani va bu tajriba uni nimalarga o‘rgatgani, shuningdek sevimli qizalog‘i, baxtiyor onalik tamoyillari va ijodiy rejalari haqida uning o‘zidan so‘radik.
- Siz jadidchilik tarixiga oid “Armon” filmini suratga olishda ishtirok etdingiz, kinolenta premerasi noyabrga belgilangan. Loyiha yoki undagi rolingiz haqida biron-bir tafsilotlarni oshkor qila olasizmi?
Bir oz ma’lumot berishim mumkin. Aslida, bu juda katta ma’lumot ham emas. Bu filmda men qo‘qonlik buyuk shoira Anbar Otin obrazini yaratishga harakat qilyapman. Uning rolini o‘ynash aynan menga ishonib topshirilganidan juda faxrlanaman. Umuman olganda, bu shunchaki rol o‘yini emas. Bu musiqa, bu uning she’riyati va rejissyorning o‘ziga xos qarashi.
Suratga olish jarayoni menga juda manzur bo‘ldi. Xususan, jarayonning barcha ishtirokchilari Markaziy Osiyo va sharqona madaniyat noyobligiga urg‘u bergan holda, filmga bag‘ishlagan go‘zallikdan zavqlandim. Biroq asosiysi, mening qahramonim, albatta. U oddiy shoira emas. Uning hikoyasi hech kimni befarq qoldirmaydi.
Menimcha, Anbar Otin o‘zining qudratli vazifasini ommalarga tarqatgan: u “noqulay” mavzularni gapirgan, jamiyat muammolarini oshkor etgan. Buning uchun kimlardir uni hurmat qilsa, boshqalar u qadar yoqlamagan. Va unga qarshilar, o‘ch olish istagida yurgan. Dushmanlar unga jismoniy jarohat yetkazgan. Shoira dadil qarashlari sababli shafqatsiz kaltaklangan va yurish imkoniyatini yo‘qotgan. Lekin, yotog‘iga mixlangan holda ham, baribir she’r yozishdan to‘xtamagan. Juda kuchli ayol. Uning hayoti meni ilhomlantirdi. Men hattoki hozir, 2023-yilda ham Anbar Otin odamlarning yodida ekanligidan, o‘zi va qo‘shgan hissasi hamon hurmatga sazovorligidan hursandman. Menda uning taqdiri va ijodiga yaqinlashish imkoniyati paydo bo‘lganidan mamnunman.
Anbar Otin hikoyasi bizga hattoki eng dahshatli vaziyatlarda ham o‘zlikni saqlab qolish kerakligini o‘rgatadi. Ba’zan bu juda qiyin kechadi, ammo uning misolida to‘xtab qolmaslik, hattoki barchasi ma’nosiz bo‘lib tuyulganida ham, yaxshi ko‘rgan va bilgan ishingni davom ettirish qanchalik muhimligini tushunib yetasan.
- Shu yil iyulda Siz farzandli bo‘ldingiz, va bu bilan Sizni tabriklaymiz! Qizingizni juda chiroyli – Oliviya ismi bilan atadingiz. Nima sababdan unga bu ismni berdingiz, uzoq vaqt o‘yladingizmi?
Bilasizmi, bu ism onamning tushlariga kirgan. Ular ismni aytib, meni ham tortib ketdilar. Shu kunning o‘zidayoq buni turmush o‘rtog‘imga aytdim (mashhur rejissyor Lado Kvataniya. – Tah. izohi), va unga ham yoqdi. Shu bois tanlovni juda tez, qizim tug‘ilgunicha qildik. Eng qizig‘i, bu ism unga juda mos keladi! Oliviya meni har kuni quvontiradigan noyob qizaloq.
- Ijtimoiy tarmoqlardan kuzatadigan bo‘lsak, Siz butunlay onalikka sho‘ng‘ib ketgansiz. Sizningcha, ona bo‘lish qanday holat?
Aytishim mumkinki, bu eng qiyin sinov. O‘z fikrlaring, qo‘rquvlaring, o‘zingga ishonch yo‘qligi, yana atrofdagi zararli odamlar tufayli qiyin. Ehtimol, ular senga hech qanday yomonlikni ravo ko‘rmas, ammo nimagadir hamma so‘ralmagan maslahatni berishga, bolani qanday ovqatlantirayotganingni, buni to‘g‘ri qilyapsanmi yoki yo‘qmi, bilishga urinadi. O‘zi to‘g‘risi qanday bo‘ladi? Hech kim tushuntirib bera olmaydi. Eng beriladigan savol: “Soska berasanmi?” (Kuladi). Hozirgacha bu savolga qanday javob berishni bilmayman. Ammo onalik meni yangidan kashf etmoqda. Davomida nimalar bo‘lishi juda qiziqarli!
- Tug‘ruqdan keyin ancha tez fursatda avvalgi holatingizga qaytdingiz. Buni qanday uddaladingiz?
To‘g‘risini aytsam, hech kimga men kabi avvalgi holiga qaytishni tilamagan bo‘lardim! Kesarcha kesishdan keyin menda juda kuchli pankreatit huruji yuz berdi, chunki homiladorlik davrida hamma narsani va katta miqdorlarda yerdim, hatto aytishga ham qo‘rqaman! Pankreatit meni qattiq quchog‘iga olib, uzoq vaqt qo‘yib yubormadi. Odamlar aytganidek, havo bilan oziqlanishga to‘g‘ri keldi: faqat qaynatilgan, tuzlanmagan mahsulotlar. Bu haqiqiy dahshat edi! Ayniqsa, o‘zingni qo‘llash uchun biron issiqroq, mazali narsa yeyishni istaydigan onalikning birinchi oylarida. Menda bunday imkoniyat bo‘lmadi. Ammo yoqimli bonusga ega bo‘ldim: haqiqatdan ham ko‘rinishim yaxshi. Biroq, irsiyat ham katta ahamiyatga ega.
- Siz Telegramda dekret uzoqqa cho‘zilmadi deya istehzo bilan yozgandingiz. Oktabr boshida Dubayda konsert berishga ulgurdingiz, unda qizingiz eng kichik tomoshabin bo‘ldi. Ishga shuncha tez qaytishga to‘g‘ri kelganidan afsuslanmaysizmi?
Ha, hozir butkul ishga sho‘ng‘ib ketganman va Dubaydagi konsertni samimiy quvonch bilan o‘tkazdim. Men sahnani sog‘ingandim. Menimcha, zaldagilar buni his qilishdi. Qayta aloqaga chiqish juda ko‘p bo‘ldi. Odamlar “Manija, o‘zingdan nur taratgandek bo‘lding!” deyishardi.
Men bolamni juda yaxshi ko‘raman va qizim bilan vaqt o‘tkazish yoqadi, ammo o‘z qiziqishlarimni unutmaslik ham men uchun muhim. Qizim meni baxtli, o‘ziga ishongan, o‘zini topa olgan odam sifatida hamda katta hayot zerikali emasligini ko‘rishi uchun harakat qilaman. Katta hayot – hammasini faqat bola uchun qilish degani emas. Keyinchalik u o‘zini aybdor his qilishini xohlamayman. Biz qizim bilan eng yaqin dugona bo‘lishimizni hamda birgalikda quchoqlashgan holda dunyoning barcha samolyotlariga, jahonning barcha sahnalariga chiqishimizni istayman. Buning qo‘rqinchli yeri yo‘q. Aksincha, bularni birgalikda amalga oshirishimiz ajoyib!
- Ijod va onalikni uyg‘unlikda olib borish qanchalik qiyin?
Nega erkaklarga odatda bunday savol berilmaydi: “Ish va oilangizni birgalikda qanday olib borasiz?” (Kuladi). To‘g‘ri, ayoldan va, birinchi navbatda, onadan ko‘p narsa talab qilinadi. Chindan ham ba’zan hammasini birga olib borish qiyin kechadi. Biroq, mening falsafamga ko‘ra, bola sening hayotingga keladi, sen uning hayotiga emas. Demak, sen uning hayotiga moslashmaysan, aksincha, u senga moslashadi. Fikrimcha, bolalar doim yaqinda bo‘lishi kerak: ishda, uyda, do‘stlarning kechasida. Shu tariqa ular tezroq rivojlanib, haqiqiy hayotga moslashadi va siz muloqot qiladigan doiralarga o‘rganadi. Ishonchim komilki, bunday yondashuv bilan bola ancha baxtliroq bo‘ladi, chunki yonida baxtiyor onasini ko‘radi.
- Ijodiy rejalaringiz qanday? Yangi premyeralarni qachonga kutsak bo‘ladi?
Ijodiy rejalarim ulkan! Albatta, jahondagi hodisalar qattiq halaqit bermoqda, ammo yuz berayotganlar sharoitida musiqa odamlar hamon ishonadigan yagona narsa ekanligini yaxshiroq tushuna boshladim. Shuning uchun ortga chekinishni istamayman. Odamlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, mehr va birdamlik hissini beradigan musiqani yaratishni xohlayman. Menimcha, hozir ko‘pchilikka aynan shular yetishmayapti.