Skip to main content
Shou-biznes olamidagi shov-shuvli voqealarga boy o‘tgan yilni sarhisob qilish vaqti keldi. An’analarga sodiq qolamiz, ammo siyqasi chiqqan ma’lumotlardan chekinamiz. 2023-yilda kasbiy faoliyatida tubdan o‘zgarish sababli ko‘p tilga olinayotgan aktrisalarga diqqatimizni qaratamiz. Qaysi yulduzlar o‘z iste’dodi tufayli muxlislari qalbini zabt etib, shuhrat cho‘qqisiga chiqqani haqida 7LADIES da aytib beramiz.

Bella Ramzi

Shuhrat cho‘qqisi, 7ladies.uz

Yoshi: 20 yosh

Tug‘ilgan joyi: Nottingem, Buyuk Britaniya

Ijro etgan rollari: 29

2023-yilning “Bizlardan birimiz” seriali kelajakda ekranlashtiriluvchi barcha video-o‘yinlar uchun yuqori planka qo‘ydi. Qizaloq Elli rolini ijro etgan yosh aktrisa Bella Ramzi bungacha “Taxtlar o‘yini”da porlagan bo‘lsa-da, mashxurlikning yangi cho‘qqisiga chiqdi. Tomoshabinlarni undagi apokalipsisdan keyingi jamiyatdagi hayotning qo‘rquvi va dahshatliklarini ishonchli tarzda ko‘rsatib bera olgani hayratga soldi. Ekranda Ellining hamrohi rolini ijro etgan sherigi Pedro Paskal bilan aktrisaning o‘rtasida uyg‘ongan ajib hislar yanada qiziqish uyg‘otdi. Shov-shuvli serial Janubiy amerikalik artistni Gollivudning muhim “otasiga” aylantirdi, Bella Ramzi esa ajoyib martabaga erishdi.

«Mening fikrimcha, Elli qahramonini ochib bera olish esa Bellaning iste’dodi tufayli amalga oshdi. Biz o‘yinda yarata olganimizdan ham u qahramonni yaxshiroq jonlantira oldi”, – deya ta’kidladi Ellini kompyuter o‘yinlarida ovozlashtirgan Eshli Jonson.

Хolli Beyli

Shuhrat cho‘qqisi, 7ladies.uz

Yoshi: 23 yosh

Tug‘ilgan joyi: Atlanta, AQSh

Ijro etgan rollari: 28

Yosh aktrisa Xolli Beyli “Disney” studiyasining mashhur multfilmining ekranlashtirilishida suv parisi roli sababli tillarga tushdi. Aktrisa 1989-yildagi asl Arielga umuman o‘xshamasligi boisidan juda ko‘p tanqidlarga uchradi. Ammo u faqat tegishlisinigina oldi. Studiya ishlab chiqarishdan oldingi bosqichda eng katta salbiy ta’sirga duch keldi. “Disney”ni qahramonlarning asliyatiga ziyon keltirgan holda zamonaviy trendlarga moslashishga harakat qilishda ayblashdi. Ammo shunga qaramay, film ekran yuzini ko‘rgach, suv parisiga o‘zgacha mehr bilan yondoshib ijro etgan Beyli tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.

«Mening qahramonim zamon bilan hamnafas. 1989-yil multfilmidagi suv parisi sevgan yigiti uchun hamma narsadan voz kechdi. Lekin bunday harakatlar hozirgi zamon ayollarini ifodalamaydi. Hozir bu hikoya Ariel o‘zi bog‘langan dunyo sababli erkinlikka erishgani haqida. Shahzoda Erik esa – tort ustidagi olcha” – deya intervyuda yosh aktrisa o‘z qahramonini tasvirladi.

P.S. Nafaqat “Suv parisi”dagi asosiy qahramon Beyliga nisbatan e’tiborni tortdi. Kuzda u homilador ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda aktrisa farzand dunyoga keltirishi uchun hali juda yosh ekanligini aytib, muhokama qilishmoqda.

Jenna Ortega

Shuhrat cho‘qqisi, 7ladies.uz

Yoshi: 21 yosh

Tug‘ilgan joyi: Kaliforniya, AQSh

Ijro etgan rollari: 55

Jenna Ortega o‘tgan yili Gollivudga endi yo‘l ochayotgan aktrisalardan biri bo‘ldi, ammo keyin “Vensdey” seriali paydo bo‘ldi. Serial 2022-yilning oxirida ekranlarga chiqdi, biroq uning haqiqiy hikoyasi yanvar bayramlarida boshlangan edi. Asosiy qahramon yosh aktrisani mashhurlarning birinchi qatoriga olib chiqdi, tanqidchilar esa uning yulduzli faoliyatiga ishonishmoqda. Aktrisaning o‘zi Tim Byorton kabi kino sanoatining “haybatli burguti” bilan ishlash imkoniyati hayotda bir bora berilishini juda yaxshi tushunar edi, va shuning uchun suratga olish maydonchasida jon-jahdi bilan harakat qildi. Axir TikTok ni zabt etgan birgina raqsi nimalarga arziydi.

Keyinroq aktrisa jurnalistlar bilan suratga olish ishlari va uni mashhur qilgan loyihaning o‘zi qanchalik qiyin kechganini o‘rtoqlashdi:

«Bir kunda 12-14 soat ish, keyin Zoom orqali darslar uchun uyda yoki uyimga tashrif buyurgan ustozimning musiqa bo‘yicha darslari kutib turar edi (men violonchel chalishni o‘rganyapman)… Uyquga to‘ymasdim. Dadamga video-qo‘ng‘iroq orqali bog‘lanib, yig‘lar edim».

Jennifer Kulidj

Shuhrat cho‘qqisi, 7ladies.uz

Yoshi: 62 yosh

Tug‘ilgan joyi: Massachusets, AQSh

Ijro etgan rollari: 151

Jennifer Kulijni ishonch bilan yulduzlik onlarini “qaytardi” deya olamiz. “Oq nilufar” mini serialidagi zerikarli va tantiq boy merosxo‘r roli u uchun burilish yasadi. 2022-yilning oxirida yanada omadli bo‘lgan ikkinchi mavsum chiqdi, va unda ham unga asosiy qahramon yana nasib qildi. Bu juda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kulijning ijrosi hammani hayratga soldi. Uni doim komediya janrlarda ko‘rishga odatlanishgan, biroq dramatik janrdagi ijroni kutishmagan edi. “Oq nilufar” aktrisaga AQShning eng nufuzli televizion mukofotlari – “Emmi” va “Oltin globus”ni keltirdi. Critics Choice Awards 2023 taqdirlash marosimidagi nutqida Kulij rejissyor, loyiha muallifi va qadrdon do‘sti Mayk Vaytga minnatdorchilik bildirdi. Ushbu nutq eng ilhombaxsh iqtiboslar ro‘yhatidan alohida o‘rin egalladi.

«Yoshligimda mening katta orzu va istaklarim bor edi, ammo hayot ularni go‘yo uchirib yubordi. Siz Monakoning qirolichasi bo‘lishni orzu qilasiz, lekin boshqasi bu taxtga o‘tiradi. Keyin esa ulg‘ayasiz va fikrlay boshlaysiz: “Jin ursin, bundan so‘ng yana nimalar bo‘lar ekan?” Mayk Vayt, sen menga umid berding. Sen menga barchasini boshidan boshlash imkoniyatini berding. Sen hayotimni o‘zgartirding. Qo‘shnilarim yana men bilan salomlasha boshladi. Meni hech qachon bazmlarga taklif qilishmas edi, endi esa meni hamma taklif qilmoqda

Aytishimiz mumkinki, biz Jennifer Kulijning aktrisalik faoliyati burilishlarini kuzatayapmiz. “Oq nilufar”dagi muvaffaqiyatidan keyin uni ko‘proq suratga olish uchun taklif qilishmoqda va endilikda xuddi avvalgidek faqat komediya janrlari uchun emas. Mazkur yilda u hatto Time jurnalining talqiniga ko‘ra 100 ta eng nufuzli shaxslar ro‘yhatiga kiritildi.

Мargo Robbi

Shuhrat cho‘qqisi, 7ladies.uz

Yoshi: 33 yosh

Tug‘ilgan joyi: Kvinslend, Avstraliya

Ijro etgan rollari: 101

Margo Robbining allaqachon mashhurlikka erishgani haqiqat. U mashhur Gollivud aktyorlari bilan birgalikda ko‘pgina kinolarda suratga tushishga ulgurgan. Kim o‘ylabdi deysiz, uning o‘zi prodyuserlik qilgan filmidagi ishi muhokamalarga sabab bo‘lishini? Gap albatta “Barbi” haqida boryapti. Ushbu komediya va Robbining undagi ijrosi shov-shuvlarni yuzaga keltirdi! Biroq, kamdan-kam odam aktrisa bu roldan uzoq vaqt bosh tortganini biladi.  

Margo uchun prodyuser sifatida qatnashish muhimroq va qiziqroq edi, mashxur qo‘g‘irchoq qahramonini esa boshqa aktrisa ijro etishi kerak edi. Baxtga qarshi yoki baxtga ko‘ra, ish jadvali sababli yuzaga kelgan mojarolar tufayli film rejissyori Greta Gervig Margoni sahna ortidan chiqishiga ko‘ndirdi. Natija esa ajoyib! Film moliyaviy jihatdan eng muvaffaqiyatli kinolar ro‘yhatiga kirdi, Robbi esa feminizm harakatlarining qo‘mondoniga aylanishiga oz qoldi. Aktrisani “Oskar” mukofoti kutmoqda, degan gap-so‘zlar yuribdi. Ammo uning o‘zi “Barbi” filmi qachonlardir ekranlar yuzini ko‘rishiga hatto ishonmagan ham edi:

«Ssenariyni ilk bor ko‘rganimdayoq, bizga buni suratga olishga ruxsat berishmaydi, deb o‘yladim. Mening javobim esa shunday bo‘ldi: “Juda ajoyib! Ming afsuski, bu hech qachon ekran yuzini ko‘rmaydi, chunki bizga buni qilishimizga yo‘l qo‘yishmaydi”. Ammo bizga barchasi ruxsat berildi».

Margoning o‘rnida har qanday odam sikvel haqida va yanada ko‘proq daromadga erishishni o‘ylab qolgan bo‘lardi, lekin u davomini suratga olishda ma’no ko‘rmayapti. Intervyularning birida aktrisa film yaratuvchilari o‘z g‘oyalarini butunlay yetqizib berganini, demak, “Barbi”ning ikkinchi qismida Robbini asosiy qahramon sifatida kutmaslik kerakligini ishonch bilan aytib o‘tgan.

Текст: